Kecha Osiyo|Avstraliya futbolining klub miqyosidagi bosh turniri - OCHLning navbatdagi mavsumi guruh bosqichiga start berildi.
O‘ylaymizki, turnirga tegishli rekordlar va faktlar ko‘pchilikni alohida qiziqtiradi, albatta. Shuni nazarda tutib, bir qator ma’lumotlar bilan tanishtirishni lozim topdik. Umuman, OCHL rekordlari va ko‘rsatkichlari borasidagi izlanishlarni butun mavsum davomida to‘xtatmaymiz. Demak, dastlab diqqatni umumiy ko‘rsatkichlarga buramiz.
Futbolchilar narxi
Germaniyaning www.transfermarkt.de sayti ma’lumotlari asosida chiqarilgan hisob-kitobga qaraganda, OCHL-2019 uchun «zayavka» qilingan futbolchilar transferining umumiy bahosi 747,45 mln. funtga teng. Oxirgi 2 mavsum ko‘rsatkichi bundan ancha past bo‘lganini aytish o‘rinli: 2018 yil - 531,54 mln. funt va 2017 yil - 405,9 mln. funt. Xullas, yangi mavsum ishtirokchilari qatorida arab dunyosining boy klublari ko‘proq ekanligi futbolchilarning umumiy bahsida ham yaqqol sezildi. Yana bir tomoni, OCHL-2019da qatnashuvchi futbolchilardan 130 nafarining transfer narxi 1 mln. funtdan baland (o‘tgan mavsum bunday o‘yinchilar 101 nafar edi). Alohida aytish kerak, shu 130 nafar qimmatbaho futbolchidan 4 nafari «Paxtakor» va 2 nafari «Lokomotiv» vakili hisoblanadi.
Amplualar bo‘yicha ol, «Al-Ittihod» (Jidda) vakili Marselo Groxe OCHLning eng qimmatbaho darvozabonidir - 3,6 mln. funt. Deylik, «Paxtakor» kiperi Eldor Suyunovgaqo‘yilgan narx - 0,72 mln. funt. Himoyachilar orasida «Al-Duhayl» a’zosi Medhi Benatiya 1-o‘rinda(13,5 mln. funt), braziliyalik Paulinyo («Guanjou Evergrand») esa 34,2 mln. funtga teng baho bilan yarim himoyachilar orasida yaqqol ajralib turibdi. Hujumchilarga kelsak, Sedrik Bakambu (19,8 mln. funt) mutlaq peshqadam.
Bosh murabbiylar reytingi
OCHL-2019 ishtirokchilari bosh murabbiylari orasida katta tajriba egalari ko‘p. Ular orasida hozirgi klublari barqaror ishlayotgan mutaxassislar ham bor, albatta. Misol uchun, avstraliyalik Kevin Muskat «Melburn Viktori»ni deyarli 4,5 yildan buyon boshqarmoqda.
Hakamlar masalasi
Diqqat qiling, OCHL o‘yinlarini boshqarish bobida ikki hamyurtimiz - Ravshan Ermatov va Valentin Kovalenko oldinda. Ayni payt, ya’ni OCHL-2019 guruh bosqichiga qadar Ermatov naq 50ta o‘yinda hakamlik qilgan. Kovalenko hisobida esa 42ta o‘yin bor.
Klub tarbiyalanuvchilari
Ko‘pchilikka sir emas, J.Koreya, Yaponiya va O‘zbekiston klublarida mahalliy tarbiyalanuvchilar (jamoa akademiyasidan chiqqan futbolchilar)ga e’tibor katta. Har holda, shu 3ta mamlakat jamoalarida futbolchilar kuchliroq chempionatga yo‘l olishdan oldin aynan OCHLda o‘zlarini ko‘rsatishga urinishadi va buni uddalashadi ham. Misol uchun, bizdan «Paxtakor» OCHL-2019 uchun «zayavka» qilingan o‘z tarbiyalanuvchilari ko‘pligi bilan bemalol maqtanishi mumkin.
O‘yin intizomi
OCHL-2016 g‘olibi va 2017 yili diskvalifikasiya tufayli turnirda ishtirok etmagan «Chonbuk Xyunday Motors» sariq va qizil kartochkalar soni bo‘yicha «peshqadam»likni «Al-Hilol»ga berib qo‘ydi. Ar-Riyod klubi hisobida jami 154ta sariq va 9ta qizil kartochka bor. Chempionatimiz vakillari - «Bunyodkor» va «Paxtakor» «kuchli 15talik»da. «Lokomotiv» esa 52ta sariq va 1ta qizil kartochka bilan 39-o‘rinda.
Eng yosh futbolchilar
Turnirda maydonga tushgan eng yosh futbolchi - «Seongnam Ilva Chunma» hujumchisi Min Xo Kim. U 2007 yilning 18 aprelida «Urava Reds»ga qarshi kechgan safar o‘yinida maydonga tushganida, atigi 15 yosh 9 oy 26 kunlik edi. Bu boradagi ikkinchi natija «Adelaida Yunayted» hujumchisi Tiboy Kamaraga tegishli (2012 yilning 18 aprel kuni «Poxang Stilers» bilan bahsda 15 yoshu 11 oyligida harakatlangan. Hamyurtlarimiz orasida eng yosh debyutant Temur Hakimov bo‘lib, u 2012 yilning 2 may kuni 17 yosh 8 oy 9 kunligida «Paxtakor» - «Al-Ittihod» uchrashuvida maydonga tushgan (turnir tarixidagi 16-natija).
Eng yoshi katta futbolchilar
OCHL o‘yinida ishtirok etgan eng «qari» futbolchi - «Chonbuk Xyunday» darvozaboni Choy Sung. Koreys kiperi bu rekordni 2014 yilning 18 martida «Guanjou Evergrand»ga qarshi kechgan safar uchrashuvida o‘rnatgan - 42 yosh 11 oy 13 kunlik. Darvoqe, 2018 yili «Al-Duhayl» yarim himoyachisi Abdulrahmon Fahmiy 40 yosh 8 oy 4 kunligida maydonga tushib, «qariya»lar reytingida 3-o‘ringa ko‘tarildi. Hamyurtimiz Pavel Bugalo bu ro‘yxatning 8-qatorida turibdi. U 2014 yilning 19 mart kuni «Fulad» bilan bahsda «Bunyodkor» darvozasini qo‘riqlaganida 39 yosh 6 oy 26 kunlik edi. OCHLning eng «qari» 20 nafar ishtirokchisi orasida yana bir hamyurtimiz bor Viktor Karpenko («Bunyodkor») - 38 yosh 7 oy 27 kunlik (17-o‘rin).
Eng yosh tarkib
2011 yilning 11 may kuni Ravshan Haydarov «Paxtakor» - «Al-Sadd» bahsida OCHL tarixidagi eng yosh boshlang‘ich tarkibga tayangandi. O‘shanda maydonga tushgan «paxtakorchilar»ning o‘rtacha yoshi 21,8ga teng bo‘lgandi: Nikita Ribkin (19 yosh), Murod Xolmuhammedov (20 yosh), Akbar Ismatullayev (20 yosh), Ilhom Suyunov (27 yosh), Akmal Xolmurodov (22 yosh), Vladimir Kozak (17 yosh), Stanislav Andreev (23 yosh), San’at Shixov (21 yosh), Alisher Azizov (21 yosh), Dushan Savich (25 yosh), Temurxo‘ja Abduxoliqov (19 yosh). Zaxirada qolganlarning o‘rtacha yoshi esa 20,8ni tashkil qilgandi. Umuman olganda, OCHL tarixida maydonga tushgan eng yosh 10ta tarkibdan naq 5tasi «Paxtakor»ga tegishli. Deylik, «sherlar» 2011 yilning o‘zida 3ta o‘yinda o‘ta yosh tarkib hosil qilishgan. 2017 yilning 24 aprelida «Bunyodkor» - «Al-Ahli» (S.Arabistoni) bahsida esa Sergey Lushan boshlang‘ich tarkibni o‘rtacha yoshi 22,4ga teng futbolchilardan tuzgandi. Bu turnir tarixidagi 4-ko‘rsatkichdir.
Eng «Qari» tarkib
2018 yil 13 fevral. «Tyanjin Kuanjin» - «Kitchi» o‘yini. Gonkong klubi bosh murabbiyi Chi Kvong Chu shu kuni maydonga o‘rtacha yoshi 33,1ga teng futbolchilarni tushirdi. «Kitchi»ning boshlang‘ich tarkibidan xususan, 38 yoshli Diyego Forlan ham joy olgandi. Xullas, 2014 yilning 2 aprel kuni «Al-Jazira» - «Istiqlol» o‘yinida fors jamoasi ustozi Amir Galenoi tomonidan o‘rnatilgan oldingi rekord (31,6 yosh) deyarli 4 yildan keyin yangilangandi.
«QuruQ» o‘yinlar
Darvozabonlar mahorati ularning «quruq» o‘yinlari soni bilan ham o‘lchanadi. OCHL tarixida bu boradagi eng yaxshi ko‘rsatkich Xva Yong Shin («Poxang Stilers», «Suvon Samsung Blyuuingz»)ga tegishli - u jami 52ta o‘yin (saralash bosqichlari ham inobatga olingan)dan 22tasida o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlagan. Jeng Cheng («Xenan Jianye», «Guanjou Evergrand») hisobida esa 21ta «quruq» o‘yin bor (jami 62ta o‘yin). «Istiqlol» kiperi Mehdi Rahmatining statistikasi ham chakki emas: 54ta o‘yindan 20tasi «quruq». 4-o‘rinda borayotgan Ignatiy Nesterov 52ta o‘yinning 17tasida raqiblarning gol urishlariga yo‘l qo‘ymagan.
OCHL-2019: eng Qimmatbaho futbolchilar
T|r. Futbolchi (mamlakati) Amp. Yoshi Klubi Bahosi
(mln. funt)
1. Paulinyo (Braziliya) Yar. him. 30 «Guanjou Evergrand» 34,2
2. Oskar (Braziliya) Yar. him. 27 «Shanxay SIPG» 25,2
3. Taliska (Braziliya) Yar. him. 25 «Guanjou Evergrand» 22,5
4. Sedrik Bakambu (Kongo DR) Huj. 27 «Pekin Guoan» 19,8
5. Xalk (Braziliya) Yar. him. 32 «Shanxay SIPG» 18,0
6. Shoya Nakashima (Yaponiya) Yar. him. 24 «Al-Duhayl» 16,2
7. Maruan Fellayni (Belgiya) Yar. him. 31 «Shandong Luneng» 13,5
8. Mehdi Benatiya (Marokash) Him. 31 «Al-Duhayl» 13,5
9. Ahmad Muso (Nigeriya) Huj. 26 «Al-Nasr (S.Arabistoni) 13,5
10. Renato Augusto (Braziliya) Yar. him. 31 «Pekin Guoan» 12,6
11. Juliano (Braziliya) Yar. him. 28 «Al-Nasr» (S.Arabistoni) 11,25
OCHL-2019: o‘z klublarida kamida 2 yildan buyon ishlayotgan
bosh murabbiylar
Murabbiy Fuqaroligi Klubi Yoshi Muddat
Kevin Muskat Avstraliya «Melburn Viktori» 45 5 yil 4 oy
Branko Ivankovich Xorvatiya «Persepolis» 64 3 yil 10 oy
Jezualdo Ferreyra Portugaliya «Al-Sadd» 72 3 yil 3 oy
Kim Jong Bu J.Koreya «Kyonnam» 54 3 yil 3 oy
Kim Do Xun J.Koreya «Ulsan Xyunday» 48 2 yil 3 oy
Toru Oniki Yaponiya «Kavasaki Frontale» 44 2 yil 1 oy
OCHL: eng ko‘p o‘yin boshQargan 11 nafar referi statistikasi
Hakam Fuqaroligi Yoshi Sar. Qiz. Pen. O‘yin
Ravshan Ermatov O‘zbekiston 41 174 14 3 50
Valentin Kovalenko O‘zbekiston 43 107 5 10 42
Navaf Shukrulloh Bahrayn 42 163 4 6 42
Alirizo Fag‘oni Eron 40 140 3 10 37
Kim Dong Jin J.Koreya 45 138 3 8 32
Benjamin Uilyams Avstraliya 41 116 8 9 31
Abdulloh al Hiloliy Ummon 48 95 5 7 29
Ali Abdulnabiy Bahrayn 47 107 5 3 27
Ryuji Sato Yaponiya 41 102 3 4 26
Abdulrahmon Abdu Qatar 46 83 1 3 25
Kim Jong Xeok J.Koreya 35 81 4 5 25
OCHL-2019: tarbiyalanuvchilar soni bo‘yicha reyting (manba: www.transfermarkt.co.uk)
Klub Tar. soni O‘yin Gol Umumiy
narxi (funt)
«Paxtakor» 15 79 11 6,17mln.
«Zob-Ohan 11 51 4 1,15mln.
«Buriram Yunayted» 11 26 1 923 ming
«Kashima Antlers» 9 88 12 5,02 mln.
«Urava Reds» 7 0 0 1,44 mln.
«Pekin Guoan» 7 36 2 1,42 mln.
«Chonbuk Xyunday» 7 5 0 720 ming
«Sanfrechche Xirosima» 6 20 1 1,98 mln.
«Al-Ahli» (S.Arabistoni) 6 76 8 2,57 mln.
«Istiqlol» 6 62 3 1,26 mln.
«Tegu» 6 0 0 293 ming
«Al-Vahda» 5 45 2 945 ming
«Kyonnam» 5 0 0 248 ming
«Ulsan Xyunday» 4 7 1 630 ming
«Lokomotiv» 4 0 0 720 ming
«Kavasaki Frontale» 3 0 0 135 ming
«Persepolis» 2 0 0 135 ming
«Shandong Luneng» 2 0 0 23 ming
«Al-Vasl» 2 3 0 -
«Guanjou Evergrand» 1 0 0 90 ming
OCHL: eng ko‘p sariQ va Qizil kartochka olgan klublar
T|r. Klub Sariq|
qizil kar. Ochko
1. «Al-Hilol» 154|9 189
2. «Chonbuk Motors» 163|6 185
3. «Al-Ayn» 115|10 159
4. «Al-Jazira» 120|6 148
5. «Guanjou Evergrand» 116|4 136
6. «Al-Ahli» (S.Arabistoni) 108|6 134
7. «Bunyodkor» 109|5 128
8. «Al-Duhayl» 99|6 121
9. «Pekin Guoan» 72|11 119
10. «Istiqlol» 99|4 113
11. «Al-Ittihod» (S.Arabistoni) 93|4 111
12. «Al-Sadd» 88|6 110
13. «Paxtakor» 79|7 110
Izoh: sariq kartochka - 1 ochko; ikkinchi sariq|qizil kartochka - 3 ochko; to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka - 5 ochko.