Stadion.uz Pochettinoning bir yillik tanaffusi va kelajakdagi rejalari borasida fikr almashadi.
U kutmoqda
Bundan roppa-rosa bir yil avval FIFA kunlarida «Tottenhem» Maurisio Pochettinoga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yuborgan edi. Jamoani grandga aylantirgan mutaxassis bir necha oy ilgari YECHL finaliga qadar yetib borgan bo‘lsada, iste’foga chiqariladi. Bunday og‘ir zarbadan so‘ng, mutaxassis o‘ziga kelib olish maqsadida ortga, Argentinaga qaytib ketdi.
Qahramonimiz birinchi bo‘lib o‘zining sevimli jamoasi «Nyuells Old Boys»ni ziyorat qildi. U ham Messi singari aynan shu klub tarbiyalanuvchisi sanaladi. E’tiborlisi shundaki, Pochettino ham Messi singari Yevropaning Kataloniya shahri jamoasiga ravona bo‘ladi. Faqat, «Barsa»ga emas, «Espanyol»ga!
Bundan so‘ng, mutaxassis sobiq jamoadoshi Diyego Armando Maradona bilan uchrashdi. Ular 1993 yilda «Nyuells Old Boys» sharafini munosib himoya qilishgan va yaxshigina do‘stlar bo‘lishgan edi. 21 yoshli futbolchi afsona sifatida vataniga qaytgan Maradona bilan yaxshi chiqishib ketgan edi. Ushbu do‘stlik hurmati murabbiy JCH chempioni bilan uchrashuvga oshiqdi.
Argentinada hayollarini o‘z joyiga keltirib olgan murabbiy sekin-asta o‘z ishini sog‘inishni boshladi. So‘ng, media orqali yana ishga tayyor ekanligini rasman e’lon qildi.
«Hozir menda karyeramni tiklash uchun yetarlicha variantlar mavjud. Shunday bo‘lsada, birinchi bo‘lib »Tottenhem«dagi sarguzashtlarim haqida bosh qotirishdan to‘xtashim, miyamni tozalashim kerak. Men yana ishga qaytish uchun ich-ichimdan xohish paydo bo‘lishini kutdim. Shunday ekan, tez orada yana Yevropaga qaytmoqchiman. Mening yoshimda tiklanish uchun ko‘p vaqt kerak emas. Men takliflar uchun ochiqman!»
Argentinalik murabbiyning so‘zlaridan so‘ng, bir nechta takliflar kelib tushdi, ammo ha deganda u rozi bo‘lavermadi. Yaqinda esa, murabbiy Sky Sport kanali mehmoni bo‘ldi va o‘z ishini juda ham sog‘ingani haqida so‘zladi.
«Men doimo o‘zimni ishga qaytishga tayyor deb hisoblayman. Bu mening qiziqishim va mening quvonchim. Men har kuni o‘yinlarda ishtirok etish, futbolchi va personallar bilan suhbatlashishni juda ham sog‘indim.»
48 yoshli mutaxassis o‘zining sarguzashtlari hali yakunlanmaganiga ishonchi komil. Shu bois, «Benfika» va «Monako»dan kelib tushgan takliflarni rad etgan bo‘lsa, ajab emas. Qahramonimiz top jamoadan taklif tushishga shubha qilmayapti. E’tiborlisi shundaki. so‘nggi haftalarda uning yana ishga qaytishi borasidagi mish-mishlar urchib ketdi. Avvaliga «el-klassiko»dan oldin «Real Madrid»da, keyin «Siti»da va so‘nggi bor «Manchester Yunayted»da ish boshlashi haqida xabarlar tarqadi. Shuna qaramay, «shaharliklar» Pep bilan o‘rtadagi shartnomani uzaytirishgach, mish-mishlar soni kamayib ketdi. Xo‘sh, ayni damda qaysi klublar Pochettinoga ish taklif qilishi mumkin.
«Real Madrid»
Madrid super klubining «el-klassiko»dan avval Zidanni iste’foga chiqarishi haqidagi xabarlarni "Onde Cere" nashri tarqatdi, ammo »Real" g‘alaba qozongach, klub Zidan variantida qolishga qaror qildi. Murabbiyning o‘zi esa, ushbu jamoani boshqarish orzusi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
«Men bu jamoa postini qabul qilib olishim mumkinligi haqida sira o‘ylamadim desam yolg‘on bo‘ladi. Sababi, ushbu jamoada ish olib borish mening orzuyim. Tan olish lozim, "Real"ni boshqarishni orzu qilmagan murabbiy yo‘q.»
«Manchester Yunayted»
Pochettino va Nagelsman variantlari so‘nggi kunlarda «Yunayted» muxlislari tomonidan bir necha bor muhokama qilingani rost. Sababi, ushbu jamoa so‘nggi 7 ta o‘yinning 3 tasida mag‘lub bo‘ldi va bir bor durang o‘ynadi. Natijalar o‘z-o‘zidan Sulsherning ketishiga ishora qilmoqda, ammo Ferdinand murabbiyga imkon berish kerak deb hisoblamoqda.
Afsuski, media olamda Ole-Gunarning imiji keskin tushib ketdi. Allaqachon uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan murabbiylar haqida fikr bildirishmoqda. Rahbariyat ham o‘rtamiyona murabbiy bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini sekin-asta anglab bormoqda. Shu bois, «qizil iblislar» Sulsher uchun eng ideal tanlov bo‘lib turibdi.
«Barselona»
Yaqindagina ingliz nashrlarida qiziq bir ma’lumot e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Pochettino naqd ikki bor Kataloniya super klubidan kelib tushgan taklifni rad etga, uning asosiy maqsadi «Manchester Yunayted» emish. Shunday bo‘lsada, agar «Barsa» yana bir bor taklif bilan chiqsa, murabbiy Kataloniyaga ko‘chib ketishi ham mumkin ekan.
«Espanyol»ga bo‘lgan hurmat yuzasidan bir necha bor «Barsa»ning sha’niga xunuk so‘zlar aytgan murabbiy vaziyatni yumshatmoqchi bo‘ldi, biroq uning so‘zlari katta shov-shuv ko‘targani yo‘q. Shunday ekan, uning «Espanyol»ning azaliy raqibi postini qabul qilib olishiga ishonish juda va juda mushkul.
Murabbiyning o‘zi «Barselona» varianti haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritib o‘tishga qaror qildi.
«Mening »Barselona« sha’niga aytgan so‘zlarim sababli muxlislar qabul qilmasligi mumkin, ammo ushbu jamoa men bilan aloqaga chiqqani yo‘q. Menimcha, »Barsa«ni kelajakda ham boshqarmayman deb xato so‘zlagan ekanman. Biroz oshirib yuborganimni o‘zim ham sezyapman. Meni yaxshi biladigan insonlar so‘zlarimning ma’nosini darrov anglagan. Sababi, hayotda ayrim narsalarni bir joyga jamlashning imkoni yo‘q.»
«Chelsi», "Atletik", "Zenit"
Ortda qolgan bir yil davomida mish-mishlar murabbiyni qaysi klublarga ravona qilmadi deysiz. PSJ, «Yuventus» va hatto «Inter»ga ham! Sentyabr oyida Pochettinoning o‘zi bunday xabarlarning ko‘payib ketganiga reaksiya bildirgan edi.
"The Athletic" murabbiyni "Chelsi"ga o‘tishi haqida tinmay yozdi. "Marca" esa, "Atletik Bilbao" jamoasi tepasida Pochettinoni ko‘rayotgani haqidagi ma’lumotlarni ommaga taqdim etdi. Vaholanki, basklar Maurisio talab etayotgan 10 million yevrolik maoshni taqdim etishga qodir emas.
Murabbiyning "Atletik« singari jamoalardan taklif tushishini kutib o‘tirganiga ishonish mushkul. Boz ustiga, murabbiy bilan kuzda Sankt-Peterburgning "Zenit" klubi ham qiziqib qoldi. Ushbu voqeaga hech kim izoh bergani yo‘q. Murabbiy esa, hali-hamon grandlardan kelib tushishi mumkin bo‘lgan taklifni kutmoqda.
Kutishning cho‘zilib ketganini esa, murabbiy quyidagicha izohladi:
«Qulay vaziyat va qulay proyekt paydo bo‘lishini kutish lozim. Biz ochiqchasiga chaqiruvni qabul qilishimiz va berilgan imkoniyatdan maksimum foyda chiqarishimiz lozim.»