Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Sardor Rashidov: «Portugaliyada uzoq qolmayman»

Sardor Rashidov: «Portugaliyada uzoq qolmayman»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Chunonchi, u yaqinda Portugaliyaning «Nasyonal» jamoa­si bilan shartnoma tuzdi. Boshqacha aytsak, Krishtianu Ronalduga havas qiladigan futbolchimiz o‘z kumirining vatanida to‘p suradigan bo‘ldi. Yevropadagi o‘yinlari qanday chiqishi Sardorning o‘ziga bog‘liq. Lekin fakt shuki, u Osiyo kubogi guruh bosqichida biz kutganchalik harakat qilolmadi. Shunga qaramay, umid qilishdan to‘xtamaymiz va Yaponiya termasiga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng Al-Ayndagi «Xalifa bin Zayd» stadioni mikst-zonasida Sardorni suhbatga tortdik...

- Aslida mag‘lubiyatdan keyin gapirish oson emas. Ammo aytingchi, shaxsan siz salbiy natija sabablarini nimalarda ko‘ryapsiz?

- O‘yin biz uchun qiyin kechdi, deya olmayman. Chunki ikkala jamoa ham gurushdan chiqish vazifasini bajarib bo‘lgani uchun ochiq futbol namoyish etdi. Bizni durang natija qoniqtirsa-da, himoyaga yotib olganimiz yo‘q. Aksincha, hujumkor futbol ko‘rsatdik. Buning natijasida birinchi bo‘lib hisobni ochdik. Lekin yaponlar keyinchalik bizdan farqli ravishda, yuzaga kelgan xavfli vaziyatlardan unumliroq foydalanishdi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limdagi hujumlari xavfli chiqdi. Biz ham harakat qildik, afsuski, hujumda omadimiz kelmadi. Deylik, Davron Hoshimovning kuchli zarbasi golga aylanganida, guruh g‘olibi sifatida nimchorak finalga chiqardik. Shunda Qatar yoki Saudiya Arabis­toni termasi bilan to‘qnashardik va ehtimolki, bu ikki raqib bilan erkinroq o‘ynardik. Lekin ishonchim komil, Avstraliya termasi bilan bahsda ham kamida bugungi o‘yinimizni namo­yish etsak, g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dirishimiz mumkin. Umuman, ko‘ng­lim sezib turibdi, keyingi uchrashuvda bundan-da yaxshiroq o‘ynaymiz.  

- Raqibning hattoki, ikkinchi tarkibiga ham yutqazib qo‘yganimiz Avstraliya termasi bilan o‘yin oldidan biroz xavotirni oshiryapti...

- Hamma ko‘rdi, bugun Yaponiya termasining zaxira futbolchilari ham chakki emasliklarini amalda isbotlashdi. Balki asosiy tarkibimizning 3-4 futbolchisi maydonga tushganida, g‘alaba qozonarmidik... Lekin bugungi o‘yin bilan ham kamida durangga haqli edik.

- Ektor Kuper o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida «pley-off»­da qaysi jamoaning raqib bo‘lishi ahamiyatsiz ekanligini ta’kidladi. Biroq odatda arab jamoalari bilan yaxshiroq o‘ynaymiz. Qatar va BAA chempionatlarida to‘p surgan futbolchi sifatida bu masalada nima deya olasiz?

- Yo‘q, Qatar yoki Saudiya Arabistoni termasi «sokkeruz»dan kuchsiz emas. Bilamizki, arab jamoalari texnik-taktik tomondan kuchli futbol namoyish etadi. Qolaversa, bugungi Avstraliya termasi deylik, 5-10 yil oldingidek dahshatli emas. Xullas, agar o‘yinimiz chiqsa, bu raqibni bemalol mag‘lub etamiz.

- Avstraliyalik futbolchilar jismoniy tomonlama ancha kuchli hisoblanadilar. Sizningcha, «yashil qit’a» vakillarining yana qaysi jihatlari e’tiborga loyiq?

