Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Andrey Shipilov: «Jeparovga futbol o‘ynashni taqiqlashga hech kimning haqqi yo‘q»

Andrey Shipilov: «Jeparovga futbol o‘ynashni taqiqlashga hech kimning haqqi yo‘q»

Baho:
+ | -

“Metallurg” jamoasi bosh murabbiyi Andrey Shipilov Superliga-2019 musobaqasi uchun qur’a tashlash jarayonidan keyin muxlislarimizni qiziqtirgan ba’zi savollarga javob qaytardi.

— Andrey Sergeevich, mana nihoyat 2019 yilgi milliy chempionat bahslariga ham qur’a tashlandi. Qur’a natijalaridan qoniqish hosil qildingizmi?
— Qur’a – bu hamisha kutilmagan jarayon. Kimga qarshi, qayerda musobaqani boshlaysan, oldindan bilib bo‘lmaydi. Rostini aytsam, 2019 yilgi mavsumga qur’a tashlash jarayoni biz uchun yomon bo‘lmadi. Superliganing yangi jamoalari, o‘tgan mavsum Pro-ligada to‘p surgan kollektivlarga qarshi o‘yinlar bilan boshlaymiz. Ammo biz raqibni hamisha hurmat qilamiz. Ularning kuchiga to‘g‘ri baho bermaslik ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu narsani unutmagan holda, nasib bo‘lsa, shogirdlarni ilk turdanoq ham jismonan, ham ruhan uchrashuvlarga puxta hozirlaymiz.

— Superliganing bu yilgi mavsumidan nimalarni kutayapsiz?
— Biz o‘tgan mavsum klub tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichni takrorlagandik. Bekobod jamoasi 2002 yilda beshinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, oradan 16 yil o‘tib yana kuchli beshlikka kirdi. Bu yil esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan past natija ko‘rsatishga haqqimiz yo‘q. Muxlislarimiz juda talabchan, yanada yuqoriroq pog‘onalar uchun kurashishimizni istashadi. Shu sababdan ham 2019 yilgi mavsum arafasida seleksiya ishlariga jiddiy e’tibor qaratdik. Iqtidorli yoshlar bilan bir qatorda tajribali, mahoratli o‘yinchilarga ham alohida urg‘u qaratdik. Jumladan, o‘z vaqtida ikki karra Osiyoning, ikki marta mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Server Jeparovni jamoaga jalb etdik. Ko‘p marta sovrindor bo‘lgan Kamoliddin Tojiyev, Shavkat Mullajonov ham yoshlarimizga har tomonlama o‘rnak bo‘lishiga, ularni o‘z ortida ergashtirishiga ishonaman. Qolaversa, Stanislav Andreev, Akbar Ismatullayev, Abbos Otaxonov, Aleksandr Lobanov singari o‘yinchilar bilan shartnoma imzoladikki, bu futbolchilarning tajribasi ham yuksak natijalarni ko‘zlashimizga asos bo‘la oladi.

— Ammo shu o‘rinda Server Jeparov mavsum oldi test natijalaridan o‘ta olmadi, u chempionatda ishtirok etmaydi degan gap so‘zlar ko‘paydi, buni qanday izohlaysiz?
— Futbolchi tez yugura olmasa yoki qandaydir normativ testni topshira olmasa, bu uning futbol o‘ynay olmaydi, degani emas. Ayniqsa, Server misolida unga bunday tamg‘ani yopishtirishlariga mutlaqo qarshiman. U allaqachon o‘zbek futboli tarixiga o‘z ismi sharifini zarhal harflar bilan bitib qo‘ygan. Nafaqat mamlakatimizning, balki Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Undan yana nimani talab etayapmiz. Menga Jeparov tez yugurishi bilan emas, tiniq boshi, aniq to‘p uzatmalari, jamoani o‘z ortidan ergashtira olishi bilan kerak. Server 40 yoshida ham istalgan jamoaga naf keltirishiga ishonaman. Buni Turkiyadagi o‘quv mashg‘ulot yig‘ini doirasida o‘tkazilgan nazorat uchrashuvlarida isbotladi. Bitta o‘yin davomida 11-13 kilometrgacha masofani bosib o‘tdi. Kuni kecha “Bunyodkor”ga qarshi o‘tkazilgan ko‘rik o‘yinida ham to‘liq 90 daqiqa to‘p surdi. Jismoniy tayyorgarligidan nolimayman. O‘sha kuni ham u 11 km masofani bosib o‘tdi. Yana nima kerak? Qolaversa, huquqiy jihatdan hech kim Jeparovga futbol o‘ynashni taqiqlashga haqqi yo‘q! Kerak bo‘lsa, 36 yoshida ham 20 yoshlilar uchun mo‘ljallangan testini qayta topshira oladi, bunga shubha qilmayman.

