Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xitoydagi buyuk inqilob yoki «Shanxay» SIPG chempionligi haqida...

Xitoydagi buyuk inqilob yoki «Shanxay» SIPG chempionligi haqida...

Baho:
+ | -

Ma’lumki, Xitoyning «Guanjou Evergrand» klubi ketma-ket yetti yil mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgach, nihoyat, bu mavsumda tarkibini yulduzlar bilan boyitgan «Shanxay SIPG» «Guanjou»ning gegemonligiga chek qo‘ydi.

Aniqroq aytsak, Odil Ahmedov va uning jamoadoshlari chempionat tugashiga bir tur qolganida, raqibdan naq sakkiz ochkoga ilgarilab ketib, oltin medallarga sazovor bo‘lishdi.

Chempion jamoa tarkibidagi Oskar, Xalk, Elkeson va albatta, Ahmedov kabi futbolchilarni shubhasiz, barcha yaxshi taniydi. Bu yigitlar vaqti kelganida mahoratlarini namoyon qilib, muvaffaqiyatga ulkan hissa qo‘shishdi. Biroq mahalliy futbolchilar ham yagona maqsad yo‘lida shunchaki qo‘l qovushtirib turishgani yo‘q. 

Ta’kidlash lozim, mavsumning eng muhim va hal qiluvchi o‘yini 28-turga to‘g‘ri keldi. O‘sha kuni «Guanjou Evergrand» o‘z maydonida «Shanxay SIPG»ni qabul qilib, gollarga boy o‘tgan uchrashuvda 4:5 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi.

«Shanxay SIPG»ning bosh yulduzi Xalk bu o‘yinda bitta golga hammualliflik qilishdan tashqari, penaltidan ham unumli foydalandi. «Shanxay» hisobidagi yana bir golga mezbon jamoa futbolchilarining o‘zlari avtogol orqali «yordam» berishgan bo‘lsa, qolgan uchta to‘p mahalliy futbolchilar tomonidan darvozaga yo‘llandi.

Uchinchi gol muallifi - 26 yoshli Vu Ley esa hech shubhasiz, mavsum kashfiyotiga aylandi. Chunonchi, hozirgacha «Shanxay»dan boshqa biror-bir jamoada o‘ynamagan hujumchi har mavsumda mahsuldorlikni oshirib bormoqda. Jumladan, joriy mavsumda u 27 gol uribgina qolmay, sakkiz marta jamoadoshlariga samarali uzatma oshirdi. E’tiborlisi, Ley mazkur ko‘rsatkich orqali barcha jamoadoshlaridan o‘zib ketgan.

«Chelsi»dan transfer qilinishi uchun oz emas, ko‘p emas, naqd 70 million yevro sarflangan braziliyalik Oskar ham mavsum davomida 12ta gol urib, yana 18ta «assist»ni o‘z hisobiga rasmiylashtirib qo‘ydi.

Darvoqe, shu samarali uzatmalar soni bo‘yicha Oskar Xitoy chempionatining yaqqol rekordchisiga aylanganini ham alohida ta’kidlash lozim. «Oskar Xitoyga kelishni o‘zi xohladi, bu yerdagilar esa kutilganidan ham a’loroq munosabatda bo‘lishdi.

U hamma narsadan qoniqdi, natija esa - omad», - taniqli futbol agenti Kia Jurobchyan «Shanxay SIPG»ning chempionligini shunday izohladi. Chindan ham, Oskar o‘ziga sarflangan millionlarni to‘la oqlagan kamsonli legionerlar biri, desak yanglishmaymiz.

«Shanxay»ning muvaffaqiyatida shuningdek, jamoa ustozi Vitor Pereyraning alohida o‘rni bor. Chunonchi, portugaliyalik mutaxassis Xitoyda atigi bir mavsum ishladi, xolos. Bungacha esa u «Portu» bilan Portugaliya chempionligini qo‘lga kiritib, Gresiyada «Olimpiakos» bosh murabbiyi sifatida oltin medallarga ega chiqqandi.

