Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Murodjon Toshmatov: «Superliga-2018 menda katta taassurot qoldirmoqda»

Murodjon Toshmatov: «Superliga-2018 menda katta taassurot qoldirmoqda»

Baho:
+ | -

2018 yilgi milliy chempionatimiz avvalgilaridan ancha farqli tarzda o‘tib bormoqda. Yangicha format, o‘yin tashkilotchiligi borasidagi yangiliklar bilan boshlangan PEPSI  Superliga tez orada o‘z g‘olib va sovrindorlarini aniqlab oladi. 

"Bunyodkor" jamoasining yetakchilaridan biriga aylanib ulgurgan Murodjon Toshmatov PFL rasmiy saytiga 2018 yilgi mavsumdan taasurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

- Joriy yilgi mavsum sizda qanday taassurot qoldirmoqda?

 - Avvalambor, shuni aytishim kerakki bu yilgi mavsum ancha qiziqarli o‘tmoqda. Ushbu mavsum avvalida "Bunyodkor" klubiga o‘tdim va yangi klubda yangicha formatdagi chempionatda o‘ynash shaxsan o‘zimda katta taassurot qoldirmoqda. Shuningdek, musobaqaning Superliga deb nomlanishi, ikki bosqichdan iborat chempionat biz futbolchilar uchun ham o‘ziga xos tajriba bo‘ldi.

 - Joriy yildan e’tiboran milliy chempionatimizda amalga oshirilib kelinayotgan yangiliklar, o‘zgarishlar haqida fikringiz...

 - To‘g‘ri, ushbu mavsumda muxlislar uchun yanada qulayliklar yaratish, muxlislarni stadionga qaytarish uchun juda ko‘plab ishlar qilindi va qilinmoqda. Futbolimiz rivoji uchun qilinayotgan bunday harakatlarni qo‘llab-quvvatlayman. Shuni alohida ta’kidlamoqchi edimki, stadionlarda bu yildan e’tiboran oilaviy sektorlarning tashkil qilinishi ham muxlislar uchun o‘yinlarni oilaviy ko‘rishni xohlovchilar uchun yaxshigina yangilik bo‘ldi. Muxlislarning stadionni to‘ldirib turishi biz futbolchilarga ham o‘zgacha ilhom bag‘ishlaydi. Sababi futbol muxlislar uchun o‘ynaladi, shu qatorida "Bunyodkor" ham muxlislar uchun o‘ynaydi. Stadionga qancha muxlis ko‘p kelsa, futbol ham shuncha qiziqarli bo‘ladi.

 - Yana qanday yangiliklar sizga ma’qul keldi yoki aksincha uncha xush kelmadi?

 - Avvalgi mavsumlarda asosan poytaxtdagi o‘yinlar, ayrim hollarda esa voha yoki vodiy derbilari TV orqali namoyish etilgan bo‘lsa, ushbu mavsumdan boshlab barcha o‘yinlar TV orqali namoyish etilmoqda. Ko‘pchilik o‘yinlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda. Bu ham futbol ishqibozlariga, o‘yinni stadiondan ko‘rish imkoniyati bo‘lmagan yoki jamoasi mehmonda o‘ynayotgan klublar ishqibozlariga qulaylik yaratadi. Ko‘pchilik xotin-qizlar ham futbol ishqibozi, ularning barchasi stadionga borib kuzatish imkoniyati yo‘q, o‘yinlarning TVdan olib ko‘rsatilishi ayollarimizning ham bemalol futbol ko‘rishi uchun imkoniyat desak bo‘ladi.

 - Sekin-asta mavsum yakunlanib bormoqda. O‘z o‘yiningiz va jamoangiz natijalaridan ko‘ngil to‘lyaptimi?

 - Mavsum shaxsan o‘zim uchun yaxshi o‘tdi. Yangi klub, yangi sharoitlar, yangi jamoadoshlar va yangicha chempionat: bularning hammasi ushbu mavsum men uchun alohida ahamiyatga ega ekanligidan dalolat. "Bunyodkor" bir necha marta O‘zbekiston chempioni, kubok egasi bo‘lgan. Jamoam qayd etayotgan natijalardan kelib chiqsak ushbu natija men uchun yangilik, lekin klub uchun emas. O‘zimiz ishtirok etayotgan barcha musobaqalarda sovrinlarga ega chiqishni maqsad qilgan edik, lekin ayrim o‘yinlarda o‘zimizning xatolarimiz, ayrim joylarda esa omad bizdan yuz o‘girganligi sababli afsuski hozirda bronza medallar uchun kurashyapmiz. Qolgan o‘yinlarda maksimal darajada ochko olishga va mavsumni sovrindorlar qatorida yakunlash uchun kurashamiz. 

"Bunyodkor" jamoasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 20:51, 10.11.2018.
O'qildi: 3215 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.