Argentinadagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining og‘ir atletika bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Dolera Davronova muvaffaqiyatdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«2018 yil men uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldim va o‘smirlar Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdim. Biroz hayajon bo‘ldi. Yuqori saviyada ishtirok etmoqchi edim. Ammo, sportda barcha narsa bo‘ladi.
Mana shunday musobaqada sovrindor bo‘lib, shohsupaga ko‘tarila olganimdan juda xursandman. Raqiblarim kuchli edi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan tailandlik raqibam yil davomida umuman musobaqalarda ishtirok etmadi va faqat Olimpiya o‘yinlariga tayyorlandi. Ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan turkiyalik sportchiga esa 1 kg farq bilan mag‘lub bo‘ldim.
Fursatdan foydalanib birinchi murabbiyim Mahmud Tog‘ayevga, shuningdek Bahrom Mendiboyevga, ota-onamga minnatdorchilik bildiraman. Kelajakda yurtimiz bayrog‘ini bundanda balandlarga ko‘tarishga harakat qilaman», – dedi Davronova.