«Tottenxem»ning baxtiyor murabbiyi Maurisio Pochettino baxt va taqdir haqida. «Amsterdam Arena» mo‘’jizasidan eng ko‘p ta’sirlangan kishi kim?
Albatta, «shporlar»ni final sari boshlagan argentinalik mutaxassis-da. O‘sha kungi holatni bir ko‘z ostingizga keltiring.
Hakamning o‘yin yakunlangani va shuning barobarida «Tottenxem» finalga chiqqanini anglatuvchi hushtagi yangragach, «Ayaks»ning qahramon bo‘lishga haqli futbolchilari maydonga cho‘zilib yotib olishdi: kimdir yig‘ladi, yana birov o‘kirib baqirdi.
Bu pallada mo‘’jizaviy g‘alabadan sarxush Pochettino ham nima qilishini bilmay, yashil maysaga cho‘zildi, beixtiyor kelgan ko‘z yoshini kameralar va ommadan yashirishga urindi. Biroq buning iloji bormidi?
Argentinalik murabbiy maxsus zonada jurnalistlar savollariga ham zo‘rg‘a javob berdi. Demak, quyida tarixiy natija qayd etgan mutaxassisning o‘yindan keyingi ilk fikrlari bilan tanishamiz (manba - sports.ru).
- Maurisio, ayni holatda o‘zingizni qanday his qilyapsiz, nimalar haqida o‘ylayapsiz?
- Oh, buni so‘z bilan ifodalab berolmayman... Bugun butun hayotim davomidagi eng muhim oqshomlardan birini boshdan o‘tkazdim. Bunaqasi har doim ham kuzatilavermaydi. O‘yin qanday yakunlandi-ya... Aslida bu yerga mutlaqo boshqacha reja bilan kelgandik, biroq 3-daqiqadayoq gol qo‘yib yuborganimizdan so‘ng barchasi barbod bo‘ldi. go‘yo. Shularni hisobga olsak, bugungi bahs aql bovar qilmas mo‘’jiza emasmi? Ha, ikkinchi bo‘limda boshqacha o‘ynashni xohladik va harakatlarimiz natija keltirishiga ishonishimiz shartligini bilardik. Ayniqsa, sportda mag‘lubiyatni oldindan tan olish yaramaydi. Hozir miyamda ming xil xayol charx urmoqda. Bulardan eng muhimi, shogirdlarimni alohida tabriklashim kerak. Yigitlar qoyilmaqom darajada ishlashdi, aynan o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishdi, falsafamizga mos keladigan futbolga sodiq qolishdi. Avvalgi o‘yinlardan keyin ham ularni chin qahramonlar sifatida maqtagandim. Endi o‘sha ta’rifni yana bir bora takrorlayman, faqat bu safar «qahramon» iborasi oldiga «super» terminini ham qo‘shib qo‘yishim kerak. Umuman, «Tottenxem»ning CHLdek turnir finaliga chiqqanining o‘ziyoq mo‘’jizaga yaqin voqelik sanaladi. Zero, mavsum boshini eslasak, hech kim bizga ishongan emasdi. Endi fakt shuki, Madrid finalida «Liverpul» bilan aynan biz o‘ynaymiz. Xuddi tushdek tuyuladigan reallik! Albatta, ushbu aql bovar qilmas yurish biz uchun oldinga tashlangan katta qadamdir. Endi sehrli kitobning bosh bobini ham munosib tarzda bitishimiz shart.
- Ha, bu hayotingizdagi eng unutilmas oqshomlardan biri ekanligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Ko‘pchilikni qiziqtarayotgan masala: Pochettino tanaffusda shogirdlariga qanday sehrli so‘zlarni aytdiki, ular birdaniga to‘xtatib bo‘lmas jangchilarga aylanishdi?
- Yo‘q, kiyinish xonasida hech qanday sirli gap yangramadi. Shunchaki, barchamiz futbol gohida shunday shafqatsiz bo‘lishini yana bir karra anglagandik. Zero, tanaffusga qadar chakki o‘ynamadik, ammo hisob 0:2... Lekin hammasi oddiy izohlanadi: biz o‘z imkoniyatlarimizdan samara chiqarolmadik, raqib esa buning ortidan 2 marta jazoladi. To‘g‘ri, tanaffus payti sukut saqlab o‘tirganimiz yo‘q, o‘yinni qanday davom ettirish haqida gaplashdik. Jumladan, hujumni faollashtirish ilinjida Fernando Lyorenteni maydonga tushirishga qaror qildim. Aynan u raqib himoyachilariga ko‘proq bosim o‘tkaza boshlagach, oldingi chiziqda harakatlarimiz nisbatan qovushdi. Xullas, o‘yinning ikkinchi yarmida final yo‘llanmasiga haqli ekanligimizni to‘la isbotladik.
