Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela - Braziliya
15/11 04:30 Paragvay - Argentina
15/11 05:00 Ekvador - Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

"Lazaret" terma jamoasi

"Lazaret" terma jamoasi

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Yangi futbol mavsumi startida, ko‘plab futbol klublari taqvim tig‘izligi tufayli muammolarga duch kelmoqda. Grand jamoalarning yetakchi futbolchilari, ham ichki chempionatlar, ham xalqaro maydondagi ishtirok, ustiga-ustak milliy terma jamoaning yig‘inlariga jalb etilayotganligi, jismoniy imkoniyatlarni cheklab, jarohatlar orttirib olinishiga sabab bo‘lmoqda. Quyida, ayni paytda “lazaret“da bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoani taqdim etamiz.

Darvoza

Yan Oblak(Atletiko Madrid)

Shundog‘am tizg‘iz bo‘lib turgan taqvimda FIFA kunlari futbolchilar uchun qo‘shimcha yuklamalarni yuklashi tabiiy. Bunday vaziyatlarda eng muhimi jismoniy kuchni to‘g‘ri taqsimlay olish. Ammo, qanchalik ehtiyotkorlikka amal qilinmasin, bir qancha futbolchilar terma jamoa yig‘inlarida jarohat, Kovid-19 va shunga o‘xshash sabablar tufayli safdan chiqishmoqda. Shunday futbolchilardan biri, Yan Oblak. Darvozabon, Kosovoga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Boisiki, uning yelkasidagi eski jarohati yana qo‘zg‘agan. Ertaga Sloveniya terma jamoasi Gresiya termasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Posbonning ushbu bahsdagi ishtiroki esa, so‘roq ostida. 22 noyabrda "Atletiko Madrid" “Barselona“ bilan to‘qnash keladi. Oblak, joriy mavsum o‘zi ishtirok etgan 10 o‘yindan 5 tasida darvozasi dahlsizligini saqlab, “quruq o‘yin“ o‘tkazgan.

Himoya

Virdjil van Deyk( Liverpul)

Bosh murabbiy Yurgen Klop Primer liganing 5 turidan o‘rin olgan mersisayd derbisida, himoya qo‘rg‘onining asosiy vakili Virdjil van Deykni yo‘qotdi.

Bungacha mutaxassis, Fabinyo va Tyago Alkantaraning xizmatlaridan ham foydalana olmayotgan edi. Futbolchi “Everton“ darvozaboni Jordan Pikford bilan to‘qnashuvdan keyin, zahiraga olindi. Uchrashuvdan so‘ng, jarohatning jiddiyligi ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik, tizza paylaridagi muammo sababli jarrohlik stoliga yotgan Virdjil, ayni paytda tiklanish jarayonini o‘tkazmoqda. APL ga taqdim etilgan umumiy qaydnomadan o‘chirilgan futbolchining qachon safga qaytishi aniq emas. Niderlandiyalik himoyachi 2018 yil, qishki transferlar oynasida 84 million yevro evaziga “Liverpul“ tarkibiga kelib qo‘shilgan. Shundan buyon u “mersisayd“ safida 130 uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol va 6 ta assist qayd etgan. Qisqa muddat ichida jamoasi bilan chempionlar ligasi, UYEFA superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va APLda g‘olib chiqqan futbolchisiz, “Liverpul“ jami 6 ta o‘yin o‘tkazib birortasida mag‘lub bo‘lmadi va o‘z darvozasidan 3 ta to‘p olib chiqdi.

Tilo Kerer(PSJ)

Ayni paytda tarkibning 10 dan ziyod futbolchisi shifoxonada bo‘lgan PSJ yana bir muhim futbolchisini yo‘qotdi. “Liga 1“ning 10 turidag o‘rin olgan bahsda “Renn“ni qabul qilgan parijliklar himoyachisi, son mushaklaridan jarohat orttirib olgan va shu sababli 3-4 oyni o‘tkazib yuborishi aytildi.

2 yil avval Germaniyaning “Shalke-04“ jamoasidan 37 million yevro evaziga xarid qilingan himoyachi joriy jamoasi libosida jami 62 o‘yinda maydonga tushib, 2 gol va 2 golli uzatma uzatishga muvaffaq bo‘lgan. Toma Minye hamda Tiago Silvalar jamoani tark etganidan so‘ng, mudofaa chizig‘ida asosiy figuralardan biriga aylangan Kere, joriy mavsum parijliklar safida 4 uchrashuvda maydonda harakat qilgan.

Aleksander-Arnold(Liverpul)

Nafaqat uslubi, balki transferlar bozori paytidagi oqilona qaror, xaridlari bilan ham ajralib turadigan, ortda qolgan bir necha yil mobaynida jamoani o‘z idealiga aylantira olgan germaniyalik mutaxassis uchun, ayni davrlar qiyin kechayotgani ayon. Jarohatlar zanjirida navbatdagi bog‘lam Trent Aleksander-Arnold bo‘ldi. U milliy birinchilikning "Manchester Siti"ga qarshi kechgan, 8 tur bahsida son mushaklari shikastlanishi oqibatida jarahot oldi. Keyinchalik, futbolchining safdan chiqqanligi ma’lum bo‘ldi.


