Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Andrey Kanchelskis: «Ayrim futbolchilar o‘zlarining nimalarga qodirliklarini hali ko‘rsata olishmadi»

Andrey Kanchelskis: «Ayrim futbolchilar o‘zlarining nimalarga qodirliklarini hali ko‘rsata olishmadi»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) qaroriga ko‘ra,Coca Cola Superligasi 1-davrasining so‘nggi 4ta tur bahslari 17 avgustdan boshlab, markazlashgan holda, Toshkentda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Coca Cola O‘zbekiston kubogining guruh bosqichi bahslariga esa 23 iyul kuni qur’a tashlanib, unga ko‘ra, Namanganning “Navbahor” klubi “A” guruhidan joy olgan holda,o‘z maydonida “Metallurg”ni qabul qilib, safarda “Andijon” va AGMK jamoalariga qarshi maydonga tushadigan bo‘lgandi.

Biz “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Antanasovich Kanchelskisning yuqoridagi mavzular bo‘yicha fikrini bilish maqsadida, intervyu olib, suhbat davomida rossiyalik mutaxassisga yana o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan ham murojaat etdik.

— Andrey Antanasovich, bugun PFL tomonidan 1-davraning so‘nggi 4ta tur bahslarining Toshkentda markazlashgan holda o‘tishi ta’kidlandi. Bu borada sizning fikringiz qanday?
— Oldin ham biz o‘yinlar markazlashgan holda, poytaxtda o‘tkazilishidan xabardor bo‘lganimizdan so‘ng, albatta, shunga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Toshkentdan mehmonxona, shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maydon ham topgandik. Lekin keyinchalik barchasi birdaniga o‘zgarib ketdi. Albatta, PFL sharoitdan kelib chiqqan holda, o‘ziga maqbul variantda Superliga bahslarini davom ettirishi lozim edi va nihoyat, bugun kelishuvga erishilibdi hamda bundan xursandman.

Uchrashuvlarning markazlashgan holda, Toshkentda o‘tkazilishiga kelsak, bu Superliga klublari vakillari bilan kelishilgan holda, amalga oshirildi va bunga hech qanday e’tirozim yo‘q. Har qanday holatdayam, chempionat o‘yinlarini yakunlab qo‘yish lozim.

— Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston kubogining guruh bahslarida “Navbahor” “Metallurg”, “Andijon” hamda AGMK jamoalariga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi. Ushbu raqiblar borasida nima deya olasiz?
— Guruhimizdan munosib raqiblar o‘rin olishdi. “Metallurg” va “Andijon” jamoalariga qarshi Superliga bahslari doirasida maydonga tushdik hamda mazkur klublarning qanday kuchga ega ekanligi borasida ma’lumotga egamiz. “Metallurg” yaxshi jamoa, “Andijon” bilan bo‘ladigan bahs esa “vodiy derbisi” maqomida bo‘ladi.

Garchi hali AGMKga qarshi maydonga tushmagan bo‘lsak-da, olmaliqliklarning turnir jadvalida 2-pog‘onani egallab turishgani ushbu jamoaning qanday kuchga ega ekanligini bildirib turibdi. Shunday ekan, guruh bahslari “Navbahor” uchun oson kechmaydi. Ammo raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilamiz.

— Ortda qolgan 9ta tur bahslaridan so‘ng, “Navbahor” 5ta g‘alaba, 2ta durang hamda 2ta mag‘lubiyat qayd etib, 17 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinni egallab turibdi. Jamoaning ushbu natijasi sizni qoniqtiradimi?
— Ushbu natija qoniqarlimi yoki yo‘qligi borasida biror narsa deya olmayman. Axir, aytishadiku, jo‘jani kuzda sanashadi, deb. Bundan ham yaxshiroq natijani qayd etishimiz ham mumkin edi. Ammo ayrim bahslarda omad yetishmadi. Ammo ko‘plab futbolchilar, ayniqsa, legionerlar, jumladan, o‘zim ham yanvardan buyon uyimizga bora olganimiz yo‘q. Bu esa xohlaysizmi, yo‘qmi, futbolchilarga ruhiy tarafdan o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Lekin hali bizda ortda qolgan o‘yinlarni ko‘rib chiqib, tahlil qilishga vaqt bor. Shundan xulosa chiqarib, keyingi bahslarda ijobiy natijalarni qayd etib, joriy mavsum yakunida bundan-da yaxshiroq natijaga erishamiz, degan umiddaman.

— Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, jamoa “Andijon” (3-tur, 0:0) va “Bunyodkor” (8-tur, 1:3) klublariga qarshi kechgan bahslarda o‘z imkoniyati darajasida o‘yin namoyish eta olmagan...
— To‘g‘ri, “Andijon” tarkib borasida borasida “Navbahor”dan kuchsiz bo‘lishi mumkin. Ammo bilasizmi, o‘sha bahs “vodiy derbisi” maqomida ega edi. Bunday darajadagi o‘yinlarga esa raqibda ham ishtiyoq o‘zgacha bo‘ladi. Bundan tashqari, bitta uchrashuvga o‘zgacha tarzda tayyorlansa bo‘ladi. Andijonliklar o‘sha bahsga o‘zgacha tarzda tayyorgarlik ko‘rishganini isbotlashdi.

“Bunyodkor”ga qarshi bahs esa aytish lozimki, og‘ir, qiyin hamda tushunarsiz tarzda kechdi. Murabbiylar shtabi bilan ushbu o‘yinlarni tahlil qilib, xatolardan xulosa chiqaramiz, albatta.

— Ko‘pchilik “Navbahor” ayniqsa, o‘z maydonidagi bahslarda muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari evaziga g‘alaba qozonadi, degan fikrda edi. Biroq restartdan keyingi tomoshabinlarsiz bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda ham shogirdlaringiz zafar quchishning uddasidan chiqa olishdi. Sir bo‘lmasa, futbolchilarni o‘sha o‘yinlarga qanday ruhlantira oldingiz?
— Garchi muxlislar tribunada bo‘lishmasa-da, ular doimo qalbimizda. Shogirdlarimga har bir uchrashuvdan oldin ishqibozlar oynai jahon orqali jamoamizni qo‘llab-quvvatlashayotgani, maydonda shuni his qilgan holda, to‘p surishlarini ta’kidlardim. Yigitlar buni his etgan holda o‘ynab, ko‘plab o‘yinlarda ijobiy natijalarni qayd etishdi. Albatta, muxlislarsiz o‘ynash oson emas. Lekin pandemiya davrida bunga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi.

Men tezroq pandemiya davri yakunlanib, ishqibozlarning stadionlarga qaytishlari va jamoamizni avvalgidek munosib tarzda qo‘llab— quvvatlashlarini tilab qolaman.

— O‘zbekiston milliy terma jamoasining 3-10 avgust kunlari Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga “Navbahor”ning 5 nafar futbolchisi, ya’ni, O‘tkir Yusupov, Igor Golban, Azizbek Turg‘unboyev, Abbos G‘ulomov hamda Islombek Isoqjonov jalb etilishdi. Bu albatta, sizni xursand etgan bo‘lsa kerak?
— Bo‘lmasam-chi! Kezi kelganida, shuni ham ta’kidlash joizki, bir paytlari Rossiya 2-ligasi vakili Novotroiskning “Nosta” jamoasida bosh direktor lavozimida faoliyat yuritganimda, ushbu klubga asli hamyurtingiz bo‘lgan rossiyalik taniqli milliarder Alisher Burxanovich Usmonovga qarashli “Uralskaya stal” metallurgiya kombinati homiylik qilardi. O‘shanda Alisher Burxanovich: “Novotroisk jamoasi garchi yuqori o‘rinlarni egallay olmayotgan bo‘lsa-da, mamlakat futboli uchun amalga oshiradigan eng yaxshi ishimiz – “Nosta”ning hech bo‘lmasa, bir nafar futbolchisining milliy terma jamoada o‘ynashi. Shuni amalga oshira olsak, biz mamlakat futboli uchun foyda keltirgan bo‘lamiz,”degandi. Keyinchalik, Alisher Usmonovning orzusi amalga oshib, mazkur jamoada 2009 yili o‘ynagan himoyachi Andrey Semyonov Rossiya terma jamoasiga jalb etilgandi.

Shogirdlarining o‘z mamlakati termasidan chaqiruv olishi har bir murabbiyga quvonch bag‘ishlaydi, albatta. Menimcha, “Navbahor”da terma jamoada o‘ynashga munosib o‘yinchilar ko‘proq. Ammo terma jamoaning o‘z murabbiyi, ya’ni Vadim Karlenovich Abramov bor va u kimni bosh jamoaga chaqirishni o‘zi hal qiladi hamda biz uning qarorlarini hurmat qilamiz.

