Xabaringiz bor, rasman 1 yanvar kunidan boshlab qishki transferlar ochiladi. Ushbu qisqa mavsum oralig‘ida futbolchilar o‘z jamoalarini o‘zgartira olishadi, jamoalar o‘z saflariga kuchli futbolchilarni qo‘shib olishlari mumkin.
Transferlar oynasi ochilgan vaqtda “Real”dan ketish ehtimoli yuqori qishda “qaymoqranglilar”ga kimlar kelishini taxmin qilib o‘tsak.
“Real”ni tark etish ehtimoli yuqori bo‘lgan futbolchilar.
1. Keylor Navas
Yevropa chempionlar ligasini uch karra sohibi Keylor Navas jamoaga Tibo Kurtua kelganidan so‘ng, asosiy tarkibdagi o‘rnini butkul yo‘qotib qo‘ydi. Albatta, bunga murabbiylar almashinuvi ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Xulen Lopetegi davrida ikki darvozabonlar ham bir hil imkoniyatga ega bo‘lishgan edi. Biroq, Santyago Solari kelganidan keyin, ko‘proq belgiyalik posbonga ishonishni boshladi. Keylor qishda ketishini aniq bo‘lib bo‘lgan. Bu haqida uning o‘zi ham bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
“Zaxirada o‘tirish uchun uch marta YECHLni yutdim”, - deb rahbariyatdan va bosh murabbiydan norozi ekanligini yashirmadi.
Navasning xizmatiga hozirda ko‘plab jamoalar qiziqish bildirmoqda jumladan “Yuventus”, “Arsenal”, “Chelsi”, “Krus Azul”.
Ketish ehtimoli: “Arsenal”
2. Kiko Kasilya
Ushbu mavsum umuman imkoniyatga ega bo‘lmagan ispaniyalik darvozabon “Real”dan ketishi aniqroq ko‘rinadi. Unga bir-qator o‘rta miyona klublar qiziqish bildirmoqda. Kasilya Kurtua kelmasidan oldin jamoada ikkinchi darvozabon sanalar edi. Zinedin Zidan vaqtida Kiko jamoadagi o‘rnidan mamnun edi. Biroq, hozir uning qoni qaynamoqda. Uning ketishi jamoaga ta’sir qilmaydi. Chunki, u tark etsa ham uning o‘rnini ukrainalik yosh posbon Andrey Lunin bosa olsa kerak. Qolaversa, jamoada Zidanning o‘g‘li Lyuka Zidan ham bor. Qishda Florentino Peres e’tiborini darvozabonlarga qaratsa ajab emas.
Kiko Kasilyaga qiziqayotgan klublar: “Everton”, “Eybar”, “Real Sosyedad”, “Fiorentina”, “Leganes”.
Ketish ehtimoli: “Real Sosyedad”
3. Isko Alarkon
Xabaringiz bor, Isko yaqin vaqtlar ichida OAV “qahramoni”ga aylanib qoldi. Ispaniyalik futbolchi jamoaning muhitini buzish, mojarolarni keltirib chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘yin bobida darajasi ancha pasayib ketdi. Lopetegi ketganidan so‘ng futbolchining ruhi pasayib qolgani sezilib qoldi. Isko Santyago Solaridan norozi ekanligini zahira o‘rindig‘ida o‘tirganida ham tasdiqlab o‘tiribdi. Qolaversa, u klublar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finalida ham tinch yurmadi. U bir nechta jamoadoshlari bilan muddatidan avvalroq kiyinish xonasiga yo‘l oldi. Ko‘rini turibdiki, uning jamoadan ketishi aniqroq.
Iskoga qiziqayotgan klublar: PSJ, “Yuventus”, “Manchester Siti”, “Chelsi”, “Roma”.
Ketish ehtimoli: “Manchester Siti”.
“Real Madrid”ga kelishi ehtimoli yuqori bo‘lgan futbolchilar.
1. Eden Azar (“Chelsi”)
“Chelsi”da javlon urib o‘ynayotgan futbolchi o‘z intervyularida ham “qirollik klubi”ga bo‘lgan tuyg‘ularini yashirib o‘tirmaydi. Belgiyalik futbolchi qishki transferlar vaqtida “Real” tomonidan sotib olinadigan ilk futbolchi bo‘lishi mumkin. Chunki, “Real”ning hujum chizig‘ida muammolar talaygina. Masalan, Garet Beyl garchi Azarning qanotida o‘ynamasa ham uelslik futbolchi yarim mavsumni jarohatlar tufayli o‘tkazib yuboradi. Bunga o‘rganib ham qolishgan. Asensio aynan Azarning qanotida o‘ynaydi Zidan ketishi bilan futbolchining o‘yinida pasayish kuzatildi. Solari uni zahira futbolchisi qilib qo‘ydi. Qolaversa, Azar kelsa Krishtianu Ronalduni yo‘qligini oz bo‘lsada bilintirmaydi.
Transferning taxminiy narxi: 200 mln yevro
2. Brahim Diaz (“Manchester Siti”)
Ushbu yigitchani “Real”ga kelishi ancha avval hal qilinib bo‘lingan desa ham bo‘ladi. Gvardiola tomonidan biroz qadirlanmagan futbolchi, “qaymoqranglilar” libosini kiyish ehtimoli yuqori. Ushbu transfer 20 mln yevroga amal oshadi va 19 yoshli futbolchi darhol asosiy tarkibdan o‘rin olishi kutilmoqda.
Transferning taxminiy narxi: 20 mln yevro
3. Pepe (erkin agent)
“Real”da o‘ynashga ulgurgan portugaliyalik himoyachi bir-bo‘lsa qishki transferlar vaqtida tekinga kelishi mumkin. Pepe bir mavsum “Beshiktosh” safida o‘ynadi va o‘z xohishi bilan erkin agent maqomini oldi.
Ushbu futbolchi faoliyatini aynan o‘zi sevgan jamoasida yakunlasa ajab emas.
4. Junior Firpo (“ Betis”)
Ispaniyaning o‘rta miyona jamoasida to‘p so‘rayotgan ispaniyalik yigitcha madridliklarni qiziqish doirasiga tushib qoldi. Kelish ehtimoli kam bo‘lsa ham Firpo Marseloga o‘rinbosar sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda, “Real”ning chap qanotida muammolar talaygina balki, Florentino Peres ushbu futbolchini sotib olib, Solarining joniga oro bo‘lar.
Junior joriy mavsum 15 ta o‘yinda maydonga tushdi va 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Transferning taxminiy narxi: 50 mln yevro
5. Eder Militao (“Portu”)
Xabaringiz bor, joriy mavsum “Real”ning himoya chizig‘i biroz oqsab qolmoqda. Ba’zi vaqtlarda, Serxio Ramosning yoshi pand berib qo‘ysa, gohida Varanning o‘z boshimchaligi, Marseloning charchab qolishi “Real”ning gol o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, rahbariyat yangi iqtidorlarni izlash payiga o‘tdi. Shulardan biri, Militao 20 yoshli himoyachi o‘zining havodagi kurashlari bilan, qat’iyatli o‘yini bilan skautlarni nazariga tushib qolgan.
Aynan, qishda “Real” ushbu futbolchini jamoaga olib kelishni rejalashtirib qo‘ygan. “Portu” ham ushbu futbolchini mo‘maygina pulga pulashga qarshi emas.
Transferning taxminiy narxi: 50 mln yevro
Abror Eshonxonov