«Oldxem» Pol Skoulzning murabbiylik faoliyatidagi birinchi klubi bo‘ldi. Bunga qadar u televideniyeda ekspert lavozimida ishladi, Anliya termasi o‘yinlarini sharhladi, gazetaga maqolalar yozdi, «MYU»ni tanqid qildi. Murabbiylikdagi ishi esa muvaffaqiyatsiz yakun topdi - Skoulz tayinlovdan 31 kun o‘tib, iste’foga chiqdi.
«Oldxem»dagi muammolar bosh murabbiylikka kelgan ilk kunlardanoq boshlandi: to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani uchun elektr ta’minoti uzib qo‘yildi. Oqibatda, xodimlar futbolchilarning liboslarini yuva olishmadi va bu ish o‘yinchilarning o‘ziga qoldi. Klub xo‘jayini Abdulla Lemsagamning mashg‘ulotlar jarayoniga aralashgani esa hammasidan o‘tib tushdi: ular Skoulzga futbolchilarni qanday shug‘ullantirish, o‘yinlardan oldin qanday tarkib va sxema tanlash lozimligi bo‘yicha muntazam buyruq berishgan. «MYU» afsonasiga esa bu yoqmadi va shogirdlarini to‘plab, klub egasiga ma’lumot yetkazmaslikni, aks holda, «xoin» tarkibdan chetda qolishini aytdi.
Lemsagam murabbiydan yashirin tarzda himoyachi Aleks Yakovitiga ikki yillik shartnoma va’da qilgani Skoulzning sabr kosasini to‘ldirdi, zero ushbu futbolchi joriy mavsum biror marta maydonga tushmagandi. «Shartnomam oxirigacha «Oldxem»da qolaman, deb umid qilgandim. Ishqibozlar, futbolchilar, do‘stlarim, oila a’zolari bu lavozimga tayinlanganimdan qanchalik faxrlanganimdan xabardor edilar. Ammo «Oldxem» boshqaruvini qo‘lga olgach, bu yerda o‘zim rejalashtirgandek ishlay olmasligimni tushundim», - dedi Pol. Lemsagam esa Skoulzning qaroridan hayratda ekanini yashirmadi: «Men ham, klub xodimlari ham Polga kerakli yordamni berishga intilishdi. Shaxsan o‘zim u qabul qilgan barcha qarorlarni qo‘llab-quvvatladim. Ajablandim, chunki u chat orqali iste’foga chiqishini yozib qoldirdi». Vaziyatga Ole-Gunnar Sulsher ham munosabatini bildirarkan, sobiq jamoadoshiga ish taklif qildi. «O‘ylashimcha, Skoulzning bu klubni tark etishiga yetarlicha sabablar bor. U yerda nima bo‘lganini bilmayman, bu haqda o‘zidan so‘raganingiz ma’qul. Shuni aytishim mumkinki, uni «MYU»ga taklif qilamiz, agar xohlasa, albatta. Barchasini bafurja muhokama qilamiz», - dedi Sulsher.
Hozircha Skoulz angliyalik sobiq futbolchilarning noxush an’anasini davom ettirmoqda: barchalaridan yaxshi murabbiy chiqishi qiyin bo‘lmoqda. Misol uchun, Gari Nevill «Valensiya»dagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng mashg‘ulotlar maydonidan chetda yurib, jurnalistika bilan shug‘ullanishni afzal bilmoqda. Skoulzga esa o‘zini ko‘rsatishi uchun yana bir imkoniyat tug‘ildi.