Milliy terma jamoadan faqatgina eng kuchli futbolchilar chaqiruv olishi hech kimga sir emas. Shunday bo‘lsada, eng kuchlisi bo‘lish terma jamoada to‘p surishni kafolatlab bermaydi. Futbolchidan shuningdek, tartib-intizom va o‘z ishiga bo‘lgan fidoyilik talab etiladi. Bugun o‘z terma jamoalaridan g‘alati sabablarga ko‘ra quvilgan yoki o‘z xohishi bilan ketgan futbolchilar haqida so‘z boradi.
Yaroslav Rakiskiy
Bir necha bor Ukrainaning eng yahshi futbolchisi deb topilgan himoyachi muxlislar tomonidan ko‘p bor tanqid qilib kelingan. Ko‘pincha Ukraina jamoasiga chaqiruv olgach, jarohat ortirib oluvchi himoyachi hozirda muxlislar tomonidan qattiq bosim ostida qolib ketdi. Barchasiga uning “Zenit” klubiga o‘tgani sabab bo‘ldi, desak adashamgan bo‘lamiz. Ko‘plab ogohlantirish va tanbehlarga qaramay Rossiya chempionatida to‘p surishni avzal ko‘rgan Rakiskiyning taqdiri bir kunda hal etildi. “Zenit”ga o‘tgani haqidagi rasmiy xabar chiqishi bilan Ukraina futbol federatsiyasi himoyachini o‘z rasmiy saytidan to‘liq o‘chirib tashladi va u haqidagi barcha ma’lumotlarni yo‘q qildi. To‘g‘ri, futbolchining o‘zi terma jamaoda to‘p surishga qarshi emas, biroq uni endi hech qachon sariq libosda ko‘rmasligimiz aniq. Andrey Shevchenko futbolchining yonini olish orqali o‘z obro‘sini to‘kishni istamadi yoki siyosiy o‘yinlarga aralashib qolishdan cho‘chib u haqidagi barcha savollarga salbiy javob qaytarmoqda.
Nikola Anelka
2010-yilda bo‘lib o‘tgan JCH Fransiya futboli tarixidagi eng sharmandalisi edi desak, adashmagan bo‘lamiz. Guruhda 4-o‘rin va ichki nizolar ushbu yurt futbolining mavqeyini keskin tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Barchasi Meksika bilan o‘yinning tanafusida boshlandi. “Uch ranglilar” ustozi Raymon Domenek o‘z futbolchilarini keskin tanqid qiladi. Ayniqsa Anelka borasida murabbiy o‘zining nomaqul so‘zlarini ishlatadi. Bunga chidab tura olmagan Nikola va Domenek o‘rtasida katta janjal kelib chiqadi. Ikkinchi bo‘lim startida murabbiy hujumchini zahiraga oladi. O‘z o‘rniga ketayotgan futbolchi murabbiyning manziliga kurakda turmaydigan so‘zlarni aytadi. Afsuski, ushbu so‘zlar kameraga tushib qoladi va ertasi kuni butun Fransiya matbuoti ushbu mujoroni o‘zicha tahlil qilishni boshlaydi. Voqeyadan xabar topgan Fransiya futbol federatsiyasi rahbari Anelkadan ommaviy ravishda kechirib so‘rashini talab qiladi, lekin mag‘rur fransuz bundan bosh tortadi va o‘sha kuni jamoa lagerini tark etadi. Mundialdan so‘ng, ko‘plab futbolchilar jazo olishdi. Anelka esa, 18 oyga terma jamoadan chetlatildi. Futbolchi esa, xalqaro arenadagi ishtirokini yakunlagani haqida bayonet beridi va boshqa bu mavzuga qaytmadi.
Karim Benzema
Karim so‘nggi yillarda zamonaviy futboldagi eng kuchli hujumchilardan biri darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsada, o‘z terma jamaosidan quvilgan futbolchi sanaladi. 10 yildan beri yulduzlardan iborat jamoada o‘z o‘rnini yo‘qotmay kelayotgan hujumchi uchun term jamoa eshiklari yopilganiga ancha bo‘ldi. 2015-yilda Valbuyena bilan bo‘lgan katta janjal ortida Benzema qamoqqa ravona bo‘lishi ham mumkin edi. Asli jazoirlik bo‘lgan futbolchi o‘zini jamoadoshiga yordam bermoqchi bo‘lganini aytgan bo‘lsa, Valbuyena uni qo‘rqitgan jinoyatchilar bilan Benemani tanish ekanligini ma’lum qildi va uni ham o‘zi bilan botqoqqa tortib ketdi. Uzoq davom etgan sud jarayoni Benzemani aybsiz deb topgan bo‘lsada, Fransiya futbol federatsiyasi uning uchun terma jamoa eshiklarini yopib qo‘ydi. Oqibatda, Benzema Rossiyada bo‘lib o‘tgan JCHdan qolib ketdi va o‘z hayotidagi eng katta yutuqlardan birini qo‘lga kiritishdan mosuvo bo‘ldi.
Kevin Prins Boateng
Gana terma jamoasi futbolchisi bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz Berlin shahrida tavallud topgan va Germaniyaning barcha yoshdagi terma jamoalarida to‘p suradi. 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi JCH oldidan lagerni tark etgan Boateng tongga yaqin mast xolda jamoa qarorgohiga kirib keladi. Uning bunday yo‘l tutgani uchun Germaniya futbol federatsiyasi uning barcha eshiklarni yopib qo‘yadi. Kevin uzoq o‘ylab o‘tirmaydi va tezda Gana fuqoroligini oladi va JARda bo‘lib o‘tgan JCHda muvaffaqiyatli ishtirok etadi. 24 yoshida jismonan toliqib qolgani bois terma jamoadan ketgan Boatengga 2014-yilda yana bir bor imkon taqdim etishadi. Afsuski, Boateng futbolchilarning huquqini himoya qilish maqsadida terma jamoa rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi va FIFA tomonidan berilgan homiylik puli qayerga ketganini bilan qiziqadi. Bundan g‘azablangan Gana futbol rahbarlari uni terma jamoa lagerini tezda tark etishini talab qilishadi. Oradan 1 bir oy o‘tib Boateng terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi.
Mesut O‘zil
So‘nggi JCHda guruhdan ham chiqa olmagan “Bundestim” katta tanqid ostida qolib ketganidan xabaringiz bor. Ayniqsa, jamoa yetakchisi Mesut o‘zilga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgarib ketdi. JCH oldidan (May oyida) Londonda Turkiya prezidenti Rajab Erdogan bilan uchrashgan O‘zil katta bosim ostida qolib ketgan edi, JCHdagi omadsi ishtirok esa, O‘zilga bo‘lgan bosimni yanada oshrib yubordi. Nemis gazetlari qahramonimizni keskin tanqid qilishga tushib ketdi. O‘zil esa, o‘z tvitterida : “Agar biz g‘alaba qozonsak nemisman, mag‘lubiyatga uchrasam yana muhojirga aylanama. Ular meni hech qachon qabul qilishmaydi. Men Germaniya maktablari uchun hayriya qilaman, shu yurt uchun JCHda g‘olib chiqdim, o‘z faoliyatimni ushbu yurt futboliga bag‘ishladim, lekin manzil so‘nggida yana muhojirga aylandim.”,- dedi va oradan bir hafta o‘tib terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi.