O‘zbekiston xokkey federasiyasi so‘nggi yillarda yurtimizda xokkey sport turini yanada ommalashtirish yo‘lida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Shu jumladan, bugun “Humo arena” muz saroyi yana bir tarixiy voqelikka guvoh bo‘ldi.
Bugun “Humo arena”ning muz maydoni Vitaliy Proxorov, Aleksandr Yakushev, Sergey Shepelev, Vladimir Malaxov, Aleksey Kasatonov, Valeriy Kamenskiy kabi Olimpiada va jahon chempionlari, yaqin o‘tmishimizning afsonaviy xokkeychilarini qabul qildi. Arenada o‘zbek xokkeychilari va Sobiq Ittifoqning xokkey yulduzlari ishtirokida o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilindi.
“Afsonalar o‘yini” nomi ostida tashkil qilingan bahsning ochilish marosimi ham katta shodiyona bilan o‘tdi. Unda MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston xokkey federasiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Gafurov va sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.
“Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborlari samarasi bilan yurtimizda har bir sport turi rivoj topib bormoqda. Bu borada kuni kecha e’lon qilingan «Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ham xokkeyning rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi. Xokkey sporti ham mamlakatimizda katta tezlikda rivojlanib bormoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston xokkey federasiyasining Xalqaro xokkey federasiyasiga rasman a’zo bo‘lgani, bu mavsumdan e’tiboran Toshkentning “Humo” jamoasi Oliy xokkey ligasida ishtirok etayotgani o‘zbek xokkey muxlislari uchun chinakam bayramga aylandi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Tadbirning ochilish qismidan so‘ng «O‘zbekiston afsonalari» va «Rossiya afsonlari» jamoalari ishtirokida o‘rtoqlik uchrashuvi start oldi. Bahs davomida ortda qolgan yillar xokkeychilarning texnik mahoratiga ta’sir o‘tkazmagani shundoq ko‘rindi. Afsonalar esa o‘z harakatlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdi.