Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

YouTube vositasida yuksalish yoki internet olamining mundialga sovg‘asi

YouTube vositasida yuksalish yoki internet olamining mundialga sovg‘asi

Baho:
+ | -

Sayyoramizdagi eng ulkan va bepoyon mamlakat hududida tashkillashtirilgan JCH-2018 futbol olamiga unutilmas taassurotlarni tortiq etdi: rossiyalik fuqarolar millionlab xorijlik muxlislar bilan tanishib, fikr almashishdi, qiziqarli va murosasiz bahslarni qizg‘in muhokama qilishdi. Ha, hozir o‘sha betakror bayram shukuhidan faqat yorqin xotiralar qoldi - futbolchilar allaqachon klubdagi ishlariga sho‘ng‘idilar, murabbiylar yangi turnirlarga reja tuza boshladilar. Xullas, Nikolskaya ko‘chasi mundial kunlarida bo‘lgani kabi gavjum emas, Moskva metrosining har qadamida sombrero ko‘zga tashlanmayapti... Oddiy aytganda, hammasi tarix sahifalariga ko‘chdi. Diqqatga sazovor tomoni, fan va texnikaning so‘nggi yutuqlaridan biri sanalgan ijtimoiy tarmoqlar ham bu safar 4 yillikning yirik futbol forumiga o‘z hissasini qo‘shdi. Aniqroq ifoda etsak, «Uigan Atletik» klubi yarim himoyachisi Sem Morsi aynan YouTube kanali orqali namoyish etilgan videolavhalar tufayli Misr terma jamoasi safiga kirdi va Rossiya mundialida maydonga ham tushdi...

TUSHGA HAM KIRMAGAN TARIXIY DEBYUT

Angliyada dunyoga kelgan misrlik futbolchi Urugvay termasiga qarshi kechgan uchrashuvda ilk marta «fir’avnlar» libosida maydonga tushdi. Bunaqa debyutni uning o‘zi ham tasavvur qilolmagan bo‘lsa kerak. Ha, bu buyuk orzuning qo‘qqisdan ro‘yobga chiqishidir. Sem mundial startidan 1 oy muqaddam ham «Uigan»ning Angliya chempionati tizimida 3-o‘rinda turuvchi ligadan bitta yuqori dizizionga ko‘tarish ilinjida bor kuch-mahoratini sarflayotgandi. Alohida qayd etish kerak, Morsi klub o‘yinlarida tinmay sariq kartochka olsada, o‘z zimmasidagi vazifalarni sifatli bajarardi.

ARAB TILI VA AVLODLARIGA HURMAT

Vulverxemptonda, misrlik yigit va angliyalik ayol oilasida dunyoga kelgan 27 yoshli futbolchi JCH arafasida britaniyalik muxbirga intervyu berar ekan, arab tilini bilmasligini mulzamlik bilan tan olgandi. Shu bois, JCH payti terma jamoa mutasaddilari Morsiga shaxsiy tarjimon biriktirishdi. Xullas, «Uigan» vakili mashg‘ulotlar jarayoni va uchrashuvlar chog‘i murabbiy ko‘rsatmalarini tilmoch orqali oldi. Sem hattoki, tarjimondan biroz o‘pkalangan edi: «U shu qadar ehtirosliki, ko‘rsatmalarni tushuntira turib, gohida juda qizishib ketadi». Asosiysi, mundialdagi ishtiroki tufayli oila a’zolariga unutilmas bayram hadya etgan Sem endi har hafta repetitor yordamida arab tili va avlodlari yurti tarixini o‘rganmoqda.

