Yaqinda Farg‘ona viloyatida mehribonlik uylari o‘rtasida futbol musobaqa o‘tkazildi. Ushbu chempionatda Andijon shahridagi “Yoshlar shaharchasi” bolalari ham munosib ishtirok etib, finalda mezbonlarga qarshi maydonga chiqishdi va 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ushbu qo‘lga kiritilgan faxrli o‘rinni taqdirlash maqsadida “Andijon” futbol klubi rahbariyati Bo‘ston dahasida joylashgan “Viloyat bolalar va o‘smirlar futbol maktabi” ning anjumanlar zalida “Yoshlar shaharchasi” futbolchilarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi.
“Andijon” futbol klubi bosh direktori Ma’rufjon Abdisalomov so‘zga chiqib, futbolchilarni qo‘lga kiritilgan ikkinchi o‘rin bilan samimiy tabrikladi.
“Avvalo, qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan Sizlarni chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizlarni Andijon viloyati futboli kelajagi deb bilaman. Mashg‘ulotlarda o‘z ustingda ishlab, kelajakda “Andijon” jamoasining asosiy futbolchilari qatorida bo‘lishlaringni tilab qolaman. Quvonarlisi viloyatimiz xokimi xurmatli Shuhratbek Qo‘shaqboyevich tomonidan so‘nggi yillarda millionlar o‘yiniga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Nasib qilsa bu yil “Andijon” jamoasining har bir uy uchrashuvlariga “Yoshlar shaxarchasi”dagi bolalarni taklif etib, “Sog‘lom avlod” stadionidan maxsus sektor ajratamiz” -deydi Ma’rufjon Jamoldinovich.
Shuningdek, ushbu ochiq suhbat chog‘ida klub bosh direktori Ma’rufjon Abdisalomov yosh futbolchilarning talab va takliflarini tinglab, 2002, 2003, 2004 hamda 2006 yilda tug‘ilgan to‘rt nafar yosh bolakaylarni jamoa qoshidagi futbol akademiyasiga qabul qilinishini aytganida, yosh futbolchilar xursandchiligini o‘z ichiga sig‘dira olishmadi.
“Farg‘onadagi turnirdan so‘ng, 5 nafar futbolchini terma jamoaga nomzod tariqasida taklif etishganini eshitib, xursand bo‘ldim. Bu Andijon viloyati futboli yutug‘i. Yetuk futbolchi bo‘lib shakllanishlaringda barcha shart-sharoitni qilib berishga tayyorman. Futbol bilan jiddiy shug‘ullanishlaringni ta’minlash uchun jamoaga “JOMA” brendi ostidagi liboslarni va “NIKE” to‘plaridan sovg‘a qilaman -deya yoshlarni yanada ruhlantirdi.
Tadbir so‘ngida, “Andijon” futbol klubi bosh direktori Ma’rufjon Abdisalomov, “Bolalar va o‘smirlar futbol maktabi” direktori Farrux Mirzayev, “Andijon” muxlislar klubi raisi Nodirbek To‘ychiyevlar “Yoshlar shaharchasi” futbolchilariga faxrli yorliq, medallar va esdalik sovg‘alarini topshirib. Bolajonlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
“Andijon” matbuot xizmati