Mavsum boshida «Yuventus» boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan Maurisio Sarri hozircha yaxshi ishlayapti. U Turin klubiga bir nechta jabhada foyda keltirishga ham ulgurdi.
HUJUMKOR TAKTIKA
Maurisio Sarri Massimiliano Allegridan farqli o‘laroq biz hujumkor taktikaga asoslanib ish ko‘radi. Turnir jadvalida «Yuventus»ning peshqadam emasligi uning kuchsizlangani emas, aksincha, «Inter»ning kuchaygani tufaylidir. Aslida, «Yuventus»ning starti boshqa mavsumlarnikidan kam emas, shunchaki bu mavsumda Konte «Inter»ni ancha kuchaytirdi. Aytmoqchimizki, Maurisio Sarri hozircha «Yuventus»ga salbiy natijalar keltirgani yo‘q.
TARKIB
Meni quvontirgan jihat, Paulo Dibalaning «Yuventus»da qolgani bo‘ldi. Argentinalik futbolchining iqtidoriga shubha yo‘q, ammo uning xarakteri Massimiliano Allegrining xarakteriga to‘g‘ri kelmagani bois italiyalik mutaxassis Dibalani zaxiraga mixlagandi. Bu esa Dibalaning «Yuventus»dagi kelajagini so‘roq ostida qoldirgan, hatto Pauloning boshqa klubga o‘tishi bashorat ham qilinayotgandi.
Maurisio Sarri — agar futbolchining iqtidori bo‘lsa, xarakteriga ko‘z yumib keta oladigan yoki o‘sha xarakterga moslashadigan mutaxassis. U ayni shu jihatini Dibalaga nisbatan ham qo‘lladi. Paulo Dibalaga tarkibdan joy berd iva oqibatda argentinalik futbolchi yana nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Yuventus» Dibala bilan shartnomani 2024 yilgacha uzaytirmoqchi. Bu katta muddat va shuni anglatadiki, Sarri Dibalaga ishonch bildiryapti.
Dibala «Yuventus»ga chindan ham kerakmi, degan savol tug‘iladi. Ha, albatta. Pauloda universal jihatlar bor. Raqiblarni aldab keta oladi, tezligi ham yaxshi. Jarima zarbalarini ham qoyillatib bajaradi. Himoya va darvoza chizig‘idan boshqa istalgan pozisiyada o‘ynab keta oladi. Xoh, markaz bo‘lsin, xoh qanot, klubiga foyda keltira oladi.
Dibalaning ajoyib to‘p uzatish odati ham bor. Esingizda bo‘lsa, Singapurga qarshi o‘yinda Ikrom Aliboyev Eldor Shomurodovni zargarona pass bilan ta’minlagandi, Dibalada ham shunday qobiliyat bor. Ya’ni Dibalani «Yuventus»ning Aliboyevi» desa ham bo‘ladi.
Sarrining yana bir biroz kutilmagan qarori Gonsalo Iguain borasida bo‘ldi. Ijara shartnomasi tugagach, Turinga majburan qaytgan Iguainni ko‘pchilik zaxiraga mixlansa kerak, deb o‘ylagandi. Boisi yangi mavsumdan oldin Sarri intervyularida markaziy hujumda Ronalduni o‘ynatmoqchi ekanligini aytgan, bu borada futbolchi bilan kelishib olganini va bu bilan Krishtianu yanada ko‘proq gol urib, jamoaga foyda keltirishini ta’kidlagandi. Shundan kelib chiqib, ko‘pchilik Iguain zaxiraga qaytdi, degandi. Lekin Sarri boshqacha yo‘l tutdi. Iguainga imkoniyat berishga qaror qildi. Argentinalik hujumchi esa hali qarib qolmaganini, gollar ura olishini isbotladi. Oqibatda «Yuventus» markaziy hujumi Iguainga topshirildi. To‘g‘ri, ba’zan Iguain zaxirada qolyapti, ammo, baribir, Sarri Ronalduga markaziy hujumni to‘liq topshirmadi va Iguainning ahamiyatini saqlab qoldi.
Shu o‘rinda Sarri yana bir aqlli ishga qo‘l urdi. Agar Ronalduni markazga qo‘yganida, Igauindan umuman foydalana olmasdi, chunki Gonsalo qanotda o‘ynay olmaydi. Ronaldu esa ham qanotda, ham markazda bemalol to‘p tepaveradi. Ronalduni markazga qo‘yib, Iguainni zaxirada ushlab turgandan ko‘ra ikkalasidan ham foydalanishni ma’qul ko‘rdi Sarri. Iguain esa hali ham yaxshi formada ekanligini isbotlayapti. Shuning uchun ham «Yuventus» Iguainni 2022 yilgacha jamoada olib qolishga qaror qildi.