«SHAHZODALAR» ORASIDAGI «ZOLUSHKA»

Morsi bepoyon rus o‘lkasiga Misr terma jamoasi tarkibidan o‘rin olgan Angliya klublarining 7 nafar vakilidan biri sifatida tashrif buyurdi. Albatta, u Muhammad Saloh, Muhammad al Nenni, Ahmad Xegazi va Ahmad al Muhammadi kabi «shahzodalar» orasida barcha uchun eng notanish yigit edi. Qisqasi, mundialda «Zolushka» maqomida o‘ynadi. «Bir safar jamoadoshim Mahmud Trezege bilan hazillashib, arab tilida so‘z qotdim: «Faqat haqiqatni gapiraman, boshqasini bilmayman». Shunda ingliz tilini mukammal biladigan Kuka suhbatdoshimdan so‘radi: «Sem nima deganini tushundingmi?» Mahmud esa bunga javoban shunday dedi: «Albatta. Sem faqat tishlari orasidan gapira olar ekan...». Morsi garchi  Misrdan ancha olisda tug‘ilgan bo‘lsada, terma jamoa vakillari uni juda samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olishdi. May oyida qarama-qarshi qutblarda turgan ikki futbolchining sanoqli kunlardan so‘ng yonma-yon turishi  ajablarli hol edi - Saloh CHLda «Real»ga qarshi kurashayotgan pallada Sem qadim Britaniyaning notanish maydonlarida «Uigan»ni Chempionshipga olib chiqish uchun jon kuydirayotgandi...

BARCHASI VIDEOLAVHA TUFAYLI...

Sem Morsining Misr termasi tarkibidan joy olish tarixi komik tabiatga ega sport mavzusidagi biror filmga bemalol ssenariy bo‘lishga arziydi. Gap shundaki, vulverxemptonlik sobiq pissa sotuvchisining o‘g‘li baxtli tasodif tufayligina Ektor Kuper e’tiboriga tushdi. Aslida O‘zbekistonga kelishidan oldin «fir’avnlar»ga ustozlik qilgan argentinalik mutaxassis Angliyada misrlik tayanch yarim himoyachisi to‘p surayotgani haqida ham hech narsa bilmasdi. Xullas, Kuperning yordamchisi Usama Nabih Angliya uchinchi divizionida o‘ynayotgan Morsi o‘yinlaridan yozib olingan lavhalarni internet tarmog‘ida ko‘rib qoladi. Semning Angliyadagi faoliyatini uzoq vaqt diqqat bilan kuzatgan Vazim Ahmad (lavhani joylashtirgan jurnalist) 2015 yiliyoq xuddi Nostradamus kabi uning tez orada Misr milliy jamoasi tarkibidan joy olishini bashorat qilgandi. Qarangki, jurnalist taxmini amalga oshdi. To‘g‘ri, o‘zi aytgan vaqtda emas, balki keyinroq. Xullas, u 3 yilga adashgan ekan...

MISR TERMASIDA O‘YNASH ORZUSI

Yana bir e’tiborni tortadigan tomoni shuki, Sem Misr milliy jamoasi libosini kiyishni bolaligidan orzu qilganini ko‘p bora ta’kidlagan. Hattoki, qadrdon klubi - «Vulverxempton» tomonidan «Port Veyl»­ga quvg‘in qilinganida ham, asosiy maqsadidan chekinmadi. «24 yoshimgacha na o‘smirlar va na yoshlar terma jamoasida o‘ynaganman. Navqiron erkakka aylanganimdan keyin dabdurustdan mamlakat bosh jamoasi safidan joy olganimga hanuzgacha ishonolmayapman. Islom diniga e’tiqodim baland va hozirda menga kuchli ta’sir ko‘rsatgan arab madaniyatini o‘rganyapman. Misr fuqarolari futbolni qattiq yaxshi ko‘rishlarini bilardim. Lekin futbolchi faqat terma jamoada o‘ynash orqali daho darajasiga ko‘tarilishini endi tushundim...», - deydi yarim himoyachi.

AKALARI BILAN RAQOBAT

Sem - Morsilar oilasining kenjatoyi. To‘ng‘ich akasi - Devid shaxsiy mehmonxona sohibi bo‘lsa, Damyen izquvar (detektiv), Nodir esa Qohira universitetida arab madaniyati va Islom taraqqiyoti yo‘nalishida tahsil olmoqda. Kenja Morsi akalarining yutuqlariga havas bilan boqadi. U shuning barobarida futbolchilik faoliyatini tugatganidan keyin ruhshunoslik ixtisosi bo‘yicha saboq olishni rejalashtirib qo‘yganini yashirmaydi.