«Eng muhimi, biz «Guanjou Evergrand»ning yetti yillik «monopoliya»sini yo‘qqa chiqardik. Bu - qo‘limizdan kelishi mumkin bo‘lgan ajoyib vazifa edi. Xitoydagi faoliyatimning birinchi yilidayoq buni uddalay olganimizdan mamnunman. Aminmanki, muvaffaqiyatimiz klub va Xitoy chempionati tarixiga zarxal harflar bilan bitiladi», - deydi Pereyra. 

Ahmedov - chempion!

Hamyurtimiz Odil Ahmedov Xitoy Superligasining 2018 yilgi mavsumida jami 19 uchrashuvda maydonga tushib, 1666 daqiqa davomida harakat qildi. Uning hisobida atigi bittagina gol mavjud.

Lekin bilamizki, Odilning maydondagi vazifasi - gol urish emas. Qolaversa, bu gol yagona bo‘lsada, «Shanxay»ga chempionlikni tuhfa qildi. Ta’kidlash lozim, Ahmedov uch marta sheriklariga gol urish uchun imkoniyat yaratib bergan. Shuningdek, Odil o‘zi qatnashgan 19 o‘yinda hakamlar tomonidan ikki marta sariq, bir marta esa qizil kartochkaga loyiq topilgan.

Odilning XFA kubogidagi ko‘rsatkichlariga nazar solsak, u ikkita o‘yinda ishtirok etib, 179 daqiqa to‘p surgani oydinlashadi. OCHLda esa u «Shanxay» bilan sakkkiz o‘yinda qatnashib, 627 daqiqa o‘tkazgan va bir marta zaxiraga olinib, bir marta hakam tomonidan ogohlantirilgan.

Darvoqe, Ahmedov oltin medallarni naqd qilgach, qizg‘in qo‘llab-quvvatlashgani uchun o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlariga videomurojaat orqali minnatdorchilik bildirdi. U shuningdek, ushbu muvaffaqiyatni aynan muxlislarga bag‘ishlashini ham alohida ta’kidladi.

Xalk haqida bir shingil

Braziliyalik hujumchi Xitoyda uchinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Joriy mavsum Xalk «Shanxay SIPG»ning eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida o‘zini ko‘rsatib, haqli ravishda sardorlikka tayinlandi. Uning jamoa uchun qilgan mehnati statistik ma’lumotlarda yaqqol ko‘rinib turibdi - 13}12.

Boshqacha aytsak, Xalk bu mavsum «Zenit» va «Portu»dagi shonli davrlaridagidek ishonch bilan to‘p surdi. Shunisi qiziqki, 2017 yili Xalk «Shanxay SIPG» tarkibida 17ta gol urgandi, ammo baribir, chempionlikni «Guanjou» ilib ketgan. Bu yilgi «Shanxay» esa aynan jamoaviy o‘yin evaziga hammadan o‘zib ketgan bo‘lsada, Xalk o‘z uslubida raqib himoyachilarini mazax qilgandek aldab o‘tishdan aslo tiyilmadi.

To‘g‘risini aytsak, aynan Xalk va Oskar juftligi «Shanxay SIPG»ning muvaffaqiyatida asosiy ishni bajarib berdi. «Guanjou»ga esa hatto shov-shuvli transferlar ham yordam bermadi: Paulinyoning «Barselona»dan qaytarilishi va «Benfika»dan Taliskoning xarid qilinishi nazarda tutilayotganini sezdingiz, albatta. Xullas, «Shanxay» sermahsullik borasida «Guanjou»dan o‘zib ketdi (75ga 77), 30-tur arafasida esa o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha ham holatni yaxshilab oldi (30ga 35).

Yana bir qiziq tomoni, «Shanxay SIPG» kuboklarga bog‘liq o‘yinlardan tezgina chiqib ketdi. Pereyra esa bu vaqtda aynan o‘yinlar jadvalining tig‘izligidan noliyotgan edi. Shu tariqa, jamoa ustozi chempionat o‘yinlariga xotirjamlik bilan tayyorlanish imkoniga ega bo‘ldi. Ba’zi uchrashuvlarda esa yetakchilarga bemalol ta’til vaqti ham berildi. Misol uchun, Xalk hatto, chempionlik rasmiylashtirilgan uchrashuvda umuman ko‘rinish bermadi. Uning o‘rniga esa shu kuni Elkeson tarkibdan joy oldi.

