Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

O‘zbek sportchilarining muvaffaqiyatlari siri nimada? (intervyu)

O‘zbek sportchilarining muvaffaqiyatlari siri nimada? (intervyu)

Baho:
+ | -

Joriy yil o‘zbek sporti uchun muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘lmoqda, deyish uchun to‘la asos yetarli. To‘g‘ri, hali mavsum yakunlanishiga ancha bor. Ammo 2018 yilgi musobaqalar taqvimidan o‘rin olgan eng nufuzli sport anjumani – Indoneziyada o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida atletlarimiz misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdiki, endi yilning qolgan qismida sportchilarimiz qanday natija qayd etishlaridan qat’iy nazar – mavsumni ijobiy baholashga haqlimiz. Quvonarlisi, sportchilarimiz shu tariqa istiqlolimizning 27 yillik to‘yiga munosib sovg‘a hozirlashdi. Zotan, bungacha O‘zbekiston sport delegasiyasi Osiyo o‘yinlarida olti marotaba ishtirok etgan bo‘lsa-da, hech qachon bu qadar yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritishmagan edi. Savol tug‘iladi: bu muvaffaqiyatlarimiz omili nimada? Shu maqsadda, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muhbiri O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise prezidenti Umid Ahmadjonov bilan suhbat uyushtirdi. Ushbu intervyuni to‘laligicha e’tiboringizga havola qilamiz.

— Umid Maxamatjonovich, xabaringiz bor, yaqinda Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ushbu musobaqada hamyurtlarimiz ham son, ham sifat borasidagi ko‘rsatkichlarini yaxshilashdi. Aytingchi, bu muvaffaqiyatlarning siri nimada? E’tibormi, moddiy manfaatdorlikmi yoki biz bilmagan boshqa omillar bormi?

— Buning hech qanday siri yo‘q, shunchaki tayyorgarlik bosqichiga jiddiy e’tibor qaratdik. Barcha sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz so‘nggi 3-4 oy ichida uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi. Orada esa xalqaro musobaqalarda toblanib borishdi. O‘z navbatida Milliy olimpiya qo‘mitasi sportchilarimizning Osiyo o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoitni yaratib berdi. Albatta, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rliksiz bunday natijalarga erisha olmasdik. Xabaringiz bor, mamlakatimizda sport taraqqiyoti, uning rivojlanishi shaxsan Prezidentimiz nazoratlarida turadi. So‘nggi 2 yil ichida sohani yanada rivojlantirish, xalqaro maydondagi g‘alabalar salmog‘ini oshirish, sportda boshqaruv tizimini takomillashtirish borasidagi davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmon va qarorlar biz – sport ahli uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Samarqand tumanida universal olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o‘tkazish markazi;

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Aziya-CHimgan” mehmonxonasi negizida milliy terma jamoalar uchun universal olimpiya tayyorgarligi markazi;

Jizzax viloyati Zomin tumanida “Aloqachi” sog‘lomlashtirish oromgohi negizida gimnastika sport turi bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi;

Namangan viloyati Chortoq tumanida serjantlar tayyorlash maktabi negizida sport o‘yinlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi;

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “Gulnora” sog‘lomlashtirish oromgohi negizida yakkakurash sport turlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi Milliy olimpiya qo‘mitasi ixtiyoriga o‘tkazib berildi. Aytmoqchi bo‘lganim sportchilarimizning Osiyo o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoit yaratib berildi. Bu qilingan mehnatlar samarasini esa Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlari ko‘rsatib berdi.

— Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo o‘yinlari yana shunisi bilan O‘zbekiston sporti tarixiga muhrlandiki, unda ilk bor milliy faxrimiz bo‘lgan KURASH rasman musobaqa dasturidan joy oldi. Bevosita jarayonlarni kuzatgan mutaxassis sifatida kurashning istiqbolini qanday ko‘ryapsiz?

— Avvalo shuni ta’kidlashni istardimki, milliy sportimizning Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin egallashi butun o‘zbek sportining ulkan yutug‘i bo‘ldi. 20 yil deganda Kurash nihoyat Osiyo o‘yinlari dasturiga kirdi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan Kurash qit’amizning eng nufuzli musobaqasida katta qiziqish va hayajon bilan qarshi olindi. Bu esa har bir vatandoshimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishi shubhasiz. Bevosita musobaqaga keladigan bo‘lsak unda o‘zbek o‘g‘il-qizlari yaqqol ustunlikka ega bo‘ldi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi aslida.

