Xabaringiz bor, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov avgust oyida Turkiyada Butunjahon etnosport konfederasiyasi rahbari, Kamonchilar fondi vasiylik kengashi raisi, Turkiya yoshlar fondi Oliy maslahat kengashi a’zosi Najmiddin Bilol Erdogan bilan uchrashuv o‘tkazgan va kamondan otish sport turi bo‘yicha hamkorlikni o‘rnatish, aloqalarni yanada mustahkamlash, ushbu sport turiga oid bir qator masalalarni muhokama qilishgan edi.
So‘ngra, oktyabr oyida O‘zbekiston kamondan otish federasiyasi raisi Otabek Imomov hamkorlik rishtalarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Turkiyada mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, mamlakat kamondan otish federasiyasi rahbari Ug‘ur Erdener bilan uchrashgan va bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, Turkiyada faoliyat olib borayotgan murabbiylar O‘zbekistonga tashrif buyurib, sportchilarimiz uchun mashg‘ulotlar, mahorat saboqlari tashkil etib berishlari lozim edi. Shuningdek, seleksiya masalasida ham ular murabbiylarimizga yaqindan yordam berishlari bo‘yicha kelishib olingandi.
Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq, ayni paytda Turkiyada faoliyat olib borayotgan gruziyalik murabbiy, Olimpiya o‘yinlari, Jahon va Yevropa chempionati sovrindorlarini tarbiyalagan mutaxassis Vladimir Lekvishvili kuni kecha yurtimizga tashrif buyurdi va Milliy olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi. MOQda u Bosh kotib Jasur Matchanov va O‘zbekiston kamondan otish federasiyasi raisi Otabek Imomovlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar kamondan otish sportining O‘zbekistondagi holati, sportning ushbu turini rivojlantirish bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gaplashishdi. Jasur Matchanov mehmonga O‘zbekistonda kamondan otish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va rejalar haqida gapirib berdi. Shuningdek, sportning ushbu turi bo‘yicha Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlari lisenziyasini qo‘lga kiritish bugungi kundagi dolzarb masala ekanligini aytib o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida Jasur Matchanov an’anaga ko‘ra murabbiyga Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan esdalik sovg‘asini taqdim etdi.
Qayd etish lozimki, 12 – 17 noyabr kunlari Samarqand shahrida kamondan otish bo‘yicha Milliy olimpiya qo‘mitasi sovrini uchun O‘zbekiston ochiq kubogi tashkil qilinadi. Murabbiy ertaga start oladigan musobaqaga tashrif buyuradi va seleksiya masalalarida terma jamoamiz murabbiylariga yordam beradi. Shuningdek, sportchi va murabbiylar uchun master-klass ham o‘tkazadi.