Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Artyom Sherbak: «Namangandagi yig‘in a’lo darajada o‘tdi»

Artyom Sherbak: «Namangandagi yig‘in a’lo darajada o‘tdi»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, Namanganning “Navbahor” jamoasiga  ko‘rikdan o‘tish uchun bir qator  xorijlik futbolchilar taklif etilishdi. Ular orasida rossiyalik hujumchi Artyom Sherbak ham bor.

“Lochinlar” ustozi Andrey Kanchelskis Sherbakni Namanganda bo‘lib o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini, shuningdek, ushbu yig‘in doirasida o‘tkazilgan 2ta o‘rtoqlik bahsi (“Turon” va “Neftchi” klublariga qarshi kechgan)da maydonga tushirib, sinab ko‘rdi. Sherbak “Navbahor”  murabbiylarida yaxshi taassurot  qoldirmoqda.

Biz “lochinlar”ning Namangandagi yig‘ini yakunlanganidan so‘ng, Artyom Sherbakdan intervyu oldik.

— Artyom, Namangandagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘z yakuniga yetdi. Ushbu yig‘in Sizda qanday taassurot qoldirdi?
— Juda yaxshi taassurot qoldirdi. O‘n kun davomida kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Shuningdek, ushbu yig‘in doirasida 2ta o‘rtoqlik bahsida ham maydonga tushdik. “Odil Junior” futbol akademiyasining sun’iy qoplamali maydoni ajoyib ekan. Umuman olganda, yig‘in a’lo darajada o‘tdi.

— O‘tkazilgan nazorat-sinov bahslari borasida nima deya olasiz?
— To‘raqo‘rg‘onda “Turon”ga qarshi kechgan bahsda maydonda asosan ko‘rikdan o‘tayotgan futbolchilar harakat qildik. O‘sha o‘yinda bosim va hayajon kuchli bo‘lganligi bois, mag‘lubiyat alamini totishga majbur bo‘ldik (0:1).

Farg‘onada “Neftchi” bilan bo‘lgan ikkinchi o‘rtoqlik o‘yinida esa g‘alaba qozondik (3:1). Zafar quchish doimo yoqimli. Farg‘onaga ham ko‘plab muxlislar futbol ko‘rgani borib, bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi hamda yutug‘imizdan xursand bo‘lishdi.

— "Navbahor"ga kelishingiz qanday yuz berdi?    
— Jamoaga agentim orqali keldim. Aniqrog‘i, agentim  “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Antanasovich Kanchelskis bilan bog‘landi va u keyin meni ko‘rikka taklif etdi.

— Namanganga kelguncha o‘zbek futboli va umuman “Navbahor” borasida ma’lumotga egamidingiz?  
— Albatta, O‘zbekiston chempionati hamda o‘zbek futbolchilari haqida bilardim. Jumladan, “Paxtakor” va “Navbahor” klublari haqida eshitgandim hamda ushbu jamoalarning Superliganing muntazam ishtirokchilari ekanligidan xabarim bor.

Shuningdek, Rossiyaning “Rostov” klubida o‘ynayotgan Eldor Shomurodov haqida ham yaxshi bilaman. U ayni paytda Rossiya premyer-ligasi to‘purarlaridan biri va mahoratli hamda kelajagi porloq futbolchi. Shomurodov ko‘plab o‘zbek futbolchilari uchun haqiqiy namuna timsoli.

Bundan tashqari, o‘zim ko‘rikdan o‘tayotgan “Navbahor” klubi haqida ko‘proq ma’lumotga egaman va jamoaning bir marta chempionlik unvoni,  ko‘p marotaba bronza medallarini qo‘lga kiritganligi, shuningdek, O‘zbekiston kubogining 3 karra sohibi ekanligi, o‘z oldiga doimo yuksak maqsadlar qo‘yishidan xabarim bor.

“Navbahor” ko‘rigiga kelishimda ushbu omillar bilan birga jamoani nafaqat O‘zbekiston va Rossiya, balki butun dunyoga mashhur inson, bir paytlari Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi safida to‘p surgan Andrey Antanasovich Kanchelskis boshqarayotganligi ham turtki bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, mazkur mutaxassisning o‘yinlarini dadam yoqtirganlar, ya’ni Kanchelskis otamning kumiri bo‘lgan. Shuning uchun dadam menga Kanchelskis bilan birga fotosuratga tushib, jo‘natib yuborishimni  ta’kidladilar.

— Sizning kumiringiz kim?
— Bolalikdagi kumirim ukrainalik sobiq mashhur hujumchi, ayni paytda Ukraina terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib ishlayotgan Andrey Shevchenko bo‘lgan. Yoshligimda ushbu futbolchining o‘yinlaridan zavq olardim va unga o‘xshashga intilardim.

Ayni paytda esa Angliyaning “Liverpul” klubiga muxlislik qilaman hamda ushbu jamoaning barcha futbolchilari o‘yinlariga havas qilaman.

— “Navbahor”da hamyurtlaringiz Igor Golban va Ivan Solovyov to‘p surishadi. Ular bilan tanishmisiz?
— Yo‘q, ular bilan shaxsan tanish emasman. Ammo jamoa qarorgohiga kelganimdan so‘ng, ular bilan yaxshiroq tanishdim.

— Futbolchi bo‘lishingizda kim asosiy rol o‘ynagan?
— Otam ashaddiy futbol muxlisi bo‘lganlar.SHu bois, menda ham bolalikdan millionlar o‘yiniga qiziqish boshlangan. Qiziqish sababli, futbol to‘garagiga borganman.

— Namangan shahri sizga yoqdimi?
— To‘g‘risini aytsam, kuniga ikki martadan mashg‘ulotlar o‘tkazganimiz bois, hali Namanganni sayr etishga vaqtim bo‘lmadi. Chiroyli shaharligini eshitdim. Nasib qilsa, “Navbahor” bilan shartnoma imzolasam, shaharni sayr etishga ulguraman, hali.

— Muxlislarga tilaklaringiz...
— To‘g‘risini aytsam, “Navbahor”niki singari fidoiy va jonkuyar ishqibozlarni shu kungacha ko‘rmagandim. Hattoki, jamoaning mashg‘ulotlariga ham 200-300 nafar muxlis tashrif buyurdi. “Turon”ga qarshi kechgan ilk bahsda esa yangi futbolchilarni ko‘rish maqsadida ko‘plab ishqibozlar To‘raqo‘rg‘onga borishdi. Natijada stadion to‘ldi. Bunday muxlislarga esa faqat g‘alabalar yarashadi. Ularga sihat-salomatlik, sevimli  jamoalari “Navbahor” doimo g‘alabalarni tuhfa etishiga tilakdoshman.

“Navbahor” uchun qayg‘urish, faol qo‘llab-quvvatlashda davom etishsin, doimo g‘alabali onlar ularga nasib etsin.

Jamoa bilan  shartnoma imzolasam, “Navbahor”ning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirish borasida maydonda qo‘limdan kelganicha harakat  qilaman.

Ma’lumot uchun

Artyom Sherbak – 1996 yilning 3 sentyabrida Qrimning Kerch shahrida tug‘ilgan.
Ampluasi: hujumchi.
O‘ynagan jamoalari: “Metallurg” (Donesk, 2012 – 2014 yillar), “Okean” (Kerch, 2015-2018 yillar), “Tyumen” (Tyumen, 2019 yil).

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 09:02, 22.01.2020.
O'qildi: 3265 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.