7 ta vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvlarning oltitasida oltin medallar o‘zbekistonlik polvonlarga nasib etdi. Osiyo o‘yinlari davomida Kurashning ommaviyligi, ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishni hisobga olib, Osiyo Olimpiya Kengashi rahbarlari navbatdagi musobaqalarda Kurash bo‘yicha bellashuvlar vazn toifalarini yettitadan 10 yoki 12 tagacha ko‘tarish taklifini bildirishdi. Demak, 2022 yilgi Osiyo o‘yinlarida Kurash bo‘yicha musobaqalar bundan-da ko‘proq vazn toifalarda o‘tkaziladi. Umid qilamanki, kelajakda Kurashni Olimpiya o‘yinlari dasturida ko‘rish ham bizga nasib etadi.

— Odatda Osiyo o‘yinlari yana ikki yildan keyin o‘tkaziladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Indoneziyada tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston sport delegasiyasi tarkibida Anton Fokin, Vadim Menkov, Oksana Chusovitina singari faxriy sportchilarimiz ham ishtirok etishdi va terma jamoamiz hisobiga o‘z medallarini qo‘shib qo‘yishdi. Ammo ularning yana ikki yildan keyin Tokio olimpiadasiga borish imkoniyati qay darajada va ularga munosib zaxira tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, darhaqiqat qanchalar achinarli bo‘lmasin vaqt baribir o‘z so‘zini aytadi. Siz sanab o‘tgan sportchilarning har biri o‘zbek sporti tarixida o‘chmas iz qoldirgan va biz buni yuksak qadrlaymiz. Indoneziyada biz tajriba va yoshlik shijoatini uyg‘unlashtirishga harakat qildik va buni uddalay oldik, deb o‘ylayman. Vadim Menkov haqiqiy professionallarga xos tarzda harakat qildi va yakunda oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo o‘yinlarining to‘rt karra g‘olibligiga sazovor bo‘lgan birinchi o‘zbek sportchisiga aylandi.

Oksana Chusovitinaning tajriba va irodasi oldida bosh egmay ilojimiz yo‘q. 43 yoshida hamon yuksak sport formasini saqlab turish, 16-17 yoshli raqiblar bilan bellashib, yana sovrinli o‘rinlarga ega chiqish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Oksana yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Shuningdek, AQSHda Xalqaro gimnastika federasiyasining “Shon-sharaf” zalidan o‘rin olgan. E’tiborlisi hamyurtimiz hali faoliyatini yakunlamay turib shon-sharaf zaliga kiritilgan dunyodagi birinchi gimnastikachi sifatida tarixga kirdi.

Jakartada Oksana o‘zining sevimli yo‘nalishi – tayanib sakrashda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Agar Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga qadar ana shunday yuksak sport formasini ushlab tura olishsa, biz bu sportchilarimizning Olimpiadada ishtirok etishlari uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Shu bilan birgalikda ushbu sportchilarimizni kelajakda ustozlik rolida ko‘rish istagimiz bor. Maqsadimiz ularni murabbiylik ishiga jalb qilib, ulkan tajribasidan foydalanish, yosh avlod tarbiyasini ularga ishonib topshirish va o‘zlariga o‘xshagan haqiqiy professional yulduzlarni yetishtirib berishlarini ta’minlashdan iborat. Zaxira masalasiga kelsak, sizni ishontirib aytamanki Tokio Olimpiadasida bir necha yangi nomlarni ko‘rasiz. Bu borada hozir katta hajmda ish olib borilmoqda. 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresda start oladigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari ham ko‘p narsaga oydinlik kiritib berishi kerak.

— Osiyo o‘yinlarida qaysi sport turlarida erishgan yutuqlarimizdan ko‘nglingiz to‘ldi, va aksincha, qaysi sport turlari hafsalangizni pir qildi?