- Shaxsiy fikrimcha, Avstraliya termasi hozirgi holatda faqat jismoniy tomondan kuchli ko‘rinyapti. Qolgan barcha jabhalar bo‘yicha bizda ustunlik bor. Faqat bu ustunlikni maydonda isbotlash kerak.

- Avstraliyaliklarning guruh bos­qichidagi bahslarini ko‘rdingizmi?

- Faqat bittasini. Unda bo‘lajak raqibimiz Iordaniya termasiga imkoniyatni boy berdi. Keyin esa jamoa o‘zini o‘nglab, ketma-ket 2ta bahsda ishonchli g‘alabaga erishdi.

- Xo‘sh, «sokkeruz»ning 1-turdagi mag‘lubiyatini tasodifga yo‘yish mumkinmi?

- Menimcha, yo‘q. Chunki iordaniyaliklar uchrashuvda kuchliroq ko‘rinishdi va haqli ravishda 3 ochko olishdi.

- Biz Avstraliya termasini aynan nimaning evaziga yengishimiz mumkin - kuchli pressingmi, qarshi hujummi yoki birinchi raqam ostida o‘ynash bilan?

- Hozir Ektor Kuper «Barselona» uslubini qo‘llashga urinmoqda. Ya’ni bitta-ikkita qisqa to‘p uzatish bilan hujumni rivojlantirish taktikasini. Agar raqibni to‘psiz harakat qilishga majbur etishni uddalasak, g‘alaba qozonish imkoniyatimiz ancha oshadi.

- Endi mavzuni biroz o‘zgartiramiz. Kuni kecha Portugaliyaning «Nas­onal» klubi bilan shartnoma tuzdingiz. Bu transfer qanday amalga oshdi?

- «Nasyonal»ga o‘tishim qandaydir 10 kun ichida hal etildi. Hammasi oddiy: muzokara jarayoni ijobiy yakunlanganidan so‘ng shartnomaga imzo chekdim.

- Kelishuv vaqtida agentlar yordamidan foydalandingizmi?

- Yo‘q. Aniqroq aytsam, otam agent vazifasini bajardilar. Yevropaliklar telefon orqali dadam bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqishibdi. Ochig‘i, «Nasyonal»dan tashqari, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Qatar klublaridan ham takliflar olgandim. Lekin yevrofutboldan bahramand bo‘lish uchun, qolaversa, otamning maslahatlari bilan barcha jamoalarga rad javobi berdim.

- O‘sha klublar nomini ayta olasizmi?

- Janubiy Koreyaning «Suvon Blyuuingz», Saudiya Arabistonining «Al-Fotih» kabi bir qator jamoalar...

- Ronalduning o‘yiniga havas qilishingizni bilamiz. Nihoyat, orzularingizdan biriga erishibsiz-da...

- Ha, shunday. Biroq Portugaliyaga borib, hamma kutgan darajada o‘ynolmasam, orzu orzuligicha qoladi. Sir emas, Yevropa futboli Osiyonikidan farq qiladi. U yerda talab juda kuchli. O‘yiningizda pasayish kuzatilsa, zaxira futbolchisiga aylanib qolishingiz hech gap emas. Niyatlarim katta. Biroq «Nasyonal»da uzoq qolish niyatim yo‘q. Aniqrog‘i, o‘z oldiga katta vazifalarni qo‘ygan grand jamoalarga o‘tishni xohlayman.

- Shartnoma Dubayda imzolandi, shundaymi?

- Ha. Osiyo kubogi davom etayotgani bois, Portugaliyaga borishning iloji yo‘q edi. Lekin kelishuvga bundan bir necha kun avval erishgandik va faqat shartnomaga imzo chekish qolgandi, xolos.

- Kelishuv qancha muddatga mo‘ljallandi?

- 2,5 yilga. 

- Omad yor bo‘lsin!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 10:45, 24.01.2019.
O'qildi: 23338 marta.
Fikrlar: 14 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.