Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Futbol va biznes: Zidan – homiylar oxanrabosi

Futbol va biznes: Zidan – homiylar oxanrabosi

Baho:
+ | -

YECHL finalida «Bayer» darvozasiga urilgan unutilmas gol, jahon kubogining hal qiluvchi bahsida amalga oshirilgan zafarli «dubl», 1998 yilning «Oltin to‘p»i va qatorasiga 3 marta qo‘lga kiritilgan YECHL kuboklari - bularning barchasi futbolchi va murabbiy Zayniddin Zidanga tegishli.

Yorqin faoliyatiga zarracha dog‘ tushirmagan olijanob yigit bilan hamkorlik qilish uchun eng yirik kompaniyalar yillab navbat kutadilar. Xo‘sh, Zayniddin nimalarni ovoza qiladi? Sports.ru shu haqda so‘z yuritadi.

Hayotda Zidan kamtarin, oilaparvar inson sifatida hurmat qozongan, tiliga erk bermaydi, saxovatpeshalik ramzi. Butun Fransiya uni xush ko‘radi, yangi asrda Zayniddin mamlakatdagi barcha reytinglarning mutloq yetakchisi, mashhur san’atkorlar va siyosat arboblaridan o‘zib ketgan. 2006 yilda Fransiyaning Le Journal du dimanche nashri Zizuni mamlakatning eng mashhur kishisi sifatida rasman tan olgandi.

Tabiiyki, bunchalik yuksak obro‘-hurmat sohibi qudratli homiylar e’tiboridan chetda qolmadi, Adidas, Canal }, Audi, Danon, Louis Vuitton, Christian Dior vakillari Zizuning ko‘nglini ovlash payida bo‘lishdi. Natijada futbolchi o‘z faoliyatini yakunlash arafasida reklamadan «Real»dagi daromadidan ko‘ra ko‘proq pul ishladi (8,6 mln. - 6,4 mln.). 2018 yilning mayida «Bernabeu»ni tark etganida, Britaniya tabloidlari uning boyliklarini 70 mln. yevroga baholadilar. Albatta, klublar Zidanga yaxshigina haq to‘lashgan. Biroq uning hisob raqamidagi mablag‘ning asosiy qismi - homiylik badallari.

Zayniddinning reklama sohasidagi faoliyatiga oid ma’lumotlar 1998 yilga qadar juda oz edi (o‘shanda futbolchi 26 yoshda edi). Adidas firmasining marketing bo‘limi rahbari Emmanuel Geyning aytishicha, Zidan 10 yildan beri elchi maqomida kompaniya bilan hamkorlik qilgan. Mutaxassis bu fikrni 2006 yilda bildirganidan kelib chiqsak, Zizu 1996 yilda, «Yuventus»ga o‘tganidan keyin hamkorlikni boshlagan.

Futbol yulduzining tadbirkorlikdagi faolligi 1999 yilda keskin oshdi - Zizu ZZ brendi ostida kiyim-kechaklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaga asos soldi. Bir yildan keyin Zidane diffusion kompaniyasi dunyoga keldi, uni futbolchining o‘zi boshqara boshladi.

Nizom sarmoyasi 38000 yevro bo‘lgan korxonaga Zidan o‘z qarindoshlarini jalb etdi.

Reklama olamidagi yutuqlari maqtaydigan darajada bo‘lmasada, Zizu «Bordo»dan «Yuventus»ga o‘tish orqali 1996 yilda bu boradagi dastlabki muhim qadamni amalga oshirgandi. Chunki u mo‘may daromadli bozorga kirib kelgandi. Qolaversa, u o‘zidan avval Fransiyaning eng mashhur futbolchisi - Mishel Platini bilan taqqoslashlariga sharoit yaratdi. O‘z vaqtida Mishel ham aynan Turin grandi safida porlagandi.

Fransiyaning mezbonligida o‘tgan va unga dastlabki chempionlik unvonini keltirgan JCH Zidanning futbolchilik va reklama faoliyatida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Tojdorga aylangan Zizu yarim yildan keyin «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi.

