Boks bo‘yicha Rio Olimpiadasi finalchisi, jahon chempioni Shahram G‘iyosov ham ayni paytda terma jamoamiz bilan birgalikda Angren shahri, Yangiobod bazasidagi yig‘inda ishtirok etmoqda. Professional boksdagi faoliyatini biroz to‘xtatib turgan vakilimiz Riodagi kumush medalni Tokio Olimpiadasida oltin medalga aylantirish uchun astoydil bel bog‘lagan. E’tiboringizga Shahram G‘iyosovning o‘z oldiga qo‘ygan rejasi va lisenzion musobaqaga olib borayotgan tayyorgarligi bo‘yicha qisqa suhbatimizni havola qilamiz:
— Lisenzion musobaqaga olib borilayotgan yig‘in qanday kechmoqda?
— O‘tib borayotgan yig‘inga har bir bokschining shaxsiy murabbiylari ham jalb etilgan. Bu samaradorlikni oshirib berishi aniq. Qolaversa, Marat aka Qurbonov boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashg‘ulotlarni diqqat bilan nazorat qilib bormoqda. Yana ham asosiysi oldinda bizni sparring janglari kutib turibdi. Ba’zi vazn toifalarida yakuniy tarkibni aniqlab olish uchun yig‘indan so‘ng Toshkentda sparring o‘tkaziladi. Shundan keyin Xitoydagi lisenzion musobaqada qatnashuvchi yakuniy tarkib e’lon qilinadi.
— Xitoyga boradigan bo‘lsangiz, Osiyo mintaqasida asosiy raqiblaringiz deb kimlarni ayta olasiz?
— Vaznimda Qozog‘iston, Hindiston va yaponiyalik bokschilar hozirda ancha tajriba orttirishgan. Avval ular bilan jang qilib, g‘alaba qozonishga ham muvaffaq bo‘lganman. Biroq faoliyatimning oxirgi 2 yili professional boksda bo‘lib, havaskor boksdan biroz uzoqlashdim. Mana endi yana murabbiylarim bilan bu yo‘nalishda ham astoydil ishlayapmiz. Nasib bo‘lsa, Riodagi kumush medalni Tokioda oltinga aylantirmoqchiman.
— Shunday fikr bor: havaskor boks professionaldan ko‘ra qiyin. Siz bunga qanday qaraysiz?
— To‘ppa-to‘g‘ri. Bular ikkisi xuddi boshqa-boshqa sport, desayam bo‘ladi. Sababi havaskor boksda mashg‘ulotlar, yuklamalar hammasi boshqacha. Havaskor boksda jang 3 raundda yakuniga yetadi va barcha e’tibor tezlikka qaratiladi. Professional boksda esa uchinchi raunddan so‘ng temp berishni boshlaymiz. Ichimda Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritish armoni qolib ketayotgan edi. Ustozlarim shunday niyatimni amalga oshirish uchun imkon berishdi va bundan samarali foydalangan holda xalqimizni xursand qilishga va’da beraman.
Ma’lumot uchun, Yangiobod yig‘ini 14 yanvar kuni nihoyasiga yetadi va terma jamoamiz bir necha kun o‘tgach Xitoyga yo‘l oladi. Uxan shahri 2-15 fevral kunlari boks bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqaga mezbonlik qiladi.