Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Firdavs Asadov: «Edgar Gessdan minnatdorman»

Firdavs Asadov: «Edgar Gessdan minnatdorman»

Baho:
+ | -

Terma jamoamiz Osiyo kubogida nisbatan ko‘proq gol urgan, xususan, Eldor Shomurodov nisbatan samarali o‘ynagan bo‘lsada, bizda aynan hujum chizig‘i borasida xavotir bor, baribir.

Chunonchi, oldingi pozisiyada hamon muammolar sezilmoqda. Endi buni to‘g‘rilash uchun keyingi avlod vakillariga ko‘proq e’tibor qaratish talab etiladi, albatta. Yaxshiki, olimpiya, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarida yetuk hujumchi bo‘lish salohiyatiga ega yigitlarimiz ko‘zga tashlanishmoqda.

Faqat ularni yosh nihol misoli avaylab parvarishlash zarur. Aks holda, achchiq haqiqat oldida yana mulzam qolamiz. Axir shu kunga qadar necha-necha iqtidorlarni yo‘qotdik... Joriy mavsum boshida «Buxoro» safiga qo‘shilgan Firdavs Asadovga ham bir necha yil avval kelajagi porloq hujumchi sifatida qaralgandi.

Lekin turli omillar ta’siri o‘laroq, u hozirgacha o‘z iste’dodini to‘liq namoyon etolmadi. Yaqinda Firdavs bilan aynan shu kabi mavzular yuzasidan suhbatlashdik. 

- Firdavs, shu kunga qadar aksar jamoalarda sizga barqarorlik yetishmadi. Buni o‘zingiz nima bilan izohlaysiz...?

- Avvalo, suhbatga chorlaganingiz uchun rahmat. Barqaror to‘p surolmaganimni esa  vaziyat taqozosiga bog‘lashim mumkin. Deylik, jarohatlar tufayli ma’lum muddat katta futboldan chetda qoldim. Tabiiyki, amaliyotning yo‘qligi futbolchi o‘yinini izdan chiqaradi. Xullas, aynan jarohatlar yangi jamoalarda o‘z o‘rnimni topib ketishimga xalaqit berdi. O‘ylaymanki, yaxshi kunlar hali oldinda, hozirda muxlislar ishonchini oqlash ishtiyoqida yonyapman.

-  «Buxoro»da avval ham o‘ynagansiz, ya’ni Edgar Gess boshqaruvida...

- Katta futbolga qadam tashlashimda aynan Edgar Yakovlevichning o‘rni katta.  Chunonchi, uning ishonchi ortidan elitada debyut qildim. Hattoki, «Buxoro»ning bir necha o‘yinida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdim. Qisqasi, Gess menda o‘z kuchimga nisbatan ishonch hissini oshirdi. Albatta, buning uchun Edgar Yakovlevichdan cheksiz minnatdorman.

- O‘tgan mavsumning ikkinchi qismida «Qo‘qon-1912» sharafini himoya qildingiz. No‘’mon Hasanov jamoasidan qanday taassurotlar qoldi?

- Juda zo‘r. Eng asosiysi, Qo‘qonda futbolni chinakamiga yaxshi ko‘rishadi. Ehtimol, shaharning o‘zbek futboli vatani ekanligi ta’siri bordir. Har bir o‘yinda muxlislar jamoani tinmay qo‘llab-quvvatlab turishadi. Bunda natija qandayligi ahamiyatsiz. No‘’mon Hasanov ham hurmatga sazovor murabbiylardan. Har holda, Qo‘qonda yaxshigina jamoa shakllantirdi. Uning asosiy yutug‘i - futbolchilar bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘ladi.

- «Buxoro»ga qaytish qaroringiz o‘zini oqlashiga ishonasizmi?

- Albatta! Hayotiy aqidam oddiy: har qanday ishga qo‘l urishdan oldin barchasini chuqur o‘ylayman. «Etti o‘lchab, bir kes» maqoli bejiz aytilmagan. Xullas, «Buxoro» safiga qo‘shilib, to‘g‘ri yo‘l tutganimga ishonchim komil. Baralla aytaman - jamoamiz tarkibi chakki emas, yoshlar qatori ko‘pni ko‘rgan tajribali futbolchilar ham bor. Eng asosiysi - jamoadoshlarimda ishtiyoq baland.

- Deylik, «Buxoro»ning hujum chizig‘ida raqobat qay darajada?

- Salohiyatli va mahoratli hujumchilar jamlanishgan, demak, raqobat joyida. Bu ayni muddao. Futbolchining aynan talab darajasidagi raqobat muhitida o‘sishi barchaga ma’lum. Vaqtida «Mash’al»da ancha kuchli hujumchilar bilan raqobatlashganman va buning foydasi yaqqol sezilgandi. Umid qilamanki, «Buxoro»dagi raqobat ham faqat foydamga ishlaydi.

- Aytingchi, bolalik yillari aynan qaysi futbolchiga alohida havas bilan qaragansiz?

- O‘zimizdan Anvar Berdiyev o‘yinlarini tomosha qilib, o‘zgacha zavqlanardim.  U kichik imkoniyatdan ham samara chiqarib, hayratga solardi. Menimcha, Berdiyev O‘zbekiston chempionati tarixidagi eng sara hujumchilardan biridir.

- Avvalgi jamoangizda ko‘proq hujumchi ortida to‘p surdingiz. Bu borada Baxtiyor Ashurmatov bilan gaplashdingizmi?

- Ha, «Qo‘qon-1912»da ko‘p hollarda ikkinchi hujumchi rolini bajardim.  Hozirgi jamoamda esa sof hujumchi sifatida harakat qilyapman. O‘zi menga shunisi ma’-qul. Endi murabbiy ishonchini oqlasam, bas.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 15:01, 04.04.2019.
O'qildi: 1760 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.