Shundan keyin Zayniddin barcha mashhur kompaniyalarni ohanrabodek o‘ziga torta boshladi. Buning asosiy sabablari 3ta:

1. Yaqqol ko‘rinib turgan sabab - Zidanning futboldagi muvaffaqiyati.

Bu sababni izohlash uchun balandparvoz iboralar shart emas, Zizu - futbol olamining eng yorqin vakillaridan biri;

2. Zidan - muhojirlar oilasidan chiqqan uddaburon bolakay ramzi.

Fransiyadagi JCH-1998 turniri mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy keskinlik muhiti bilan yodda qolgandi. Buning asosiy sababi aholi tarkibining xilma-xilligi bilan izohlanadi. Mundial yakunidan keyin 1998 yilning iyulida «Ekonomist» nashri «Fransiyada irqchilik kuchlimi?» sarlavhali materialni chop etdi. Unda davlat muassasalari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijasi e’lon qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarning 40 foizi o‘zlarini muayyan darajada irqchi, deb hisoblashar ekan. Musobaqa davrida «Milliy front» partiyasining yetakchisi Jan-Mari Li Pen vaziyatni keskinlashtirishga urindi: «Xorijdan o‘yinchilarni olib kelib, ularni fransuzlar jamoasi deyish sun’iylikdan o‘zga narsa emas». To‘g‘ri, keyinchalik partiya o‘z rahbarining so‘zlari uchun uzr so‘radi.

Zidan Fransiyada dunyoga kelgan, lekin sobiq koloniya - Jazoirdan ko‘chib o‘tgan muhojirlar oilasidan. Otasi Marselda qorovul bo‘lib ishlagan, o‘zi esa ishsizlik va jinoyatchilik avj olgan tumanda to‘p surib ulg‘aydi.

«Uch ranglilar»ning chempion tarkibi turli millat vakillaridan tashkil topgandi. «Milan»ning baquvvat himoyachisi Marsel Desayi Ganada, Karambyo Yangi Kaledoniyada tavallud topishgan, Lilian Tyuram bilan David Trezege Fransiyada tug‘ilgan bo‘lsalarda, Tyuramning onasi Gvadelupadan, Davidning ota-onasi esa argentinalik edilar. Jorkayeffning onasi - arman, otasi - polshalik ayol va qalmiq yigitning farzandi bo‘lgan.

Terma jamoadagi rang-barang tarkib mamlakatdagi vaziyatni aks ettirib turardi. «Jamoamiz Fransiyaga xos bo‘lgan ijtimoiy-madaniy tuzilma haqida to‘liq tasavvur beradi», - degandi Gvianada yorug‘ olam yuzini ko‘rgan chempion darvozabon Bernar Lama.

Terma jamoaning tarixiy g‘alabasi va Zidanning betakror ishtiroki Fransiyadagi ko‘pchilik fuqarolarni «Irqchilikka chek qo‘yish vaqti keldi» shiori ostida birlashishga undadi. Futbolga tamoman befarq bo‘lgan prezident Jak Shirak Zidan va uning jamoadoshlarini Faxriy Legion Ordeni bilan taqdirlash marosimida «Uch ranglilar» futbolkasini kiygan holda ishtirok etdi. Bosh rahbarning yuksak e’tibori millionlab kishilar qalbini to‘lqinlantirdi, zafarni nishonlash niyatidagi muxlislar uchun Yelisey maydoni torlik qilib qoldi, Zizuning portreti Triumflar arkini zabt etdi. Muxlislarning «Zidanni prezidentlikka!» va «Rahmat, Zizu!» kabi xitoblari poytaxt osmoniga sig‘may qoldi.

Darhaqiqat, Zayniddin nafaqat mundialning, balki ko‘pmillatli Fransiyaning chinakam ramzi bo‘ldi. Tabiiyki, buni mashhur brendlar e’tibordan qochirishmadi;

3. Mukammal reputasiya - Zizuning homiylar bilan muvaffaqiyatli hamkorligining uchinchi omili. «Zidan - sportdagi natijalaridan ko‘ra insoniy fazilatlari evaziga ko‘proq hurmat-ehtiromga ega bo‘lgan o‘ta noyob shaxslardan biri. Undagi asl erkakka xos xususiyatlar futboldagi natijalaridan muhimroq» - bu e’tirof Sport Lab tadqiqot va marketing konsalting firmasi rahbari Jil Dyumaga tegishli.

