Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«UYAT, «NAVBAHOR»!

«UYAT, «NAVBAHOR»!

Baho:
+ | -2

Xabaringiz bor, yaqin kunlarda Namanganning “Navbahor” klubi atrofida futbolchi Ro‘zim Ahmedov va murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilikka oid bir nechta audio yozuv va maqolalar e’lon qilindi.

Eng qiziqarlisi, Ro‘zim Ahmedov va Ilhom Mo‘minjonov ham bir-biri haqida shunday so‘zlarni gapirganki, bu so‘zlarni kimdir o‘ylab chiqmagan, yoki osmondan shunchaki tushib qolmagan. Futbolchi ham murabbiy ham qanchalik alamzada ekanligi va nimalar bo‘layotganini o‘z og‘zi bilan baland ovozda “sayragan”.  

Futbolchi yaqiniga, murabbiy jurnalistga dardini doston qilgisi kelgan. Natijada, ular aytgan nomaqbul va ahloq-odob qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan (xaromi, iflos, o‘g‘ri, uni itga ham kerak bo‘lmaydi) so‘zlari O‘zbekistondagi internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqib, muxlislar o‘rtasida bir qancha bahs va munozaralarni keltirib chiqardi.

Hatto, Mo‘minjonov bugun bergan intervyusida klub rahbariyatini ishini tanqid qilib, ular “faqat amal uchun ishlaydi” deya jar solgan edi. Ilhom Mo‘minjonov aytgan so‘zlaridan 24 soat ham o‘tmasdan, bugun “Navbahor” klubi tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Xayrulla Bozarov, viloyat futbol assosiasiyasi vise-prezidenti Shamshod Sarikovlar ishtirok etdi.

Rasmiyatchilik yuzasidan o‘tgan yig‘ilishda aynan so‘nggi kunlarda OAV va futbol jamoatchiligining asosiy mavzusiga aylangan Ahmedov – Mo‘minjonov mojarosi o‘rtaga tashlandi. “Navbahor” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, klubda hammasi zo‘r! Ustiga-ustak, bu xabarlar hech qanday asosga ega emasligi keltirib o‘tilgan.

Savol: Mantiq qani? “Asosga ega emas” so‘zi qo‘shilgan axborot yoki ma’lumot bu umuman “yo‘q”ni “bor” aksincha “bor”ni “yo‘q” deya ko‘rsatilgan, xullas yolg‘on axborot turiga kiradi. O‘ylaymanki, siz meni mendan ham yaxshi tushundingiz.

Murabbiy Ilhom Mo‘minjonov esa bugun ham kutilmagan chiqish qilib, rahbariyat haqida aytgan so‘zlari (YAngi rahbariyat menga qarshi. Viloyat hokimidan tashqari. Ular klub uchun ishlamayapti, ular faqat amal uchun ishlayapti) ni xaddan tashqari ehtirosga berilib ketganligi bilan izohlash bilan yengilgina qutuldi.

Shogirdini sudga berib, kerakli jazo olishini istagan Mo‘minjonovning ko‘ngli bir kunda yumshadi. U endi Ro‘zim Ahmedovni sudga bermaydi. Lekin, kim bilsin deysiz, murabbiy yana bugundagi kabi o‘z qarorini o‘zgartirishi mumkin. Xullas, “aytdim-qaytdim”, “kimningdir buyrug‘i” yoki yuzxotiralik yuzasidan Mo‘minjonov Ahmedovni rasman kechirdi.

SUD BO‘LMAYDI, URAAA!

Yig‘ilishda Ro‘zim Ahmedov ham so‘zga chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gaplariga izoh berdi. Futbolchi o‘ziga yaqin bo‘lgan kishilardan biriga murabbiy uni maydonga tushirmayotganligi sababli alam ustida aytganligini gapirib, yig‘ilish qatnashchilaridan uzr so‘radi.

Shuningdek, Ro‘zim Ahmedov bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovni har qanday o‘yindan oldin jamoani faqat g‘alabalar sari chorlaganligini e’tirof etib, yolg‘on ma’lumotlar uchun undan uzr so‘radi.

“Yolg‘on ma’lumotlar”? Qisqasi, audio yozuvda Ro‘zim Ahmedov ekanligi 99,9 foizga aniq ekanligi aytilgan hujumchi shunchaki uzr so‘rash bilan cheklandi. Bo‘ldi!

“Xaromi”, “iflos”, “isqirt” va “o‘g‘ri” deya haqoratlangan Mo‘minjonov shu so‘zlarni o‘z og‘zi bilan aytgan Ahmedovni kechirdi va yig‘ilish so‘ngida u bilan birga suratga ham tushishni yoddan chiqarmadi. Ilhom Mo‘minjonovning qandayin “kechirimli” inson ekanligiga qoyil qolmasdan boshqa iloj yo‘q. “Respekt – Ilhom Mo‘minjonov”.

Hurmatli, “Navbahor” matbuot kotibiyatida mehnat qilayotgan hamkasblar sizlarga aytarim shuki, biz OAV asossiz ma’lumotlarni deyarli foydalanuvchilarga taqdim etmaymiz. Chunki, sizlar kabi asossiz yangiliklarga ketkazgan vaqtni bir nechta asosli va ishonarli xabarlarga sarflashni afzal bilamiz.

Ro‘zim Ahmedov va Ilhom Mo‘minjonovning og‘zidan chiqqan so‘zlari qanchalik rost yoki yolg‘on ekanligini butun futbol ahli ko‘rishga ulgurdi, nafaqat ko‘rdi, bu insonlar haqida o‘z tushunchasiga ega bo‘ldi.

Asosiysi, yig‘ilishning yakunida ikki sport ustalarining bir-biri bilan g‘ij-g‘ijlashiga  barham berildi. Bu voqeadan albatta, xursandmiz.

Lekin so‘zimiz so‘ngida shuni aytamizki, murabbiyini haqorat qilishdan oldin o‘ylamagan, klub sirini moddiy manfaat uchun ommaga e’lon qilgan Ro‘zim Ahmedov, bir kun avval klub rahbariyatini “yomon otliq”qa chiqarib, yana bir kun o‘tib yarashgan, jasurlik hissi uyg‘onib kelajakdagi sudni bekor qilgan Ilhom Mo‘minjonov, haqiqatni oshkor qilgan OAV (internet sayt) ni yolg‘on va asossiz xabar tarqatishda ayblagan klub matbuot xizmati xodimlari, shunday muxlisi ko‘p va e’tibordan doim chetda qolmaydigan “Navbahor”da bo‘layotgan ishlardan vaqtida xabar topmagan jamoa rahbariyatiga UYAT! “Navbahor” – UYAL!

Akmal Eshonxonov

Kiritildi: 21:49, 26.09.2018.
O'qildi: 14165 marta.
Fikrlar: 11 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.