"Milan" va murabbiylar haqida gap ketganda Marko Janpaolodan so‘ng istalgan nom yorqinroq ko‘rinishini avvalboshdan aytib o‘tmoqchiman. Yana avvaldan shuni ham aytay — Stefano Piolini ideallashtirishdan yiroqman. Shunchaki, bugun "Milan" uning siymosida to‘g‘riroq tanlov qilganiga urg‘u bermoqchiman. Ya’ni, aytaylik, o‘sha Rangnikdan ko‘ra — to‘g‘riroq.
Albatta, Piolining imiji "Milan"ga kelgunga qadar "fizruk" atamasi bilan ifodalansa bo‘ladagigan darajada edi. U nom qozonmagan va hali ham qozonmadi. Ammo, Milanda o‘tgan oylar ba’zi narsalarni ham o‘zgartirdi, buni inkor qilib bo‘lmaydi, menimcha. Qilgan ishlari unga ishonch bildirishga to‘la asos bo‘ladi oladi, demoqchiman.
Raqamlar: Agar biror klub ma’lum muddat murabbiysiz qolsa yangi kelgan inson uchun start aniq omadsiz bo‘ladi yoki kamida beqaror.
Yuqorida urg‘u berganimdek, Janpaolo murabbiy emas, uzr. Pioliga vaqt kerak bo‘ldi. Va so‘ng u o‘yin ko‘rsata oldi. Restartdan so‘ng A seriyada mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa bu "Milan". 36 imkoniyatdan 30 ochko. Qatorasiga 12 o‘yinli mag‘lubiyatsiz seriya. Qariyb 30 yil ichida (so‘nggi bor Kapello davrida) qizil-qoralarda bu kabi natija bo‘lmabdi. 12 o‘yinda 35 gol — bu borada faqat Gvardiola va uning yigitlari "Milan"dan yaxshiroq Yevropada.
O‘yin: Raqamlar orqali qisman tushunish mumkin-ki Pioli hujumkor futbolni tanlamoqda. "Milan" to‘pga egadik qilishni o‘rgandi. Bu ko‘rinishda markazda Kessie va Bonaventuraga ko‘proq yuk tushmoqda. Ammo, asosiy ishni quyidagi uchlik amalga oshirdi.
Chalhano‘g‘lu — gol-pas tizimida — 9+10
Ibrahimovich — 10+5
Rebich — 11+3
Ha, Ibra keyin qo‘shildi. U alohida voqeylik. Ammo, Hoqon va Antening o‘yini aynan Pioli bilan o‘zgardi. Bu raqamlarga fakt bo‘lib ko‘chgan.
Munosabat: (1) Futbolchilar Piolini hurmat qila boshlashdi. U bunga majbur qila oldi. Albatta, De Laurentis uslubida emas. Mehnati va professionalligi orqali erishdi bunga.
"Turli so‘zlar yangragandi. Ammo, ishontirib aytaman, Pioli o‘z ishining haqiqiy ustasi. Murabbiylar shtabi restartdan so‘ng a’lo darajada ishladi. Mashg‘ulotlar to‘g‘ri tashkil qidindi. Barcha futbolchilar u bilan shartnoma uzaytirilganidan mamnun"
Hoqon Chalhano‘g‘lu
(2) Muxlislar Pioli tayinlovidan juda norozi bo‘lishgan. Sabablar bisyor. Uning "Inter"da ishlagani bonus, xolos. Aslida aytganimdek, imidji yaxshi emasdi bu kimsaning Italiya futbolida. Aytaylikki, "Milan" darajasida emasdi. So‘nggi natijalardan so‘ng bu munosabat ancha yumshadi. To‘g‘ri, hozir bo‘sh stadionlar sabab bu borada biror narsa deyish qiyin, biroq ijtimoiy tarmoqda #pioliout trendga chiqmay qo‘yganining o‘zi "rossoneri"lar fan sektorida Stefanoga bo‘lgan munosabat o‘zgarayotganidan darak.
(3) Rahbariyatda Piolini qo‘llayotgan ikki muhim shaxs bor. Bular texnik direktor Paolo Maldini va klub futbol bo‘limi boshlig‘i Zvonimir Boban. E’tibor bering, ikkisi ham sobiq futbolchi ham klub afsonasi. Rangnik tanlovini esa bevosita to‘p va maydonga aloqasi bo‘lmagan bosh direktor Ivan Gazidis qo‘llayotgandi. Farq bor, menimcha.
Xullas, aytmoqchi bo‘lganim, Piolini olib qolib "Milan" to‘g‘ri qildi. U imkon berishlari uchun haqli edi.
So‘zimni Fabio Kapellodan iqtibos bilan tugataman. U bu gaplarni hali barchasi noaniq bir vaqtda aytgandi.
"U (Rangnik) Germaniyada qiziq biroq, ahamiyati katta bo‘lmagan ishlarni amalga oshirdi. Endi u o‘zi umuman bilmaydigan chempionatga kelmoqchi. "Milan"ni oldinda yana bir nolga teng mavsum kutmoqda. Yana bir mavsum yo‘qotiladi.
Pioli jamoaviy zehniyat (mentalitet) olib keldi. Buni saqlab qolish kerak. Bir necha kerakli harid va klub raqobatbardosh bo‘la oladi".
Orif Tolipov.