Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 yanvardagi 32-sonli qarori bilan Trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish yuzasidan attestasiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorga muvofiq endilikda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari musobaqalarining g‘olib va sovrindor sportchilariga tegishli sport federasiyalarining (uyushmalar) tavsiyalari asosida sport maktablarida trener sifatida ishlashlari uchun trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma beriladi. Bunda, chempionlar attestasiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlaridan o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalarining tavsiyalari asosida sport maktablarida trener-instruktor sifatida ishlash uchun belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma beriladi.
Ruxsatnoma olish uchun umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari attestasiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlaridan o‘tmaydilar.
Ma’lumot uchun: Shu paytgacha, Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, mamlakatimizning nufuzli sport musobaqalari g‘olib va sovrindor sportchilari trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun ruxsatnoma ega bo‘lishlari uchun 3 va 6 oylik maxsus o‘quv kurslarini tamomlashlari kerak edi.