Angliyada transfer oynasi yopilishi arafasida «Chelsi» Bilbaoning «Atletik» jamoasi darvozaboni Kepa Arrisabalagani o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Londonliklar ushbu kiper uchun 80 million yevro to‘lashdi.
Aslida Kepa kim? Quyida ushbu posbon bilan yaqindan tanishasiz.
U Yevroda g‘olib chiqqan, «Real»ga rad javobini berdi, chempion qushlarni boqadi. Endi esa jahonning eng qimmat darvozaboni.
Kepa aholisi 9 mingga yetmaydigan shaharchada tug‘ilgan. Bu - Ispaniyadagi Ondarroa munisipaliteti. Maydoni 3,6 kv.kmni tashkil qiladi. 2010 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, shaharchada atigi 8856 kishi yashaydi. Bilbaodan 41 kilometr uzoqlikda joylashgan. Kepa 9 yoshida «Atletik» akademiyasiga qabul qilingan.
U haftasiga ikki-uch marta Ondarroadan Bilbaoga taksida borardi. Oradan yetti yil o‘tib esa «Atletik»ning farm-klubi hisoblangan «Baskoniya»da debyut o‘yinini o‘tkazdi. Aytgancha, qahramonimiz akademiyada nafaqat darvoza, balki boshqa chiziqlarda ham o‘ynagan. Bir safar jamoadoshining jarohati bois maydonga tushib, ikkita gol urishga ham erishgan.
2012 yili Kepa Ispaniya terma jamoasi safida yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatiga yo‘l oldi. Xulen Lopetegi boshchiligidagi ispanlar guruhdan osonlik bilan chiqishdi. O‘shanda jamoa tarkibida Suso, Pako Alkaser, Saul va Xese kabi futbolchilar ham o‘ynashardi. Yarim finalda fransuzlar bilan 3:3 hisobini qayd etishgan.
O‘shanda fransiyaliklarning gollariga Yumtiti va Pogba mualliflik qilishgandi. Penaltilar seriyasida esa Kepa Yumtiti va Kondogbianing zarbalarini qaytarib, jamoasining finalga yo‘l olishiga ulkan hissasini qo‘shgan. Tallinda bo‘lib o‘tgan finalda ispanlar Xesening yagona goli evaziga Gresiyani mag‘lub etishgandi.
Arrisabalaga «Atletik»ning Ispaniya terma jamoasida o‘ynagan 100-futbolchisiga aylangan. Bu voqea o‘tgan yilning noyabrida yuz bergandi. Aynan Lopetegi Kosta-Rikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida Kepani asosiy tarkibda maydonga tushirgan. Malagada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ispaniyaliklar 5:0 hisobida g‘alaba qozonishgan.
Shu o‘rinda aytish joiz, Ispaniya termasiga «Atletik»dan ko‘ra «Barselona» va «Real» o‘yinchilari ko‘proq jalb etilgan. «Barsa»dan 129, «Real»dan 122 nafar. Boz ustiga, Kepa JCH-2018ga ham uchinchi darvozabon sifatida bordi.
O‘tgan mavsum «seyv»lar borasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Undan oldinda «Las-Palmas» (o‘rtacha 3,8ta «seyv»), «Valensiya» (3,3) va «Levante» (3,3) darvozabonlari borishmoqda. Kepaning o‘rtacha ko‘rsatkichi bitta o‘yinga 3,2ta «seyv»ni tashkil qiladi.
Umuman olganda, mavsum davomida «Atletik» posboni 96ta «seyv» qayd etgan. Shu zarbalarning 59tasi jarima maydoni ichidan, 32tasi jarima maydoni tashqarisidan va 5tasi darvozabon jarima maydoni ichidan berilgan.
Kepaning «Atletik» bilan shartnomasi 2018 yilning yozida niihoyasiga yetardi. 1 yanvardan u istagan klubi bilan muzokara olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. «Real» futbolchini yozda tekinga qo‘lga kiritishi mumkin edi...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.