Bundan avvalroq grandlarning eng yirik g‘alabalari va mag‘lubiyatlari haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashib o‘tdik. Endi futbol tarixidagi eng yirik hisobdagi duranglarni ham bir eslab o‘tsak.
“Vest Bromvich” 5:5 “Manchester Yunayted”
2012/13-yilgi mavsumda bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikkita sababga ko‘ra, APL tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Birinchi sabab sifatida tablodagi super jangovar hisob bo‘lsa, ikkinchi sabab o‘sha kuni Ser Aleks “qizil iblislar”ni so‘nggi bor maydonga boshlab tushgan edi. Eng qizig‘i shundaki, uchrashuvning 30 daqiqasida “Manchester Yunayted” 3 ta to‘p farqi bilan oldinda borar, g‘alaba deyarli cho‘ntakda edi. Ikkinchi bo‘limning ilk 10 daqiqasida hisobdagi farqni minimal ko‘rinishga olib kelgan “Vest Bromvich” yana 2 ta gol o‘tkazib yuborgach, “qizil iblislar”ning g‘alabasiga hech kimda shubha qolmadi, faqat Lukakudan tashqari! So‘nggi 10 daqiqa davomida belgiyalik hujumchi ikkita gol kiritgan bo‘lsa, Yusuf Mulumbu ham o‘z hisobiga gol yozib qo‘yishni uddaladi. Buyuk Fergussonning xayralashuv uchrashuvi g‘alaba bilan yakunlanmadi, biroq APLning oltin kolleksiyasidan joy oldi.
“Shalke” 6:6 “Bavariya”
1983/83-yilgi mavsum “Bundesliga” tarixidagi eng sermahsularidan biri bo‘lgan desak, adashmagan bo‘lamiz. O‘sha yili jamoalar har bir uchrashuvda 3,6 tadan gol kiritishni uddalashgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Kubok o‘yinlari ham bundan mustasno emas. O‘sha yili Germaniya kubogining yarim finalida “Shalke” va “Bavariya” jamoalari to‘qnash kelishadi. O‘yinning asosiy daqiqasi 5:5 natijasi bilan yakunlangach, jamoalar qo‘shimcha taymlarda ham bittadan gol kiritishni uddalashdi. Yakuniy hisob 6:6! Ahamiyatlisi shundaki, o‘sha uchrashuvda kiritilgan gollarning 4 tasini “Bavariya”ning hozirgi prezidenti Kar Hays Ruminige o‘z hisobiga yozib qo‘yadi. 2001-yilda nemis nashrlari ortda qolgan asrning eng chiroyli o‘yinlari o‘nligini tuzib chiqishadi. Eng qizig‘i shundaki, biz bugun xotirlargan uchrashuv kuchli beshlikka ham kira olmaydi.
“Lion” 5:5 “Marsel”
2009/10 yilgi mavsumda “Liga 1” musobaqasi tarixidagi eng tomoshabop o‘yinlardan biri bo‘lib o‘tgan. Darhaqiqat, o‘sha uchrashuvda muxlislar 10 ta turli hil uslubda kiritilgan gollarga guvoh bo‘libgina qolmay, o‘ziga hos kichik kambekdan ham lazzat olishgan edi. Fransiyadagi ikki Olimpik qarama-qarshiligida Pyanich, Govu, Brandao, Lisandro Lopez, Bastos singari futbolchilar katta sahnaga chiqishgach, uchrashuvga Tulalanning avtogolli mantiqiy nuqtani qo‘yadi. Quvonarlisi shundaki, ikkita jamoa ham futbol hakam hushtagiga qadar davom etishini barchaga yana bir bor eslatib qo‘yishadi.
“Liverpul” 5:5 “Arsenal”
Ortda qolgan yilning eng tomoshabop futboli sifatida yodimizda qolgan o‘yinni eslamaslikka haqqimiz yo‘q. Kubok uchrashuvi sifatida katta e’tibor berilmagan o‘yin chinakam spektaklga aylanib ketgani yodingizdan ko‘tarilmagani aniq. Jamoalar o‘yinga shu qadar berilib ketishdiki, 62-daqiqaga kelib tabloda 4:4 hisobi yonib turar edi. O‘sha oqshom muxlislar bir-biridan chiroyli 10 ta golni ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalrda Origi “Liverpul”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgach, Klopp shogirdlari penaltilar seriyasidagina raqibni taslim qilishadi.
“Atletiko” 6:6 “Atletik”
“La Liga” tarixidagi eng yirik durang 1949/50- yilgi mavumda qayd etilgan. Ispaniyaning ikki tarixiy jamoalari to‘qnashuvida mezbonlar ikkinchi bo‘lim boshida 4ta to‘p farqi bilan oldinda ketayotganiga qaramay, uchrashuv so‘ngiga qadar “Atletiko” futbolchilari muvozanatni tiklashni muvaffaq bo‘lishadi. Shu kunga qadar Ispaniya chempionatida bunday yirik natija qayd etilganni yo‘q.