Saudiya Arabistonida O‘zbek kurashi bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etildi
Turnirda 20 dan ortiq davlatdan polvonlar mutlaq vaznda g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun gilamga tushdi.
O‘zbekiston sharafini jahon va Osiyo chempioni, Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlari g‘olibi Muhsin Hisomiddinov himoya qildi.
Xalqaro musobaqa Podshoh Abdulaziz nomidagi “Tuyalar festivali” (King Abdulaziz Camel Festival) dasturiga birinchi marta kiritilgan “Ko‘chmanchilar olami” (Nomad Universe) xalqaro etnofestivali doirasida o‘tkazildi.
Festival mamlakat poytaxti Ar-Riyod shahridan 120 kilometr uzoqlikdagi cho‘l hududida joylashgan Al-Sayohid qishlog‘ida tashkil etilgan. Bu qishloq yuz yillar davomida Arabiston yarim orolining turli nuqtalaridan yo‘lga chiqqan tuya karvonlari uchrashadigan tarixiy hudud hisoblanadi.
“Tuyalar festivali” bir oy davom etadi. Bu yerga har kuni 25-30 ming tomoshabin kelmoqda. “Ko‘chmanchilar olami” xalqaro festivali esa 9-19 mart kunlari o‘tkazilmoqda. Etnofestival turli xalqlar va millatlarning betakror an’analari namoyish etiladigan yirik anjuman, deb baholanyapti. Bu yerda kurash va yakkakurash turlari, an’anaviy intellektual o‘yinlar bo‘yicha musobaqalar, kamondan o‘q uzish, qushlar bilan ov qilish, uloq va boshqa turdagi milliy qadriyatlar bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etilmoqda.
Kurash bo‘yicha turnir festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otgan musobaqalardan biri bo‘ldi.
- Kurash bo‘yicha musobaqa festivalimizga o‘zgacha ruh bag‘ishladi, - deydi, Jahon etnoo‘yinlar konfederasiyasi prezidenti Asxat Akibayev. – Unda 20 dan ortiq davlat vakillari qatnashgani ushbu sport turining obro‘si xalqaro ko‘lamda salmoqli ekanidan dalolat bermoqda.
- 2018 yil Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo o‘yinlari doirasida kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tgach, dunyoda, xususan, Osiyo mamlakatlarida ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqish yanada oshdi, - deydi Osiyo va Okeaniya kurash konfederasiyasi vise-prezidenti Mirzaquli Qurbonov (Turkmaniston). – Endi tashkil etilayotgan har bir musobaqani dunyo polvonlari malaka va mahorat oshirish uchun qulay imkoniyat, deb bilmoqda.
- Mongoliya bir marta kurash bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilganidan faxrlanamiz, - deb o‘z fikrlarini bildirdi Mongoliya kurash federasiyasi prezidenti Begz Ganbatar. – Bugun bizning mamlakatimizda kurash bo‘yicha o‘nlab to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. Ishonchimiz komilki, ularda bo‘lajak jahon va Osiyo chempionlari, Osiyo o‘yinlari g‘oliblari tarbiyalanmoqda. Bugungi musobaqada ham eng kuchli kurashchilarimizdan biri - Serik Beryedmurat munosib qatnashib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Ishqibozlarning qizg‘in hayqiriqlari ostida o‘tgan bellashuvlarda dunyoning turli mamlakatlari polvonlari kurash sirlarini puxta o‘rganib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishga intilayotganini ko‘rsatdi. Kurash Vatani – O‘zbekiston vakiliga Mongoliya, Qirg‘iziston, Bolgariya, Kongo, Uganda, AQSH kabi davlatlarning sportchilari kuchli raqobat ko‘rsatdi.
Asosiy bellashuv – finalda Muhsin Hisomiddinov va turkmanistonlik Gilich Jumayev g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Unda bugun jahon reytingida peshqadamlik qilayotgan o‘zbekistonlik polvonning qo‘li baland keldi.
- Men Muhsin polvonni g‘oliblik bilan tabrikladim va, shuningdek, endi musobaqalarda o‘zbekistonlik kurashchilarga oson bo‘lmasligini ham aytdim, - deydi Gilich polvon. – Chunki dunyoda kurashga mehr qo‘ygan va uning sirlarini o‘rganib, mahoratini oshirib borayotgan polvonlar safi kengayib bormoqda. Xitoyda 2022 yil bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida kurashchilar 15 vazn toifasida va jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlarda gilamga tushishi qit’amiz polvonlari uchun xushxabar bo‘ldi va xursand qildi.
“Tuyalar festivali” doirasida kurash bo‘yicha xalqaro turnirning tashkil etilishi o‘zbek xalqining bebaho qadriyatiga bo‘lgan xalqaro qiziqishning yanada oshayotganidan dalolatdir.
Manba: UZA
Kiritildi: 15:21, 17.03.2019.
O'qildi: 2065 marta.
Fikrlar: 1 ta.