Sport Lab tadqiqotlarining tezkor so‘rovi ishtirokchilari Zidanning 3ta fazilatini alohida e’tirof etishgan: sipolik, soddalik va hamdardlik. Zizu doimo o‘z or-nomusi va nufuzini himoya qilishni unutmasligi bois, noqulay vaziyatlarga tushib qolmaydi, ehtiyotkor va mas’uliyatli shaxs rolini benuqson bajaradi. Zayniddin hamisha keskin fikrlar bildirishdan o‘zini tiyadi. Misol uchun, unga Fransiyadagi irqchilik va tahqirlash xususida savol berishsa, o‘zi tushunmaydigan mavzuda mulohaza yuritishga tayyor emasligini aytish bilan kifoyalanadi.

JCH-98dan keyin Zidanning barcha sohalardagi ishlari yurishib ketdi. 2001-2006 yillarda dunyoning eng qudratli brendlaridan biri bo‘lgan «Real» sharafini himoya qildi. Futbol olamidagi benuqson reputasiya Zizuga badavlat homiylarni o‘z istagiga ko‘ndirish imkoniyatini berdi. Nufuzli L’Express nashri ma’lumotiga ko‘ra, Zayniddin qiymati 1 mln. yevrodan oz bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqmasligini bildirgan. Hatto JCH-2006 finalida Marko Materassi bilan yuz bergan mojaro ham uning obro‘siga putur yetkaza olmadi. Vaholanki, o‘shanda Zidan raqib ko‘ksiga kalla tortishdan o‘zini tiyganida, Fransiya ikkinchi marta shohsupaga ko‘tarilishi mumkin edi. Lekin hamiyatini himoya qilgan chempionni prezidentdan tortib, oddiy fuqarolargacha afv etishdi. Ana shu yuksak ehtirom homiylarni Zizuga yaqinroq bo‘lishga undadi. «Materassi voqeasi Zidanga zarar yetkazmaydi, homiylar hech qayoqqa ketishmaydi. Chunki u amalga oshirgan jasurlik chin inson siymosini to‘ldiradi», - degandi 2006 yilda Havas reklama agentligining ijrochi direktori Jak Segela. Darhaqiqat, mojaro Zidanning reklama shartnomalariga ziyon yetkazmadi. Hatto butsalarini mixga ilganidan keyin ham homiylar Zizudan voz kechishmadi.

Zayniddin 2004 yildan 2015 yilga qadar Danon mahsulotlarini ovoza qildi. 2007 yilda u Grand Optical kompaniyasi bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi. Uning yillik daromadi 450000 yevroga teng edi. 2010 yilda Zizu yaponiyalik dizayner Yedzi Yamamotoning Adidas bilan hamkorlikda yaratgan kiyim-kechaklari namoyishida elchi sifatida ishtirok etdi, hatto liboslarni kiygan holda sahnaga ko‘tarildi. O‘sha yilning yozida Louis Vuitton bilan imzolagan kelishuviga ko‘ra, Diyego Maradona va Pele bilan stol futboli bahsida kuch sinashdi.

2015 yilda Zidan Mango liboslarini ovoza qildi. Bir yildan keyin u Orange telefon operatorining 3 yilga mo‘ljallangan 6 mln. yevrolik taklifini qabul qildi.

Qahramonimizning Adidas bilan so‘nggi kelishuvi 2017 yilgacha mo‘ljallangandi. Biroq o‘tgan yilning yozida ham firma mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatmadi. Aftidan, u Zizu bilan yangi shartnomani imzolagan ko‘rinadi. Ha, taniqli brendni tushunish qiyin emas - Zidandek kamyob ovozachidan voz kechishning iloji yo‘q!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 11:15, 26.03.2019.
O'qildi: 6120 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.