Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ronaldu chindan ham «Oltin to‘p»ni olishga munosibmi?

Ronaldu chindan ham «Oltin to‘p»ni olishga munosibmi?

Baho:
+ | -

Yaqinda xorij OAVda tarqalgan xabar bir zumda shov-shuvga aylandi.

Bu yilgi «Oltin to‘p» sohibi ma’lum bo‘ldi. Xabarlarga ishonadigan bo‘lsak, «FranceFootball” jurnalining yilning eng yaxshi o‘yinchisiga beradigan "Oltin to‘p" sovrini bu yil Krishtianu Ronalduga nasib etadi. Xo‘sh, Ronaldu bu sovringa munosibmi?

Keling, Krishtianuning o‘tgan mavsumda qo‘lga kiritgan sovrinlariga e’tibor qarataylik. Portugaliyalik futbolchining eng katta yutug‘i, shak-shubhasiz, terma jamoa bilan Millatlar Ligasi g‘olibiga aylangani bo‘ldi. Yevropaning kuchli terma jamoalari o‘rtasida birinchi bor o‘tkazilgan mazkur turnirda Krishtianu bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Ayni shu yerda u «Oltin to‘p» uchun kurashayotgan raqibi — Virjil van Deyk bilan to‘qnashdi, finalda Ronaldu va Portugaliya aynan van Deyk va Gollandiyani taslim etdi. Bu esa Ronalduning bu raqibidan ustunligini ta’minladi.

Ronaldu A seriyadagi dastlabki mavsumidayoq chempion bo‘ldi. Muhimi, Ronaldu bu g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi, Italiya rekordlar o‘rnatdi. Italiya superkubogiga ham ega chiqdi. Qolaversa, A seriyaning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Bu chakana natija emas, albatta.

“Oltin to‘p” uchun asosiy da’vogarlar kim? Messi, van Deyk va Ronaldu. Messida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish uchun nima xalal beradi? To‘g‘ri topdingiz. Terma jamoa safidagi omadsizlik. Lionel Amerika Kubogida Argentina bilan finalda yutqazdi. Agar Messi mazkur finalda jamoasi bilan zafar quchganida “Oltin to‘p”ni kim olishi borasidagi savolning javobi deyarli aniq bo‘lardi. Biroq “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanmay qo‘ymas”, deganlaridek, Messi Argentina bilan muhim rasmiy turnirlarda mag‘lubiyatga uchrashga “o‘rganib qolgandi”. Bu safar ham shunday bo‘ldi.

Messining shaxsiy natijalari Ronaldunikidan yaxshiroq. Ko‘p gol urdi, “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritdi. Shunga munosib tarzda “The best” sovriniga ega chiqdi. Van Deyk esa Chempionlar ligasida g‘olib bo‘ldi va UYEFA tomonidan beriladigan sovrin sohibiga aylandi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Italiyada chinakam shov-shuv ko‘targan va yangi ta’sis etilgan Millatlar Ligasiga Yevropaning kuchli klublari orasida chempion bo‘lgan Ronaldu quruq qolib ketsa, adolatdan bo‘lmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham Ronaldu “Oltin to‘p”ni olishi kerakdir.

Bu yil eng yaxshilarni aniqlashda chindan ham adolatli yo‘l tutildi. Uch nafar asosiy nomzod va uchta muhim sovrin. Uchala futbolchi ham yutuqqa munosib. Bunday holda eng yaxshi yo‘l — sovrinlarni adolatli taqsimlash. Van Deyk ham, Messi ham, Ronaldu ham sovrinsiz qolmaydi — menimcha, bu adolatli yakun bo‘ladi.

Agar chindan ham Ronaldu “Oltin to‘p” sohibiga aylansa, bu borada Messini ortda qoldiradi: 6–5. Keyingi mavsumda esa Messi bu hisobni tenglashtirib qo‘yishi mumkin, Ronaldu esa keyingi yili yana “Oltin to‘p”ga asosiy da’vogarlar ro‘yxatiga kira oladimi, yo‘qmi, bunisi noma’lum.

Hozircha rasman hech narsa ma’lum emas. Hammasi 2 dekabr kuni Parijdagi "Shatle" teatrida ma’lum bo‘ladi. 

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 18:42, 28.10.2019.
O'qildi: 11021 marta.
Fikrlar: 15 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.