Xalqaro o‘yinlardagi ishtiroki tufayli katta tajriba to‘plagan Murod Xolmuhammedov 2018 yilgi mavsumda «Qo‘qon-1912» klubining eng muhim futbolchilaridan biriga aylandi. Asosiysi, Xolmuhammedov garchi himoyachi sanalsa-da, jamoasi foydasiga belgilangan penaltilarni xuddi goleador hujumchilardek aniq amalga oshirib, qo‘qonliklarga ko‘plab qimmatli ochkolarni taqdim qildi. Muxbirimiz mavsum yakunlari yuzasidan Murod Xolmuhammedovdan intervyu olib, uning kelajak rejalari va terma jamoamiz haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
- Murodjon, mana, mavsum yakunlanib, «g‘alvirlar suvdan ko‘tarildi». Umuman, 2018 yilgi milliy chempionat shaxsan sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Ochig‘ini aytsam, yakunlangan futbol mavsumi shaxsan men uchun yomon o‘tdi, deya olmayman. Chunki yil davomida odatdagidan ko‘proq gollar urishga va bu bilan jamoamning muvaffaqiyatiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shishga erishdim. Bundan juda xursandman. Ammo boshqa tomondan, mavsum jamoamiz uchun omadli kelmadi va biz klub oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmadik.
- Sizningcha, omadsizliklarning asosiy sababi nimada?
- Shunisi aniqki, jamoaning natijasi ko‘proq futbolchilarga bog‘liq. Demakki, omadsizliklarga o‘zimiz, ya’ni futbolchilar sababchimiz. Balki boshqalar bu fikrimga qo‘shilmaslar, lekin shaxsan men shunday deb o‘ylayman. Shuning barobarida klubimizda ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ldi. Umumiy olganda, bu sabablar omadsizligimizga bahona bo‘la olmaydi.
- Tarkibga nazar tashlasak, jamoaning potensiali yuqoridek tuyuladi. Biroq «Qo‘qon-1912» mavsumni barqaror o‘tkaza olmadi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Ha, chindan ham jamoamiz futbolchilarining salohiyati ancha yuqori. Aslida-ku, chempionatni juda yaxshi boshlagan edik. Ammo mavsum o‘rtalariga kelib, ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchradik. Kishiga yoqadigan birgina jihati shuki, boy berilgan o‘yinlarda ham hujumkor futbol namoyish etdik. Fikrimcha, o‘yinimizda pasayish kuzatilmadi, biz shunchaki, yuzaga keltirilgan xavfli vaziyatlarni golga aylantirolmadik. Hatto bir necha bor yuz foizli imkoniyatlardan foydalana olmadik. Aksiga olib, ayrim pallalarda klubimiz rahbariyatiga bog‘liq muammolar pand berib qo‘ydi. Albatta, bu ham natijaga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
- Keling, endi mavzuni biroz o‘zgartiramiz: ayting-chi, ikki bosqichda o‘tkazilgan yangi ko‘rinishdagi chempionatimiz sizga ma’qul keldimi?
- Umuman aytganda, 2018 yili qiziqarli chempionat guvohi bo‘ldik. Biroq yangicha formatning o‘ziga yarasha «minus» tomonlari ham bor. Masalan, shaxsan menga «oltin ochko» tizimi yoqmadi. Zero katta mashaqqat va mehnat evaziga qo‘lga kiritilgan ochkolarning «nol»ga tenglashtirilishiga mutlaqo qarshiman.
- Qizig‘i shundaki, aksariyat gollarni penaltidan so‘ng nishonladingiz. Murod Xolmuhammedov qachondan «shtatli penaltichi»ga aylandi?
- Yo‘q, men o‘zimni bunday atamagan bo‘lardim. Shunchaki, berilgan imkoniyatdan foydalanyapman, xolos. Sermahsul natijalarning bariga murabbiyning ishonchi sabab. Chunonchi, penaltini aynan men amalga oshirishim kerakligini bosh murabbiyning shaxsan o‘zi aytadi.
- Ammo oldingi jamoalaringizda bundan qobiliyatingiz borligi sezilmasdi...
- Gap shundaki, avvalgi klublarimda murabbiylar bu vazifani boshqa futbolchilarga topshirishardi. Jamoadagi har bir standart vaziyatlar bosh murabbiyning ko‘rsatmasiga asosan u yoki bu futbolchi zimmasiga yuklanadi.
- Penalti tepishni mashg‘ulotdan keyin alohida mashq qilasizmi?
- To‘g‘risini aytsam, bu borada alohida shug‘ullanmayman. Lekin rasmiy o‘yinlardan bir kun oldin uch-to‘rt marta «nuqta»dan zarba berib ko‘rishim rost.
- «Qo‘qon-1912» bilan tuzgan shartnomangiz yakunlandimi?
- Yo‘q, amaldagi shartnoma 31 dekabr kunigacha mo‘ljallangan.
- Klubdan shartnomani uzaytirish bo‘yicha taklif olgandirsiz?
- Hali hech kim bilan bu masalada gaplashmadik.
- O‘zingizning rejalaringiz qanday?
- Shartnomam muddati yakunlanmagan, demak hozircha «Qo‘qon-1912» a’zosiman. Yangi mavsumni qaysi jamoada o‘tkazishim haqida esa hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q.
- Boshqa klublardan qiziqishlar bo‘lyaptimi?
- Qo‘ng‘iroqlar bo‘lib turibdi. Ammo bu haqda aniq bir fikr ayta olmayman.
- Demak, yangi mavsumda jamoangiz almashib qolishi ham mumkin ekanda?!
- Bunisini vaqt ko‘rsatadi. Yuqorida aytganimdek, shartnomaning so‘nggi kunigacha «Qo‘qon-1912» safida bo‘laman.
- Navbatdagi Osiyo kubogi boshlanishiga juda oz fursat qoldi. Qit’a chempionatidan nimalar kutyapsiz? Kuper murabbiyligidagi jamoamizdan ijobiy natija kutsak bo‘ladimi?
- Ko‘pchilik qatori faqat ijobiy natijalarga umid qilyapman. O‘ylaymanki, futbolchilarimiz sovrinli o‘rinlarga munosib. Ektor Kuper esa har holda, ko‘pni ko‘rgan tajribali murabbiy. U futbolchilarimizni g‘oliblik sari yetaklay oladi. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi terma jamoamizning qit’a chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Bu borada hech qanday kamchilik bo‘lmadi. Demakki, bunday e’tibordan keyin bahonaga o‘rin qolmaydi.