Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Kalamushlar ichida katta bo‘lgan Nani

Kalamushlar ichida katta bo‘lgan Nani

Baho:
+1 | -

Bugungi kunda 33 yoshli Luish Nani MLSda “javlon urmoqda”. Uning eng zo‘r yillari ortda qolgan, biroq ajoyib xotiralar saqlanib qolgani aniq. Yetti mavsum Ser Aleks qo‘l ostida shug‘ullangan futbolchi 4 bor APL oltin medallariga ega chiqqan. Shuningdek, YECHL va Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan Nanini odiy futbolchi deyishga hech kimning haqi yo‘q. Portugaliya futboli afsonasi o‘zining oson bo‘lmagan hayoti haqida “The Prealrs’ Tribune” nashriga bayon qildi. Ushbu hikoyani Stadion.uz kuzatuvchilariga ilindik.

“Men juda yosh edim. Shunday bo‘lsa-da, futbolchi bo‘lish uchun tug‘ilganimga butun vujudim bilan ishonardim. Shirin orzular og‘ushida 8 ta aka-singillarim bilan bir xonali uyda istiqomat qilardik. Polimizdagi teshikka nazar solar ekanman, kalamushlarning yonib turgan ko‘zlaridan qo‘rqib ketardim. Ular ham xuddi biz singari o‘z hayoti uchun kurash olib borayotganini o‘sha paytdayoq anglab yetganman. Ana shunday og‘ir kunlardan birida katta akam ovqatlanishning tekin yo‘lini o‘ylab topdi.

Bu voqeani so‘zlab berishimdan oldin, qanday qilib bunday qiyin ahvolga tushib qolganim haqida tushuncha berib o‘tsam. Bundan bir necha yil ilgari, yetti yoshimda kichik bir qishloqchada otam o‘z qo‘li bilan qurgan uyda oilamiz bilan hayot kechirardik. Yomg‘ir yog‘di deguncha, tomimizdan chakki o‘tar, biz bolalar darrov idishlarni tomning teshigi tagiga joylardik. Ana shunday og‘ir kunlarda dadam yangi uy qurishga yetadigan pul yig‘ib qo‘yganini maqtanib qoldi. Barchamiz yangi uyni tasavvur qilib turgan paytimizda otam biroz muddatga Kabo-Verdega jo‘nab ketdi. Aslida, u o‘sha yerlik edi. Uni avtobus bekatiga qadar kuzatib chiqar ekanman, ma’yus ko‘zlariga boqib xayrlashdim. Avtobus ko‘chani changitgancha yo‘lga tushdi. Men va akalarim otamni orqa oynadan qo‘lini hilpiratib qo‘yishlariga ilhaq uzoq turib qoldik. Avtobus ko‘rinmay ketgan bo‘lsa-da, men qo‘limni hilpiratishda davom etdim. Hammamiz ortga qaytdik. Negadir dadam uzog‘i bilan bir yo ikki haftadan so‘ng ortga qaytadi, deb taxmin qilgan edim. Oradan bir, ikki, hatto uch oy o‘tdi. Otam ortga qaytmadi. Keyinroq bilsam, uning u yerda ham farzandlari bor ekan. Balki, ular bilan qolishni afzal ko‘rgandir. Keyinroq otamni qilgan ishi uchun istasam ham yomon ko‘ra olmadim. Sababi, unga bo‘lgan mehrim kuchli edi.

Otam ketgach, oilamiz juda qiyin ahvolda qoldi. Endi ro‘zg‘orning butun og‘irligi onamning zimmasiga tushdi. Bechora ona 4 ta qizi va 5 ta o‘g‘lini ulg‘aytirishi lozim edi…

Sho‘rlik onam bizni och qoldirmaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Ertalablari yong‘in xavfsizligi vazirligida ishlasa, tunlari kafelarda qo‘shiq kuyladi. Uning ovozi juda yoqimli edi. Oradan bir necha yil o‘tgach, onam boshqa erkak bilan turmush qurdi. U juda mag‘rur edi. Otam o‘z qo‘li bilan qurgan uyda yashashni istamadi. Shu sababli biz uning uyiga ko‘chib o‘tishga qaror qildik. Endilikda bitta yotoqxona va bittamehmonxonaga ega uyda istiqomat qila boshladik. Mening chekimga pollari teshilib ketgan mehmonxonada uxlash tushdi. Avvaliga juda qo‘rqdim, keyin bunga ko‘nikib ham ketdik. Shunga qaramay, ochlik bizni qiynashni boshladi. Men ochlik nima ekanligini juda yaxshi bilaman…

Och inson vaziyatdan chiqib ketish uchun boshini yaxshi ishlatishga majbur bo‘ladi. Bu muhtojlik yagona ijobiy tomoni. 10 yoshga to‘lgandim. Katta akam Pauloda boylar istiqomat qiluvchi rayonga borish va ulardan yegulik so‘rash g‘oyasi paydo bo‘ldi. Avvaliga bu g‘oya menga yoqmadi, biroq akam meni ishontirdi. Darhaqiqat, ular bizni juda iliq kutib olishdi.