“Navbahor”ning 5 nafar o‘yinchisi milliy terma jamoadan chaqiruv olishiga munosib hissamni qo‘shganligim, O‘zbekiston futboli rivoji hamda taraqqiyoti uchun foydam tegayotganligi va mehnatim o‘z samarasini berayotganidan xursandman.

Terma jamoaga jalb etilgan jamoamiz a’zolarining esa mazkur yig‘in davomida o‘zlarining eng yaxshi jihatlarini namoyish etishlari, asosiysi, jarohat olmasliklari, bosh jamoaning asosiy tarkibidan munosib o‘rin olishlarini tilayman.

— Demak, asli namanganlik bo‘lgan taniqli rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga qarashli jamoada faoliyat yuritgan ekansiz-da?
— Ha, 2007 – 2009 yillarda Novotroiskning “Nosta” jamoasida bosh direktor lavozimida ishlaganman hamda aytib o‘tganimdek, ushbu jamoa homiysi Alisher Burxanovichga qarashli bo‘lgan “Uralskaya stal” metallurgiya kombinati edi. Garchi “Nosta” 2-liga vakili, kamtarin, 100 mingga yaqin aholiga ega, kichik shahar Novotroisk jamoasi bo‘lsa-da, Alisher Burxanovichning yordamlari evaziga ajoyib qarorgoh, 2ta,ya’ni isitish tarmog‘i o‘rnatilgan tabiiy va sun’iy maydonlarga ega bo‘lgandi. Shuningdek, jamoaga klub homiysi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgandi. Albatta, bunda Alisher Usmanovning hissasi katta bo‘lgan. Alisher Burxanovich shuningdek, xayriya tadbirlari ham uyushtirib turardi. Umuman olganda, Alisher Usmonov Rossiya sporti uchun katta mablag‘ sarflaydi.

Fursatdan foydalanib, Alisher Burxanovichga minnatdorchilik bildirib, unga uzoq umr, sihat-salomatlik, ishlariga omad tilayman.

— Sizni “Navbahor”ga kelishingizda ham Alisher Usmonovning aloqasi bormi?
— Yo‘q. Garchi Alisher Burxanovich bilan tanish bo‘lsak-da, Namanganga kelishimga uning hech qanday aloqasi yo‘q. Meni o‘sha paytdagi klub rahbariyatiga boshqa insonlar tavsiya qilishgan hamda shu tariqa “Navbahor”ga kelganman.

— Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Jamoa hozirgi tarkibi bilan ushbu vazifani amalga oshirishga qodirmi yoki yozgi transfer paytida tarkib yana kuchaytiriladimi?
— Albatta, har bir jamoa o‘z oldiga maqsad qo‘yishi shart. Unda mashg‘ulot va o‘yinlar o‘tkazishning nima keragi bor? “Navbahor”da o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani amalga oshirish uchun hali to‘liq imkoniyat bor. Chunki oldimizda hali 1-davraning 4ta tur bahslari hamda yarim mavsum turibdi. Pandemiya sababli, bu yilgi Superliga bahslarida yuzaga kelgan tanaffuslar bois, ayrim futbolchilarimiz hattoki, o‘zlarining nimalarga qodirliklarini namoyish etishga ham ulgura olishmadi. Shunday bo‘lsa-da, garchi butun dunyo va O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi yuz berayotganligiga qaramay, yigitlar mashg‘ulotlar hamda o‘yinlarda jonbozlik ko‘rsatishmoqda, o‘zgacha ishtiyoqda maydonga tushishmoqda. Buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Yozgi transfer davrida tarkibni kuchaytirish haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bu borada klubning imkoniyatlariga qaraymiz. Albatta, tarkibdagi birorta o‘yinchini sotmay, aksincha, xarid qilish mablag‘ talab qiladi. Shunday ekan, buni imkoniyatdan kelib chiqib, amalga oshiramiz.

— Muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
— Kuni kecha barcha musulmon olami Qurbon hayitini nishonladi. Mening ko‘plab musulmon do‘stlarim bor. Shuningdek, ayni paytda aksariyat aholisi Islom diniga e’tiqod qiladigan O‘zbekistonda yashayapman. Shu bois, Qurbon hayiti bilan barcha o‘zbekistonliklarni tabriklab, ularning oilalari, farzandlari va o‘zlariga sog‘liq — salomatlik hamda dunyodagi eng yaxshi tilaklarni tilayman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 23:24, 03.08.2020.
O'qildi: 3157 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.