Sergey Lushan 2014 yili «Bunyodkor» bosh murabbiyi etib tayinlangach, tarkibni yoshartirishni boshladi. Jumladan, hozirgi milliy jamoamiz a’zolari - Doston Hamdamov, Akrom Komilov, Rustam Ashurmatov singari futbolchilarga ishonch bildirdi.
Ularga klubda aynan Lushan davrida imkoniyat taqdim etildi. Natija esa barchaga ayon. O‘z navbatida, Lushan klubdagi ayrim legionerlarni e’tibordan chetda qoldirdi. Jumladan, Sergey Simonenko va Karles Koto o‘yin amaliyotisiz qolib ketishdi. Yaqinda O‘zbekiston tarixidagi ilk ispaniyalik legioner Karles Koto bilan ijtimoiy tarmoq orqali bog‘lanib, suhbat qurdik. U intervyu berish chog‘ida «Bunyodkor» klubi bilan hech qanday muammo bo‘lmaganini alohida ta’kidladi.
- Karles, «Bunyodkor»dagi qisqa faoliyatingiz davomida uch murabbiy bilan ishlashga ulgurdingiz, dastlab Mirjalol Qosimov, uning yordamchisi Aleksandr Volkov, so‘ng Sergey Lushan... Ular orasidagi tafovutni sezdingizmi?
- Mirjalol Qosimov - ulkan tajriba sohibi, futbol bilimdoni, deb bemalol ayta olaman. U bilan ishlagan davrimda hayotda asqotadigan ko‘pgina narsalarni o‘rgandim. Qosimov faqat asosiy tarkib bilan bog‘lanib qolmay, akademiyadan yetishib chiqayotgan yoshlarni ham kuzatardi. Shuningdek, «Bunyodkor»ning aksariyat futbolchilari terma jamoada birga to‘p surishardi. Murabbiyimiz o‘zbek futboli afsonasi ekanligini, shunday inson qo‘l ostida o‘ynayotganligimni his qilardim. Shaxsan u men uchun eng yaxshi murabbiydir. Volkov ham jamoamizning muhim a’zosi edi, Qosimov klubdan ketganidan so‘ng barcha mas’uliyat uning zimmasida qoldi. Jamoa Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichida qolib ketayotgan bir pallada Volkov bor mahoratini namoyish etib, jamoani guruhdan olib chiqdi. To‘g‘ri, u Mirjalol singari tajriba va kuchga ega emasdir, biroq futbolchilarga ko‘rsatmalarni to‘g‘ri tushuntirardi. Volkovning ustun tomoni - uning ijobiy fikrlashida, men shu kabi xislat sohiblarini yaxshi ko‘raman. Sergey Lushan bilan o‘rtamizda hech qanday nizo bo‘lmagan. U menga emas, o‘zi bilgan shogirdlariga ishonch bildirdi, xolos. O‘zimda ham ayb bor, u istagan o‘yinni ko‘rsata olmadim.
- Toshkent klubida sizni barcha narsa qoniqtirganmi?
- O‘zimni juda yaxshi his qilardim. «Bunyodkor»da futbol o‘ynash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgandi. Klub bazasi uncha-muncha Yevropa jamoalarinikidan qolishmaydi. Ochig‘i, jamoaga kelishimdan oldin tasavvurlarim butkul boshqacha edi. Shahar go‘zal, insonlari samimiy, muxlislar men bilan suratga tushishni istashardi. Men esa hech qachon rad qilmaganman. U yerdan ketish achinarli holat edi, men uchun.
- «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lganingiz uchun sizdan ko‘p narsa kutgandik. Nima deb o‘ylaysiz, mahorat va potensialingizni yetarli darajada ko‘rsatishingiz uchun nima yetishmadi?
- Ahamiyat bering, men faqat Osiyo Chempionlar Ligasidagina to‘liq to‘p surdim. Chempionat bahslarida faqat dastlabki turlardagina 90 daqiqa faol o‘ynadim. Keyin ketma-ket jarohatlar bois barcha o‘zimni ko‘rsatolmadim. Bundan afsusdaman. Klubga ko‘p narsa bermoqchi edim, biroq... o‘xshamadi. Ammo jamoaning o‘rinbosarlar tarkibida yaxshi to‘p surdim.
- Lushan jamoadagi legionerlarga qanday munosabatda bo‘lardi?
- Ochig‘i, u birinchi davra yakuniga yetishi arafasida kelgan. Lushan bilan bir oy ham ishlamaganman. U keldi, men ketdim. Shuning uchun bu savolga aniq javob berolmayman. Agar avvalgi murabbiy qolganida, balki voqealar boshqacha rivoj olishi hech gap emasdi.
- Siz bilan deyarli bir vaqtda ketgan Sergey Simonenko bilan mojaroli holat yaqinda o‘z yechimini topdi. Yangi rahbariyat uning pullarini to‘ladi. Xo‘sh, siz va «Bunyodkor» o‘rtasida bunday vaziyat vujudga kelmaganmi?
- Yo‘q. Qandaydir mavzularda bo‘lgan bo‘lsa bordir. Ammo u qadar jiddiy muammo kuzatilmagan. Moliyaviy tomondan ham klub shartnomada ko‘rsatilgan pullarni hisob raqamimga o‘z vaqtida o‘tkazib bergan.
- Ayni vaqtda qayerda to‘p suryapsiz?
- Hozir Gresiya ikkinchi ligasi ishtirokchisi - «Volos FK» a’zosiman. Turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqdamiz. Bizdan keyingi o‘rinda turgan jamoa bilan o‘rtada besh ochkoli farq bor. Lekin bu xotirjamlikka berilishimizni anglatmaydi. Agar ushbu divizionda chempionlikni qo‘lga kiritsak, Superligaga yo‘l olamiz. Bosh maqsad shunday, buning uchun bizda juda yaxshi imkoniyat bor. Barchasi o‘z qo‘limizda.
- Birozgina «Barselona» haqida gaplashsak. Ernesto Valverde jamoani tark etadigan bo‘lsa, bu o‘zgarish klubga ijobiy ta’sir ko‘rsatadimi?
- Agar Gvardiola yoki Zidan darajasidagi murabbiy kelsa, ha. Ammo bu imkonsiz. Umuman olganda, Valverde klub bilan ko‘plab sovrinli o‘rinlarni egalladi. Har narsaning intihosi bo‘lgani kabi, uning uchun ham jamoani tark etish vaqti keldi.