Lissabon sari birinchi sayohatimiz juda omadli chiqdi. Bizni ilk xonadondayoq yaxshi qabul qilishdi va issiq sho‘rva hamda non bilan mehmon qilishdi. Keyingi uyda turli shirinliklar bilan siylashdi. O‘ylashimcha, ularga o‘g‘irlik qilmasdan ochiqchasiga ovqat so‘raganimiz manzur kelgan. Tan olish lozim, ayrim uylarda bizni kechki ovqatga ham taklif qilishdi. Akam ikkimiz qornimizni to‘ydirdik va biroz pul bilan uyga qaytdik.

Ana shunday kunlardan birida uyimizdan uzoqroq bo‘lgan stadionda to‘p tepayotgan edik. Tushlik payti bo‘ldi. Akam ikimiz stadion oldidagi pissa tayyorlovchi kafega kirdik va biroz yegulik so‘radik. U yerdagilar bizga hech narsa yo‘qligini aytishdi. Ko‘nglimiz xijil bo‘lib, yana ortga qaytdik. Shu payt ortimizdan bir ayol yugurib chiqdi. Qo‘lida qaynoq pissa qutisi bor edi. U qutidan bir bo‘lagini o‘ziga oldi va qolganini bizga berdi. Ishonasizmi, o‘sha pissaning mazasini hali-hamon qidiraman. Akam bilan talashib yegan pissaning mazasi og‘zimda qolgan. Bunday shirin pissani boshqa tatib ko‘rmadim. Ayol bizning ovqatlanib olishimizni kuzatib turdi vanima bilan shug‘ullanishimiz haqida so‘radi. Shunda biz bo‘lajak futbolchilar ekanligimizni aytdik. Keyin maydonda nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatdik. U akamning o‘yinidan zavq oldi. Keyin uni qo‘lidan yetaklab, “Sporting” akademiyasiga olib bordi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu ayol “Sporting”ning o‘sha paytdagi futbolchisi Mark Aureilo bilan yaqindan tanish ekan. Ayol akamni bir oy mobaynida kuzatishlarini iltimos qildi. “Sherlar” akamga bir oy imkon berishdi. Achinarlisi shundaki, akam mashg‘ulotlarga 20 daqiqa emas, bir oy kechikib bordi. Ha, u hayotidagi eng zo‘r imkonni qo‘ldan boy berdi. Tan olish lozim, u mendan iqtidorliroq edi. Afsuski, akamning do‘stlari yaxshi bolalar emasdi. Akam chekish va ichkilikka barvaqt o‘rgandi. Unda yo‘q tartib-intizom va intiluvchanlik menda mujassam edi. Aynan o‘shandayoq Yaratgan peshonamga futbolchilik orqali oilamni ochlikdan xalos etish qismatini yozganini anglab yetdim. Ilk mashg‘ulotim esimdan chiqmaydi. Do‘stim Sabinyo meni o‘z to‘garagiga taklif qildi. Butsalarim bo‘lmagani uchun maktabga kiyib borishga mo‘ljallangan charm tuflida mashg‘ulotlarga keldim. To‘g‘risi, bu oyoq kiyim tungi bazmlar uchun bo‘lgani uchun biroz noqulaylik tug‘dirar, atrofimdagi bolalarga kulgi uchun ajoyib sabab edi. Shu tariqa futbol o‘yini boshlandi va darrov “BUM”! Men barchani aldab o‘tib, to‘pni darvozaga joyladim. Oradan ko‘p o‘tmadi va men uchli charm tuflida uzoq masofadan raqib darvozasini ishg‘ol qildim. Keyin o‘yinga kirishib ketdim. Ustimdan kulgan futbolchilarni aldab o‘tib, zavqlana boshladim. Boyagina meni xo‘rlagan, mazax qilgan bolalarni murabbiylari oldida sharmanda qilmoqchi edim. Tomog‘imga bir nima tiqilib qolgan bo‘lsa-da, bor kuchim bilan oldinga intildim. Shu payt baquvvat mahkam qo‘l yelkamdan ushlaganini sezdim. Qarasam, do‘stim Sabinyoning murabbiyi. U menga: “Bolakay, ertaga kelgin. Senga yaxshi butsava forma beraman”, dedi.

