Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/11 00:45 Kalyari 1-0 Verona
30/11 01:00 Brayton 1-1 Sautgempton
30/11 01:00 Malyorka 2-1 Valensiya
30/11 18:00 Barselona - Las-Palmas
30/11 19:00 Komo - Monsa
30/11 20:00 Brentford - Lester
30/11 20:00 Kristal Pelas - Nyukasl
30/11 20:00 Nottingem Forest - Ipsvich
30/11 20:00 Vulverhempton - Bornmut
30/11 20:15 Alaves - Leganes
30/11 22:00 Milan - Empoli
30/11 22:30 Vest Xem - Arsenal
30/11 22:30 Espanyol - Selta
01/12 00:45 Bolonya - Venetsiya
01/12 01:00 Valyadolid - Atletiko

Yangi “aristokratlar”: hamma gap Lempardning gegemonligida

Yangi “aristokratlar”: hamma gap Lempardning gegemonligida

Baho:
+3 | -

Kecha “Chelsi” klubi haqiqiy shouni namoyish etib berdi.

“Aristokratlar”ning YECHL guruh bosqichi navbatdagi turida “Ayaks”ga qarshi o‘yinini ko‘rarkanman, bir jihatga qoyil qoldim: garchi yosh bo‘lsa-da, garchi tajribasi u qadar yuqori bo‘lmasa-da, Lempard “Chelsi”dek klubda o‘z gegemonligini o‘rnatibdi.

Ochig‘i, birinchi bo‘limdagi qaqshatqich zarbadan keyin “Chelsi” mag‘lubiyatdan qutulib qola olmasa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo tanaffusda Lempard kerakli gaplarni topa olganki, ikkinchi bo‘limda London klubi mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Jamoaning o‘yini sezilarli darajada o‘zgardi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Frenk bunga qanday erishdi?  Shunga ishonchim komilki, sobiq futbolchi sobiq jamoasiga tayyor, puxta o‘ylangan g‘oya bilan, rejalar bilan kelgan. “Chelsi”dagi murabbiylik kursisi bo‘shagani, o‘ziga qiziqish bo‘layotganini sezgan zahotiyoq rejalar tuzishga kirishgan. Boshida tajribali futbolchilarga javob berib yuborganida, ayniqsa, David Luisni “Arsenal”ga arzonga berib yuborganida ajablangandim Lempard nima qilyapti deb. Endi tushundimki, Frenkka tajribali futbolchilardan ko‘ra aytganini so‘zsiz bajaradigan futbolchilar kerak. Lempard jamoada uning buyruqlarini so‘zsiz bajaradigan, e’tiroz bildirmaydigan o‘yinchilarni yig‘di. Yoshlarni yig‘di. Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, unda ikkita yo‘l bor edi: yo “Chelsi”ga moslashish, yo “Chelsi”ni o‘ziga moslashtirish. U ikkinchi yo‘lni tanladi. Buning asosiy sababi undagi o‘ziga bo‘lgan ishonch. Lempard g‘oyalarining kelajagi borligiga ishondi va qo‘rqmasdan “Chelsi”dek jamoani o‘ziga moslashtirdi. Bunday olib qaraganda, uning London klubiga moslashishi qiyin ham edi. Chunki Lempard bunday grand jamoada birinchi bor ishlamoqda.

Lempardning yana bir ustun tomoni — yosh futbolchilar bilan ishlay olishi. Yosh futbolchilardagi cheksiz shiddat, ishtiyoqni kerakli tomonga yo‘naltira olishi. Jemmi Abraham, Meyson Mount... Ayni damda “Chelsi” tarkibidagi Lempard kashf etayotgan bunday yosh yulduzlarni istagancha sanash mumkin. Quvonarli tomoni shundaki, odatda, klublarda avlodlar almashinuvi davrida natijalar keskin yomonlashib ketadi. Lempard esa bu borada muvozonatani saqlay olyapti. Ayni damda London klubida avlodlar almashinuvi keng miqyosda amalga oshirilyapti, tarkib keskin yoshargan, shu bilan birga o‘yin sifati tushib ketmagan, jamoa yaxshi natijalar qayd etyapti.

Lempard davridagi “Chelsi” irodali jamoaga aylandi. London klubi kambeklar namoyish etishga o‘rganib bormoqda. Bu shuni ko‘rsatadiki, yosh murabbiy futbolchilarning ruhiy holatiga ham jiddiy e’tibor qaratgan. Shogirdlarini har qanday holatda ham kurashishga, tushkunlikka tushmaslikka o‘rgatgan. Vaholanki, bunday jihat kuchli klublarda ham yetishmaydi hozir. Masalan, “Barselona”. “Levante”ga qarshi o‘yinda darvozasidan gollar o‘tkazib yuborgan Kataloniya klubi  tushkunlikka tushib qolgandi. “Chelsi”ning “Ayaks”ga qarshi o‘yindagi vaziyati bundan ham qiyinroq edi, aslida. Lempard esa sehrli so‘zlari va tavsiyalari bilan vaziyatni o‘nglashni uddaladi. To‘g‘ri, golland klubining to‘qqiz kishi bo‘lib qolgani ham yordam bergandir, ammo, baribir, “Chelsi” kecha uddalagan ishni amalga oshirish uncha-buncha jamoaning qo‘lidan kelmaydi.

Lempard yangi “Chelsi”ni yaratyapti. Londonda “aristokratlar”ning yangi, mutlaqo yangilangan avlodi yetishib chiqmoqda. Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, yaqin ikki yil ichida oldingi “Chelsi”dan qolishmaydigan, balki, undan-da qudratliroq yangi “Chelsi”ni ko‘rishimiz mumkin. Ehtimol, Lempard yangi Drogbalarni, yangi Lempardlarni, yangi Jon Terrilarni kashf etar. Har holda, biz shunisiga tilakdoshmiz. “Chelsi”  muxlislari bunga munosib.

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 21:00, 06.11.2019.
O'qildi: 6884 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.