Xitoy chempionatidagi muhim xabarlar

*** Zaxavi hali-hamon top-darajada! Xususan, «Guanjou Fuli» yarim himoyachisi mavsum davomida 20ta gol urib, 8 bora sheriklarini qulay vaziyatga chiqardi. To‘g‘ri, mazkur natija o‘tgan yilgiga qaraganda yomonroq (27 gol), ammo Zaxavi bu mavsum nisbatan kamroq o‘yin o‘tkazganini ham unutmaslik zarur. Agar 2016 yilgi to‘liqsiz mavsumni hisobga olmasak (15 o‘yin, 11 gol), Eran Zaxavi so‘nggi besh yillikda Isroil va Xitoy chempionatlarida yiliga 20tadan kam gol urmaganiga guvoh bo‘lamiz. 

*** Hujumchi Diyego Tardellining Chin yurtidagi ishlari ham yomon emas, faqat yaqinda kuzatilgan noxushlikni inobatga olmasak. Sezgandirsiz, bu o‘rinda gap Tardellining Xitoy madhiyasi yangrayotgan paytda boshini qashigani haqida bormoqda. Bu hurmatsizlik uchun Tardelli bir o‘yinga diskvalifikasiya qilinganiga qaramay, unga bo‘lgan hurmatga putur yetmadi. Diyegoning jamoasi - «Shandon Luneng» chempionatni uchinchi pog‘onada yakunladi, Tardelli esa o‘z hisobiga 17ta gol va 7ta samarali uzatma yozdirib qo‘ydi.

*** Xitoy Superligasi jadvalidagi tig‘izlik kishini shunchaki, hayratga soladi. Deylik, so‘nggi tur oldidan oltinchi o‘rinda borayotgan «Shanxay Shenxua» 37 ochko to‘plagan. 15-pog‘onadagi «Dalyan Ifan» hisobida esa 32 ochko mavjud. Chempionatda hozircha yagona autsayder bo‘lib turgan «Guyjou Chjichen»gina atigi 21 ochko to‘plagan, xolos. E’tiborlisi, autsayder maqomidagi bu klubni Dan Petreskudek taniqli mutaxassis boshqaradi. Hujumda esa Nikisa Yelavich to‘p suradi.

*** Xitoyga kelgach, ishlari ortga ketgan futbolchilar ham yo‘q emas. Jumladan, yarim himoyachi Nemanya Gudel. Eslatib o‘tamiz, «Ayaks»ning sobiq a’zosi faoliyatini «Tyanjin Teda»da boshlab, keyinchalik «Guanjou Evergrand»ga o‘tgandi. Biroq afsuski, Nemanya «Guanjou»da o‘z o‘rnini topolmagani uchun uni yozda «Sporting»ga ijaraga berib yuborishdi va bo‘shab qolgan legioner o‘rni Talisko hisobiga to‘ldirildi. Aytgancha, Gudelning «Sporting»ga yo‘l olishi xitoylik futbol muxlislarini anchagina xursand qilgani ham bor gap. 

*** Xabaringiz bor, yaqinda «Milan» klubi Leonardoni qaytarishga muvaffaq bo‘lgandi. Shu zahoti Italiyada Patoning ham jamoaga qaytishi borasida gap-so‘zlar urchidi. «Ha, chindan ham Leonardo bilan «Milan»ga qaytish haqida gaplashdik, - dedi braziliyalik futbolchining o‘zi. - Ammo bu gaplar shunchaki, hazil edi».

Biroq vaziyatga jiddiy qarasak, Patoning Xitoydagi ishlari - «besh». Chunonchi, u mana ikkinchi yildirki, «Tyanjin Kuanjian» uchun yiliga 15talab gol urmoqda, jarima zarbalarini qoyilmaqom tarzda ijro etmoqda. Shuningdek, 29 yoshli futbolchi kelgusi hayoti farovon kechishi uchun ancha-muncha pul ham to‘pladi.

Xitoydan kelayotgan muhim xabarlar shu, hozircha. Asosiy yangilik esa, yuqorida aytganimizdek, «Shanxay SIPG» - yangi chempion!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 23:50, 19.11.2018.
O'qildi: 6104 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.