Musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasida og‘ir vazn toifalarida g‘oliblar nomi aniqlandi. Dastlab 81 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida bellashuvlar tashkil etildi. Ushbu vazndagi polvonlar o‘rtasida musobaqa avvalidan favorit sanalgan Toshkent viloyati vakili Sarvarbek Zafarjonov yakunda 1-o‘rinni egalladi. U eng yaqin ta’qibchisi namanganlik Muhammadqodir Toshtemirovni naqd 16 kiloga ortda qoldirdi. Navbatdagi 89 kg.gacha vazn toifasidagi bellashuvlarda esa namanganlik Zaynobiddin Muhammadaminovga teng keladigan raqib topilmadi. U dast ko‘tarish mashqida 156 kg., siltab ko‘tarishda esa 182 kg. natija qayd etdi. Bu natija unga ikkikurashda oltin medalni taqdim etgan bo‘lsa-da, aynan siltab ko‘tarishda kumush medal bilan cheklandi. 96 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasidagi bellashuvlarda yana bir mezbon sportchi Sunnat O‘sarov katta farq bilan g‘alaba qozondi. Toshkent viloyati sharafini himoya qilgan Sunnat O‘zbekiston chempionatida eng yaqin ta’qibchisini naqd 23 kiloga ortda qoldirib ketdi. Yuz kilodan og‘ir vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlar o‘ta murosasiz kechdi. Jumladan, 102 kg.gacha vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan surxondaryolik Umar Shohnazarov eng yaqin ta’qibchisi Jamshid Mirzayevni (Toshkent viloyati) bor-yo‘g‘i 6 kiloga ortda qoldirdi. Ushbu vaznda ayniqsa dast ko‘tarish bellashuvlari murosasiz kechdi. Mazkur yo‘nalishda g‘olib va 3-o‘rin egasini atigi bir ochkolik farq ajratdi. 109 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasidagi bellashuvlarda o‘zbek og‘ir atletika maktabining umidi sifatida qaralayotgan Akbar Jo‘rayev raqobatdan xoli ekani yaqqol ko‘rinib qoldi. Yosh atletimiz har ikki mashqda o‘zining ilk urinishidayoq chempionlikni tantana qildi. Keyingi urinishlar esa sportchimizning shaxsiy ko‘rsatkichini yaxshilashga xizmat qildi xolos. Eng og‘ir, 109 kg.dan yuqori vazn toifasida terma jamoamiz yetakchisi Rustam Jangabayev kutilganidek oltin medalni begona qilmadi. Rustamning muvaffaqiyati shu qadar ishonchli chiqdiki, u o‘zining eng yaqin ta’qibchisi qoraqalpog‘istonlik Shaxmerdan Kemalovni oz emas, ko‘p emas, naqd 110 kiloga ortda qoldirib ketdi. Musobaqa yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Og‘ir atletika. O‘zbekiston chempionati -81 kg: 1. Sarvarbek Zafarjonov (Toshkent viloyati) – 340 kg (151 kg +189 kg) 2. Muhammadqodir Toshtemirov (Namangan) – 324 kg (147 kg + 177 kg) 3. Rustam Yunusov (toshkent viloyati) – 313 kg (142 kg + 171 kg) -89 kg: 1. Zaynobiddin Muhammadaminov (Namangan) – 338 kg (156 kg + 182 kg) 2. G‘ayrat Aytmuratov (Qoraqalpog‘iston) – 328 kg (149 kg + 179 kg) 3. Otaxon Imomov (Xorazm) – 326 kg (142 kg + 184 kg) -96 kg: 1. Sunnat O‘sarov (Toshkent viloyati) – 367 kg (170 kg + 197 kg) 2. Nodir Murodov (Jizzax) – 344 kg (154 kg + 190 kg) 3. Sardor Roziqov (Toshkent viloyati) – 342 kg (155 kg + 187 kg) -102 kg: 1. Umar Shohnazarov (Surxondaryo viloyati) – 326 kg (146 kg + 180 kg) 2. Jamshid Mirzayev (Toshkent viloyati) – 318 kg (146 kg + 172 kg) 3. Baxtiyor Otaboyev (Xorazm) – 316 kg (145 kg + 171 kg) -109 kg: 1. Akbar Jo‘rayev (Toshkent viloyati) – 398 kg (181 kg + 217 kg) 2. Mahmud Yusupov (Xorazm) – 347 kg (157 kg + 190 kg) 3. Aleksandr li (Toshkent viloyati) – 335 kg (145 kg + 190 kg) +109 kg: 1. Rustam Jangabayev (Qoraqalpog‘iston) – 440 kg (200 kg + 240 kg) 2. Shaxmerdan Kemalov (Qoraqalpog‘iston) – 330 kg (150 kg + 180 kg) 3. Davron Ortiqboyev (Toshkent viloyati) – 290 kg (130 kg + 160 kg)