Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida tennis bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 15 jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda musobaqalashishmoqda. Nizomga ko‘ra, erkaklar va ayollar yakkalik bahslari hamda mikst uchrashuvlari yordamida g‘oliblar nomi aniqlanadi. Guruhda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar yarim final va final bahslarida kubok uchun kortga chiqishadi.
Kecha dastlabki kun bellashuvlari o‘tkazildi. Unda sirdaryolik raketka ustalari buxoroliklarga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Xorazm viloyati jamoasi Qashqadaryo tennischilarini mag‘lub etishdi. Navoiyliklar farg‘onaliklar to‘sig‘idan o‘ta olishmagan bo‘lsa, Surxondaryo viloyati vakillari Toshkent viloyati tennischilari ustidan zafar quchishdi. Xuddi shuningdek, Toshkent-2 jamoasi namanganliklarni, Andijon viloyati tennischilari Samarqand vakillarini, qoraqalpog‘istonliklar jizzaxlik raqiblarini dog‘da qoldirishning uddasidan chiqishdi.
Kubok bellashuvlari endigina boshlanganini hisobga olsak, asosiy kurash hali oldinda ekanligi oydinlashadi. Guruhlarda so‘nggi tur bahslari shiddatli va keskin kechishi tabiiy. Biz esa musobaqa natijalaridan voqif etib boramiz.
G‘oliblar 15 noyabr kuni ma’lum bo‘ladi.