22 yoshli, asli "Liverpul" tarbiyalanuvchisi hisoblangan Trent, asosiy jamoaga o‘tganidan so‘ng umumiy 145 ta o‘yinda maydonda harakat qilib, 8 golga mualliflik qilgan. Angliyalik himoyachi Klop jamoasida nafaqat himoya dahlsizligini saqlash, balki hujum tashkil etishda ham muhim figura sanaladi. Shu paytgacha uning, maromiga yetkazib amalga oshirgan uzatmalaridan 38 tasi golga aylangan. “Qizillar“ osmoniga qora bulutlar qoplanyapti chog‘i, 2 asosiy himoyachi ketidan Djo Gomes ham shifoxonaga yo‘l oldi. Futbolchi, milliy terma jamoa yig‘inlarida jiddiy jarohat olgan va bir necha oyga safdan chiqqanligi ma’lum bo‘lgan. Kamiga, Endryu Robertson xam Shotlandiya termasida jarohat olgan. Muhammad Salah esa, kovid-19 tufayli karantinga olingan.

Alfonso Devis(Bavariya)

Ortda qolgan futbol mavsumida furor ko‘targan “Bavariya“ning har bir a’zosi eng yaxshilar qatorida e’tirof etildi. Ulardan biri shubhasiz, Alfonso Devis. O‘tgan mavsum “Bundesliga“ning eng yaxshi yosh futbolchisi nomiga sazovor bo‘lgan yigit, Germaniya chempionatining 5 turi doirasida, “Ayntraxt“ bilan o‘yinda o‘ng to‘pig‘idan jarohat oldi va 6-8 hafta jamoasiga yordam berolmasligi oydinlashdi. Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan ilk kanadalik, bugungacha 54 uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol, 10 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Ayni paytda, 20 yoshli himoyachining pozisiyasini, biroz tajribaliroq bo‘lgan Lyuka Ernandes egallaganligi bois, bu masala Flik rejalariga halaqit bermas, balki. Lekin, Alfonsoning chap qanotdan uyushtiradigan reydlari har doim, har qanday raqib uchun xavf tug‘dira olardi.

Aaron Remzi(Yuventus)

O‘tgan yilning yozida, “Arsenal“dagi shartnomasi yakuniga yetib, “Yuventus“ safiga kelib qo‘shilgan, joriy mavsum 6 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta assist qayd etgan Aaron Remzi hozircha, turinliklarning asosiy tarkibidan muqim o‘rin egallay olganicha yo‘q. Ammo, tabiiyki, uning ortda qolgan faoliyati, natijalari hamda maydonda yaxshi ijodkor ekanligini hisobga olib, Andrea Pirlo jamoasining muhim futbolchilaridan biriga aylanishiga ishonch bildirish mumkin. Millionlar o‘yini olamida “billur futbolchilar“ sirasiga kiradigan Remzi chempionlar ligasining 3 turida “Ferensvarosh“ ga qarshi kechgan bahsda jarohat oldi. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng uning o‘ng son mushaklarida shikastlanish borligi ma’lum bo‘ldi. Futbolchi ayni paytda tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Uelslik yarim himoyachi “byankoneri“ safida jami 41 uchrashuv o‘tkazgan va 4 ta gol, 2 ta golli uzatmani o‘ziga rasmiylashtirgan.

Yozua Kimmix(Bavariya)

Ajoyib sermahsullik namoyish etayotgan "nemis mashinasi"ning motoriga aylanib ulgurgan xavbek, “Bundesliga“ning 7 turi doirasidagi “der klassiker“da raqibi Erling Xolandni to‘xtatib qolish vaqtida ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ydi va jiddiy jarohat orttirib oldi. 25 yoshli himoyachi bugungi kunda, maydonda universal futbolchi maqomida. U orqa chiziqda ham, yarim himoya va hujumga yaqin hududda ham o‘z ishini maromiga yetkazib bajara oladi. Yana bir personal xususiyati, taktik jihatdan qiyin o‘tayotgan o‘yinning kechishini, birgina harakati, gol yoki assisti bilan jamoasi foydasiga o‘zgartirib yuborishga qodir. Olmon futbolchisining “Bavariya“dagi faoliyati mobaynida jami 233 o‘yinda maydonga tushib, 27 gol hamda 64 ta muvaffaqiyatli uzatmaga mualliflik qilgan. Joriy mavsumda esa Yozua, 11 o‘yinda maydonda harakat qilib, raqiblari darvozasiga 3 to‘l yo‘llagan va 7 marta sheriklariga qulay imkoniyat yaratib bergan.

Federiko Valverdi(Real Madrid)

Kastilyadan yetishib chiqqan iqtidor egasi, yaqin yillar mobaynida, Zidan qo‘l ostida yaxshigina o‘yin tajribasi orttirish barobarida, qirollik klubidagi munosib o‘rniga ham ega bo‘lib ulgurgan. 22 yoshli yarimhimoyachi tayanch hududida, ba’zida esa so‘nggi himoyachi ro‘lida ishonchli o‘yin namoyish etish bilan birga, jamoasining hujumlariga samarali qo‘shilib keta oladi. Markazda, qoyilmaqom uzatmalar amalga oshiradigan futbolchilar bilan yelkama-elka to‘p tepayotgan urugvaylik, golli paslarni ham maromiga yetkazib uzatadi. Kerakli vaziyatda to‘pni nazorat qilish ko‘nikmasi ham ancha shakllangan. Futbolchi “Real Madrid“ LaLiganing 9 turi doirasida “Mistaliya“da “Valensiya“ mehmoni bo‘lganida jarohat olib safdan chiqqan va tibbiy tekshiruvlarga ko‘ra, o‘ng oyoq kaft suyaklarining majaqlanishi kuzatilgan. Ushbu vaziyat sabab u, bir necha oyni o‘tkazib yuborishi mumkinligi aytilgan. Fede Valverdi joriy mavsum, umumiy 11 ta o‘yinda harakat qilib, 3 ta gol, 1 assisitni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Neymar(PSJ)

PSJning eng asosiy ikki hujum vakilidan biri Neymar YECHL guruh bosqichining 2 turida “Istanbul Bashakshehir“ga qarshi kechgan bahsning birinchi bo‘limida jarohat olib maydonni tark etdi. Oyoq mushaklari bilan bog‘liq jarohat sabab braziliyalik hujumchi zich taqvimdan iborat bir necha uchrashuvni o‘tkazib yubormoqda. Shuningdek u hozircha terma jamo yig‘inlariga ham jalb etilgani yo‘q. “Pentakampione“ safida eng ko‘p gol urish borasida Ronaldo(62 gol)ni ortda qoldirib, Pele(77 gol)dan keyin 64 ta gol bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan Neymar, ushbu mavsum o‘zi harakat qilgan 6 uchrashuvda 2 ta gol va 4 ta golli uzatma qayd etgan. Parij jamoasi sharafini himoya qilishni boshlagandan buyon esa jami 91 o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 72 ta to‘p kiritgan, 45 marotaba sheriklariga muvaffaqiyatli uzatma amalga oshirgan.

Ansu Fati(Barselona)

Yaqin 2 yillikda eng yaxshi “topilma“ga aylangan, Kataloniya klubining yorqin kelajagi deya e’tirof etilayotgan, o‘z yosh toifasida bir qancha, jumladan: “qizil furiya“ tarkibida hamda YECHL da gol urgan, shuningdek LaLigada “dubl“ qayd etgan eng yosh futbolchi sifatida rekordlarni yangilab tashlayotgan 18 yoshli "vunderkind"ga ko‘z tegdi chog‘i, futbolchi ichki chempioantning 9 turi doirasida kechgan “Real Betis“ga qarshi bahsda chap tizzasidan jarohat oldi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan, Annsumane, “Golden Boy“ mukofoti uchun da’vogarlik qilayotgan raqobatchisi Alfonso Devis singari bir necha oyni, maydonda tashqarida o‘tkazishi aytilgan.
Ispaniyalik iqtidor sohibi joriy mavsum umumiy 10 ta uchrashuv o‘tkazib, 5 ta gol va 4 ta golli pasni o‘z nomiga rasmiylashtirgan.

Daniel Ingz(Sautgempton)

Angliyalik futbolchi Premiyer liganing eng mahsuldor hujumchilari sirasiga kiradi.
Ortda qolgan mavsumda, APL doirasidagi 38 ta o‘yinda 22 ta gol urgan futbolchi, o‘tgan mavsum startidan buyon jamoasining 41.1% gollarida ishtirok etmoqda. Ingz, milliy birinchilikning 7 turida “Aston Villa“ga qarshi bahsda tizzasidan jarohat oldi. Keyinchalik bosh murabbiy Ralf Xazenxyuttl uning 6 haftaga safdan chiqqanligini tasdiqladi. 28 yoshli forvard ushbu mavsum 7 uchrashuvda harakat qildi. Bu o‘yinlarda 5 ta gol va 2 ta muvaffaqiyatli uzatma qayd etib, 16 ochko to‘plagan “Sautgempton“ning turnir jadvalida 4 o‘rinda borishini taminlamoqda.

Dadajon Foziljonov tayyorladi

Kiritildi: 18:13, 18.11.2020.
O'qildi: 5225 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.