— Bu yilgi chempionat Reglamentida jamoalar oldiga bir qator yangi talablar qo‘yilgan. Ulardan biri jamoalar har bir o‘yinda 1997 yil va undan keyin tug‘ilgan yoshlarni maydonga tushirishi talabidir. Bu masalaga fikringiz?
— Bu yil mamlakatimiz futboli uchun juda mas’uliyatli yil sanaladi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2020 yili Tokioda o‘tkaziladigan Olimpiada musobaqasining saralash o‘yinlarida ishtirok etadi. Shu boisdan ham O‘FA hamda PFLning chempionat Reglamentiga kiritgan o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlayman. Menga qolsa, 1997 yil u yoqda tursin, 1999-2000, hatto 2001 yilda tug‘ilgan futbolchini ham o‘ynatishga tayyorman. Faqat u shu ishonchga munosib ekanligini isbotlasin. Shu ma’noda Olimpiya terma jamoasi yig‘iniga jalb etilayotgan o‘yinchilar ham o‘z klublari asosiy tarkibida o‘ynashga loyiqligini isbotlashi kerak, deb hisoblayman. Misol uchun, “Metallurg”dan O‘zbekiston OTJga chaqirilgan Suhrob Nurulloyevni olaylik. Men uni 100 kundan buyon ko‘rmadim. Bu yil hisobidan Nurulloyev jamoamning bironta ham mashg‘ulotida ishtirok etmadi. Men qanday qilib uni asosiy tarkibga qo‘yaman, u bunga loyiq bo‘lmasligi mumkin. Mening taktikam, o‘yin uslubimdan bexabar, to‘satdan yig‘indan kelib, jamoam o‘yinini buzib qo‘ymasligiga kim kafolat beradi. Lekin men Suhrobning ham jamoamga yordam berishini, asosiy tarkibda o‘ynashini hoxlayman. Terma jamoaga nomzod o‘yinchilarning ko‘payishini istayman. Bilasizmi, klub rahbariyati murabbiylardan hamisha natijani so‘raydi. Murabbiy esa talab etilgan natijaga erishish uchun ayni paytda qo‘l ostida, ko‘rib, bilib yurgan futbolchisini maydonga tushiradi, albatta. Istalgan futbolchi asosiy tarkibdagi o‘rnini peshona teri, mehnati bilan qozonishi lozim. Uzoq cho‘zilib ketadigan yig‘inlar shunisi bilan klublarning ham, o‘yinchilarning ham zarariga ishlaydi.

— 2019 yilgi mavsumda jamoa oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?
— Yuqorida ta’kidlab o‘tdim, biz o‘tgan yildagidan past natijani ko‘rsatishga haqqimiz yo‘q deb. Asosiy vazifamiz sanoat shahri bo‘lgan Bekobod ahliga mazmunli, hujumkor futbolni tortiq etish. Ishdan horib chiqqan hamshaharlarimizni g‘alabali o‘yinlar bilan xursand qilish. Nafaqat milliy chempionat bahslarida, balki O‘zbekiston kubogi o‘yinlarida ham muvaffaqiyat qozonishdir.

— Bu yo‘lda Sizga va shogirdlaringizga omad yor bo‘lishini tilaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Kiritildi: 23:17, 26.02.2019.
O'qildi: 3942 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.