Futbolchi bo‘lishimda katta ko‘mak bergan yana bir insonni eslab o‘tmoqchiman. Uyimiz oldidagi eski stadionda to‘p tepardik. O‘sha o‘yinlarda ko‘chamizdagi Mustafo ismli afrikalik inson meni kuzatib turar, doimo maslahatlar berardi. Ochig‘i, uni barcha yomon ko‘rar edi. Doimo boshidan oq do‘ppisi tushmaydigan Mustafoni faqat men jon qulog‘im bilan eshitardim. U hech qachon meni Nani deb chaqirmas, uning uchun shunchaki Luish edim. U nuqul: “Luish, boshingni ko‘tar, Luish, kuchliroq tep, Luish chap oyoqda urinib ko‘r” qabilida maslahat berar edi. Ha, aytgancha, menga Nani laqabini opalarimdan biri bergan. Men oilada eng kichik farzand edim.

10 yoshga to‘lgan chog‘imda tumanimizda sigaret chekmaydigan yagona bola edim. O‘sha paytlarda “Real Massama” klubida to‘p tepardim. Afsuski, har qanday rohat ortida mashaqqat mavjud. Men jamoaning mashg‘ulotlariga yetib olish uchun o‘g‘rincha poyezdga chiqar, agar ushlab olishsa, boshqa qaytarilmasligaga va’da berar edim. Ertasi kuni yana poyezdga chiqaman. Menda o‘sha paytlari bilet sotib olish uchun imkon yo‘q edi. Boshqachasiga bu hayotdan chiqib ketishning imkoni bo‘lmagan.

Ko‘p o‘tmay “Real Massama”dagi jamoadoshlarim bilan do‘stlashib ketdim. Ularning ba’zilari meni o‘z uyiga taklif qilar, qornimni to‘ydirar va hatto yo‘lkira uchun pul ham bera boshladi. Boshida juda tortindim, biroq ularning samimiy yuzlariga boqib, bu pullarni oldim. Haligacha o‘sha insonlar oldida o‘zimni qarzdor his etaman.

Oradan yillar o‘tdi. Biz kalamushlar bilan to‘lib-toshgan uydan ko‘chib ketdik. Shunga qaramay, menga endi qayerda istiqomat qilishning farqi yo‘q edi. Asosiysi, hayotimda futbol mavjud. Boshqasi meni qiziqtirmay qo‘ydi. Har kuni tonggi yettida uyg‘onaman va yugura boshlayman. Kunduzlari quyoshning tig‘ida va hatto sharros yomg‘ir ostida ikkita oyoqda uzoqdan zarba berishni mashq qilaman. Futbol hayotim mazmuniga aylandi. Ana shunday kunlarning birida menga “Sporting” klubidan xat keldi. Shunday qilib, 2003yilda Lissabon klubi meni ikki haftalik yig‘inlarga chaqirdi. Xatni olgan kunim Yaratganga o‘z minaddorchiligimni bildirdim. Boshimdan o‘tkazgan kunlarimni xotirlab rosa yig‘ladim. Keyin o‘rnimdan turib, raqsga tushdim, qo‘shiq kuyladim…

Ikki hafta “Sporting” bilan shug‘ullandim. Murabbiylar mening tirishqoqligimni ko‘rib, qoyil qolishdi. Ularda yaxshi taassurot uyg‘otdim. Uyga kelsam, meni “Benfika” klubi skauti kutib o‘tirgan ekan. Ular ham meni bir haftalik yig‘inga taklif qilishdi. “Burgutlar”ning mashg‘ulotlarida ham qatnashdim. Qandaydir bir oy ichida Portugaliyaning eng kuchli ikki klubida ko‘rikda bo‘ldim. Oy yakunlangach, menga bir vaqtda ikkita klubdan taklif kelib tushdi. Endi menda faqat tanlash qolgandi. Uzoq o‘ylab, “Sporting” foydasiga qaror chiqardim. Sababi, o‘sha paytda juda ko‘p do‘stlarim “sherlar” safida edi. 2003 yilda men o‘zimning ilk professional shartnomamga imzo chekdim. O‘sha imzo mening hayotimdagi barcha moliyaviy muammolarni borsa kelmas joylarga “jo‘natib yubordi”. Men “Sporting” ofisidan chiqar ekanman, yelkamdagi yukning birdan yo‘qolib qolganini sezdim. Demak, men Yaratgan bergan imkondan foydalandim. O‘zimni yengil his etgancha orzuyimni ro‘yobga chiqargan Tangriga minnatdorlik bildirdim.

To‘g‘ri, bu finish emasdi. Shunchaki, katta faoliyat oldidagi ulkan ilk qadam edi. Keyinachalik hayotimda millionlab pullarni, super yulduzlarni ko‘rdim. Shunga qaramay, men uchun ulardan ko‘ra o‘sha issiq pissa, Lissabondagi shirinliklar qadrliroq bo‘lib qolaveradi. Kalamashularga to‘la uyda katta bo‘lgan bolakay bugun o‘z orzularini ro‘yobga chiqargan sayyoramizdagi eng baxtli insonlardan biri”.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev tarjimasi

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 22:50, 28.07.2020.
O'qildi: 5149 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.