Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Ektor Kuper falsafasini anglash

Ektor Kuper falsafasini anglash

Baho:
+ | -

Ektor Kuperning O‘zbekiston termasi bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatiga ham asta-sekin ko‘nikib boryapmiz.

Milliy jamoamiz argentinalik mutaxassis qo‘l ostida to‘rtta o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Mazkur uchrashuvlarda qayd etilgan natija, tanlangan tarkib, futbolchilar tomonidan ko‘rsatilgan o‘yin barchada turlicha fikr uyg‘otdi.

Kimgadir yoqdi, kimgadir esa yo‘q. Hattoki, muxlisu mutaxassislar orasida «Rossiya termasi singari tarkibni to‘laligicha o‘zgartirish darkor, shundagina xorijlik murabbiy qo‘l ostida ijobiy natijaga erishishimiz mumkin», degan fikrni ilgari surganlar ham topildi. Ammo o‘tgan vaqt davomida ko‘rdikki, Kuperning bu borada o‘z qarashlari va rejalari bor.

Sentyabrda o‘tkazilgan dastlabki yig‘in doirasidagi Suriya va Eron termalariga qarshi bahsda maydonga tushgan tarkib yorqin o‘yin namo-yish etolmagach, besabr muxlislarning hafsalasi pir bo‘lgani ayni haqiqat. Ayrimlar esa argentinalik mutaxassisga biroz vaqt kerakligini ta’kidlab, sabr qilishga chorlashdi. Mana, oktyabr oyidagi yig‘in doirasida o‘zgarishlar asta-sekin ko‘zga tashlandi. Demak, futbolchilar xorijlik murabbiyning talablarini tushunib, uning uslubiga moslashib borishmoqda.

Xo‘sh, o‘tgan qisqa davr mobynida janob Kuper o‘zbek futboli haqida qanday tasavvurga ega bo‘ldi-yu, kelajakka qanday rejalar tuzmoqda? Har holda, BAAda o‘tadigan qit’a birinchiligi boshlanishiga ham tobora oz fursat qolmoqda.

- Osiyo kubogida asosiy maqsad - albatta, chempionlik, - dedi Kuper hamkasblarimiz bilan suhbatda. - Biz musobaqaga optimistik ruhda yondashamiz. Avvaldan biror natijaga erishish haqida gapirish noto‘g‘ri. Asosiysi, qit’a chempionatida imkon qadar yaxshi ishtirok etmoqchimiz. Jamoamizda, avvalo, tartib o‘rnatamiz. Shundagina oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga kirishsak bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, argentinalik mutaxassis uchun Osiyo kubogida qayd etiladigan natijadan ko‘ra, birinchi navbatda, jamoada tartib o‘rnatish muhimroq. Albatta, tartib o‘rnatilgan joyga g‘alabalar ham asta-sekin kelaveradi. Buni biz Eron termasi misolida ko‘rdik.

Kuper milliy jamoamiz tarkibini shakllantirishda ham o‘ziga xos yo‘ldan bormoqda. Ya’ni termamizda avvallari e’tibordan chetda qolib ketgan futbolchilarni ko‘ryapmiz. Shuningdek, «qariya»larga ham ishonch bildirmoqda. Vaholanki, ularning ayrimlari yoshlari o‘tib qolishi sababli JCH-2022da qatnashmasliklari deyarli aniq.

- Avlodlar almashinuvi hech qachon birdaniga amalga oshmaydi. To‘g‘ri, tarkibimizdagi futbolchilarning aksariyati keyingi mundialda qatnashmasliklari mumkin, ammo qit’a musobaqalari va JCH saralashida ularning yordamlari tegishiga ishonaman. Yoshlar safida yaxshi o‘yin ko‘rsatganlarning esa milliy termaga qanchalik kirishib ketishlarini vaqt ko‘rsatadi. Ya’ni, boshqa jamoada barqarorlikka erishish asosiy termada ham ko‘ngildagidek to‘p surish mumkinligini anglatmaydi. Yoki aksincha, o‘z klubida o‘yini qovushmagan futbolchi bosh jamoada ochilib ketishi mumkin.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Ektor Kuper qo‘l ostidagi futbolchilar orasida yaqqol yetakchi yo‘q. Argentinalik murabbiy ishonchini oqlamagan shogirdini istalgan paytda ro‘yxatdan o‘chirishi yoki hech kim taxmin qilmagan futbolchini termaga taklif qilishi mumkin. Demak, voqealarning shunday rivoj olishiga tayyor turishimiz lozim.

Ektor Kuper mahalliy murabbiylar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamdan minnatdor. Ammo hozircha futbolimizning yetuk mutaxassislarini o‘z shtabiga qo‘shish bo‘yicha bir to‘xtamga kelmaganini ta’kidladi: «O‘zbekistondagi barcha murabbiylarning fikrlarini eshitishga tayyorman. Ular mendan ko‘ra futbolchilarni yaxshiroq bilishadi. Lekin hozircha murabbiylar shtabiga mahalliy mutaxassisni qo‘shish haqida aniq fikr bildirolmayman».

Darhaqiqat, Kuperga o‘zbekistonlik murabbiylarning yordamlari asqotishi tabiiy, zero ular mahalliy futbolchilarni nisbatan yaxshiroq bilishadi, qanday salohiyatga ega ekanliklaridan xabardorlar.

Milliy jamoamizning keyingi yig‘ini xorijda, aniqrog‘i, Avstraliyada tashkil etiladi. Kuper «yashil qit’a»da o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar va Janubiy Koreya termasiga qarshi kechadigan nazorat-sinov uchrashuvi futbolchilarning yangi iqlimga moslashishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Qolaversa, kuchli raqibga qarshi o‘yinda shogirdlarining jismoniy holatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyati tug‘iladi.

Sir emaski, avvalgi jahon chempionatlari saralashlarida qatnashgan termamizda ko‘pchilik qayd etgan kamchilik kuzatilardi - hal qiluvchi pallada futbolchilarga ishtiyoq yetishmay, o‘yinni bo‘shashtirib yuborishadi. Vaholanki, milliy jamoa sharafini himoya qilayotgan har bir shaxs vatan tuyg‘usini his qilib, borini yashil maydonda tashlab ketishga shay turishi lozim. Avvalgi ishlagan jamoalarida sezilarli yutuqlarga erishib, katta tajriba to‘plagan Ektor Kuperning ushbu masalada ham o‘z qarashlari mavjud: «Milliy jamoa barcha narsadan ustun. Har bir o‘yinchi terma uchun borini berishi shart. Futbolchilar hech qachon o‘z manfaatini bosh jamoadan ustun qo‘ymasligi lozim».

Himoyaviy taktikani xush ko‘rishda ayblangan Ektor Kuperning hujumkorlikni ham unutmayotganini biz KXDR va Qatar termalariga qarshi kechgan uchrashuvlardagi g‘alabalar zamirida ko‘rib oldik. Vaqt o‘tgani sari, milliy jamoamizdagi holat ijobiy ko‘rinish olmoqda, futbolchilar argentinalik mutaxassisning nima xohlayotganini asta-sekin tushunishmoqda.

Shunisi aniqki, so‘nggi uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar murabbiy va futbolchilarni tanqid qilish yoki ko‘klarga ko‘tarib maqtash uchun yetarli emas. Shunday ekan, xulosa chiqarishga shoshilmaymiz-da, Kuperning faoliyatini kuzatishda davom etamiz.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:39, 24.10.2018.
O'qildi: 3918 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.