3 yanvardan boshlab AGMK futbol klubi navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. 15 yanvarga qadar davom etadigan mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan o‘tkazilmoqda. 8 yanvar kuni jamoa futbolchilari tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Avvalroq, jamoada yangi murabbiylar shtabi ish boshlaganligini xabar berib o‘tgan edik. 2018 yilgi mavsumda AGMK murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan Zohid Nurmatov, Anton Mayeranov va Xaliljon Abdurahmonovlar bilan ham shartnomalar uzaytirilmadi. Bunga qadar bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov bilan ham xayrlashilgandi. Jamoa rahbariyati jamoada faoliyat olib borgan yuqoridagi mutaxassislarga ham o‘z minnatdorchiligini bildiradi hamda ularning keyingi ishlarida omad tilaydi.
2019 yilda AGMK o‘z tarixida ilk marotaba xalqaro maydonda uchrashuvlar o‘tkazadi. Ayni kunlarda jamoa tarkibini kuchaytirish ishlari jadal olib borilmoqda. Bir qator tajribali futbolchilar bilan kelishuvga erishildi. Ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng ommaga rasman e’lon qilamiz.
2018 yilgi mavsumda jamoamiz sharafini himoya etgan bir qator futbolchilar bilan ham shartnomalar uzaytirildi. Shu bilan birga jamoani tark etgan futbolchilar ham bor. Xurshid Xodjayev, Alisher Samatov, Muzaffarjon Muzaffarov, Jamshid Hasanov, Kamoliddin Murzoyev, Yovan Jokich, Vladimir Bubanya va Vladislav Kasmininlar bilan xayrlashildi. Jamoa rahbariyati AGMK tarkibida to‘p surib, jamoa natijalariga o‘z hissasini qo‘shgan bu futbolchilarning keyingi faoliyatiga omad tilaydi.
Jamoa murabbiylar shtabida yana ikki mutaxassis ish boshladi. Vitaliy Lushachyov jamoaga tahlilchi murabbiy (analitik) va Marat Axmerov murabbiy sifatida faoliyat olib boradi.