— Bilasizmi, biz Osiyo o‘yinlarida bundan-da ko‘proq medallarga ega chiqishni, natijalarni bir muncha yaxshilashni maqsad qilib qo‘ygandik. To‘g‘ri, Indoneziyada biz Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi natijamizga erishdik, medallar sifati va soni bo‘yicha ham rekordlarni yangiladik. Ammo shunga qaramay ba’zi sport turlarida terma jamoamiz a’zolari kutilgan natijalarni ko‘rsata olishmadi. Masalan jiu-jitsu, penchak silat, o‘q otish, suv sporti turlari, qilichbozlik, triatlon kabi sport turlaridan ham medallar kutgandik. Lekin quvonarlisi shundaki, ushbu kemtik joylarni olimpiya sport turlarida vakillarimiz ko‘plab medallarga ega chiqib to‘ldirib berishdi. Boks, sport kurashlari, taekvondo WTF, baydarka va kanoeda eshkak eshish, og‘ir atletika, yengil atletika, akademik eshkak eshish, tennis, karate, dzyudo, badiiy va sport gimnastikasi kabi sport turlari ana shular jumlasidandir. Albatta, ular qatorida milliy sportimiz Kurash alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Polvonlarimiz Osiyo o‘yinlarida delegasiyamiz hisobiga 6 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza, jami 12 ta medal qo‘shib qo‘yishdi va umumiy muvaffaqiyatimizga katta hissa qo‘shishdi. Shuningdek, musobaqada sambochilarimiz ham barchamizni xursand qilishdi.

— Mamlakat futboliga javobgar shaxslardan biri sifatida Osiyo o‘yinlarida terma jamoamizning ishtirokiga qanday baho berasiz? Ravshan Haydarov shogirdlariga muxlislarimiz uzoq vaqtdan beri orziqib kutayotgan oltin medalni qo‘lga kiritishlari uchun nima yetishmadi?

— Janubiy Koreyaga qarshi kechgan chorak final uchrashuvini ko‘pchilik televizor orqali ko‘rgan bo‘lsa kerak. Biz o‘yinni bevosita stadiondan kuzatdik. Musobaqaning amaldagi chempioni bilan futbolchilarimiz tengma-teng kurash olib borishdi. Biz ikki marta hisobda ortda qolayotib, muvozanatni tiklashga erishdik, hattoki hisobda oldinga ham chiqib oldik. Ammo, kutilmaganda yo‘l qo‘yilgan xatolar bizga qimmatga tushdi. Ochig‘i o‘sha kuni futbolchilarimiz maydonda borlarini berishdi. Kuchli raqib qarshisida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi va g‘alaba uchun kurash olib borishdi. Ammo futbolda g‘alaba va mag‘lubiyat doimo yonma-yon yuradi. Afsuski shu kuni omad koreyalik futbolchilar tomonida bo‘ldi. To‘g‘ri, omad kuchlilarga kulib boqadi deyishingiz mumkin. Ammo biz hech bir jabhada raqibdan kuchsiz emasdik. Buni barcha ko‘rdi.

— Oldinda mamlakatimiz atletlarini Argentinada o‘tkaziladigan o‘smirlar o‘rtasidagi III yozgi Olimpiya o‘yinlari kutib turibdi. Mazkur musobaqaga tayyorgarlik qay darajada ketmoqda va unda sportchilarimiz imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

— III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik avj pallasida. Bu musobaqa biz uchun g‘oyatda muhim, chunki Argentinada bizning eng yaqin zaxiramiz ishtirok etadi. Quvonarlisi, yosh sportchilarimiz bu borada ham yangi rekord o‘rnatishdi. Ya’ni 2010 yili Singapurda bo‘lib o‘tgan I o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida 21 nafar hamyurtimiz ishtirok etgan bo‘lsa, 2014 yilda Nankinda 28 nafar o‘zbekistonlik sportchi g‘oliblik uchun kurash olib borgandi. Bu safar esa Argentinaga 36 nafar yoshlarimiz lisenziya qo‘lga kiritishgan edi. Bugun (17.09.2018y.) Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasi (AIBA) dan xushxabar keldi. Gap shundaki qizlar o‘rtasida boks bo‘yicha 51 kilogramm vazn toifasida Xursanoy Xolmatova ham Buenos-Ayres Olimpiadasiga lisenziya olibdi. Demak III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegasiyasi 37 nafar sportchi bilan ishtirok etadi.

Biz Buenos-Ayresda medallar soni va sifati bo‘yicha ham natijalarni yaxshilash niyatidamiz. Argentina arenalarida o‘zini har tomonlama ko‘rsatadigan sportchilarimiz nasib qilsa yana 2 yildan so‘ng Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilish imkoniga ega bo‘ladi. To‘rt yillik siklda biz olib borayotgan ishlarning barchasi kunchiqar yurtda tashkil etiladigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etish, natijalarni yanada yaxshilash, jonajon diyorimizni butun dunyoga mashhur qilish, oltin va kumush medallar bilan biz uchun duoda bo‘lib turgan xalqimiz va Prezidentimizni xursand qilishga qaratilgan.

Manba: ufa.uz
Kiritildi: 18:06, 18.09.2018.
O'qildi: 2538 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.