CHIPTANI NAQD QILGAN GOL GUVOHI

Sem Morsi Misr termasiga JCH-2018 yo‘llanmasini tortiq etgan o‘yin­ni bevosita tomosha qilgan baxtli kishilardan biridir. Xullas, u 28 yillik tanaffusdan so‘ng qo‘lga kiritilgan natijani ta’minlagan Muhammad Salohning 90+5-daqiqada urgan goliga tirik guvoh bo‘ldi. Sem shuningdek, Rossiya safari arafasida milliy jamoa darvozaboni haqida ham katta hurmat bilan gapirgandi: «Essam al Haddori - misrlik Tom Kruz. U gazli ichimliklar reklamasida tez-tez suratga tushadi. Asosiysi, 45 yoshni urib qo‘ygan bo‘lsada, o‘zini 25 yoshli yigitdek tutadi. Qoyil. Essam o‘ta ajoyib inson va Afrika futboli dahosi!»

SARIQ KARTOCHKALAR KOLLEKSIONERI 

Ha, 2018 yil asli misrlik tayanch yarim himoyachisi uchun eng yorqin mavsum bo‘ldi. Zarur payt markaziy yarim himoyachi vazifasini ham risoladagidek uddalaygan Sem «Uigan»ning Chempionshipga ko‘tarilishiga munosib ulush qo‘shdi. To‘g‘ri, raqibga yon berishni sira yoqtirmaydigan izzattalab futbolchi mavsum davomida 12ta sariq kartochka olib, antiqa kolleksiya sohibiga aylandi. Lekin fakt shuki, jamoa yetakchisi maqomiga yarasha munosib o‘ynadi.

99TA O‘YIN

Morsi faoliyatining dastlabki yillari hujumga ko‘proq qiziqqan, masalan, «Chesterfild» libosida 99 marta maydonga tushib, 7ta gol urgan. Pol Kuk «Uigan»ga bosh murabbiy etib tayinlangach, eski qadrdonini yoniga chorladi. Hozir jamoa ortda qolgan 13ta turdan keyin 20 ochko to‘plagan holda, 8-o‘rinda bormoqda. Sem esa muvaffaqiyatli faoliyatini davom ettirmoqda. To‘g‘ri, tajovuzkorlik va qo‘pollikdan ham forig‘ bo‘lganicha yo‘q. Darvoqe, u Urugvay termasiga qarshi kechgan o‘sha bellashuvda ham (93-daqiqada) sariq kartochka bilan «siylangan» edi. Asosiysi, yarim yil avval Chempionshipni eng baland nuqta sifatida ko‘rgan futbolchi har 4 yillikning bosh musobaqasida «fir’avnlar» safida bo‘ldi. Ko‘pchilik kasbdoshlari uchun armon sanalgan yuksak parvoz. YouTube vositasida yuksak parvoz!!!!

ma’lumot uchun

Sem Said MORSI

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1991 yil 10 sentyabr, Vulverxempton (Angliya)

Fuqaroligi: Misr, Angliya

Bo‘yi: 175 sm. Vazni:78 kg.

Pozisiya bo‘yicha: yarim himoyachi

Klubi: «Uigan Atletik»

O‘yinchilik raqami: 5

FAOLIYATI

1999—2008 - «Vulverxempton Uonderers» (yoshlar)

2008—2009 - «Port Veyl» (yoshlar)

2009—2013 - «Port Veyl», 71ta o‘yin, 4ta gol

2013—2016 - «Chesterfild», 99ta o‘yin, 7ta gol

2016—... - «Uigan Atletik», 81ta o‘yin, 5ta gol

2016—2017 - «Barnsli», 14ta o‘yin

S.Rahmonov tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:28, 03.11.2018.
O'qildi: 2241 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.