- Shaxsan siz bugun nimanidir o‘rgandingizmi? Har holda, ikkinchi bo‘lim voqealarini nazarda tutsak, yangi jihatlar ham ko‘zga tashlandi.
- To‘xta, sen mening kitobimni yozganding, endi esa gaping mohiyatini tushunolmayapman. Albatta, o‘yinning har bir lahzasidan nimadir olish mumkin. Axir shogirdlaring hamisha bir xil harakatlanishmaydi-ku. Ular gohida yangi qirralarini namoyon qilishadi. Boshqacha aytganda, futbolni o‘yinchilar boshqarishadi, murabbiylar esa mudom o‘rganishda, barchasini doimiy tatbiq etish yo‘lida izlanishda. Taqdirimdan bag‘oyat xursandman, nimadandir nolishga aslo haqqim yo‘q. Axir ixtiyorimda shunday futbolchilar bor, takrorlayman, endi ular superqahramonlar! Jamoamning finalga yo‘l olgani uchun avvalo, shu yigitlarga minnatdorchilik bildirishim kerak. Tushunarliki, oxirgi yillar davomida rivojlanish maqsadida ko‘p ishladik, izlanishdan to‘xtamadik, hamisha eng yaxshi sifatlarimizni ko‘rsatishga urindik. Qisqacha aytganda, o‘yinimizni yaxshilash ilinjida terga botib mehnat qildik. Shogirdlarimga mudom bir gapni takrorlayman: mashaqqat tortmasan, natija kelmaydi. Mana, 5 yillik mehnatlarimiz bugun samara berdi. Bularning barchasi ajoyib lazzat va ... Eh, shu joyda ingliz tili masalasida yordam bermasanglar bo‘lmaydi. Aks holda... Umuman, shunday lahzalar uchun qancha ter to‘ksang arziydi.
- Bu safar finalga Angliyaning 2ta jamoasi yo‘l oldi. Siz inglizcha qarama-qarshilikka tayyormisiz?
- Buncha shoshmasanglar-chi? Ozgina nafas rostlab olishimga imkon beringlar. Avvalo, Yurgen Klopp va uning jamoasini tabriklashni istayman. Barchamiz «qizillar» qanday mo‘’jiza ko‘rsatishganini ko‘rdik. «Liverpul» ham qahramon, albatta. Angliyaning ikki klubi o‘rtasidagi final esa juda ajoyib yakun bo‘ladi.
- Kecha agar Chempionlar Ligasida g‘alaba nashidasini sursangiz, klub bilan xayrlashishingiz haqida so‘z ochdingiz. Bu gaplaringiz nechog‘li jiddiy?
- Har holda, hazil emas. Ha, «shalpangquloq»ni yutsak, ketishim mumkin. Ikkinchi tomondan, bordiyu, finalda mag‘lubiyatga uchrasak ham, qolmasam kerak...
- Lukas Moura haqida nima deysiz?
- U 3ta gol urdi. Agar mening jamoam superqahramon bo‘lsa, Lukas - super-super-superqahramon. Gap barchasini hal qilgan o‘ta qimmatli «xet-trik» muallifi haqida ketmoqda. Moura uchun bundan-da fantastik kechani o‘ylab topish ham mushkul. U o‘tgan yili uncha ko‘p o‘ynagani yo‘q, endi esa o‘ta muhim vazifani qoyilmaqom darajada bajardi. Biz jamoa alohida o‘yinchilardan o‘n chandon muhimroq ekanligini tushunishimiz kerak. Lekin shuning barobarida sen bilan har kuni shug‘ullanadigan 25 nafar futbolchiga ham hurmat bilan yondashishing shart. Katta muvaffaqiyatga erishishni istagan murabbiy har kuni ixtiyoridagi har bir o‘yinchiga ehtiyoji borligini aniq-tiniq ko‘rsatib turishi kerak.
- Taqdir azaliy ekanligiga ishonasizmi?
- Albatta. Biroq har bir yutuq zamirida katta mehnat yotishini ham tushunish lozim. Agar taqdirga shu asnoda ishonsang, mukofot ertami-kech keladi, albatta.