Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Otabek Umarov O‘zbekiston tomonidan Osiyo olimpiya kengashi vise-prezidentligiga tavsiya etildi

Otabek Umarov O‘zbekiston tomonidan Osiyo olimpiya kengashi vise-prezidentligiga tavsiya etildi

Baho:
+ | -

9 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Onlayn o‘tgan majlisda tashkilot oldida turgan bir qator muhim vazifalar, kelajakdagi rejalar muhokama qilib olindi. Kun tartibidan 16 dekabr kuni O‘monning Maskat shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Olimpiya Kengashining navbatdagi Bosh assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish, ushbu tadbirda bo‘lib o‘tadigan OOK rahbariyati tarkibiga, xususan, tashkilot vise-prezidentligiga O‘zbekiston tomonidan taklif etiladigan nomzodni ko‘rib chiqish, qolaversa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan PF-6099 Farmoni ijrosini ta’minlash masalalari o‘rin oldi.

Maskatda bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleya kun tartibidan 2030 yil bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari mezbonini aniqlash, tashkilot vise-prezidentlarini saylash, 2025 yil bo‘lib o‘tadigan IV yoshlar Osiyo o‘yinlari mezbon mamlakati bilan shartnoma imzolash kabi masalalar o‘rin olgan.

Ayni paytda zimmamizda turgan mas’uliyat har qachongidan yuqori. Zero, 2025 yil poytaxtimiz ilk bor yirik kompleks musobaqa – IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Bu esa butun qit’a oldida yangi O‘zbekistonni tom ma’noda sinovdan o‘tkazadi. Shunday ekan, bu tadbirga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish, Osiyo Olimpiya Kengashi bilan mustahkam kommunikasiyani yo‘lga qo‘yish biz uchun g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Bo‘lib o‘tgan Ijroqo‘m yig‘ilishida bu kabi jihatlar inobatga olinib, sport va tashkilotchilik bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lgan Otabek Umarov nomzodi Osiyo Olimpiya Kengashi vise-prezidentligiga ilgari surildi. Ma’lumki, Otabek Muhammadaliyevich O‘zbekiston triatlon federasiyasi hamda mamlakat MMA assosiasiyasidagi faoliyati orqali yurtimizda ushbu sport turlarining rivojini yangi bosqichga chiqara oldi. Tadbirda so‘z olgan MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Saken Polatov, O‘zbekiston gimnastika federasiyasi raisi v.b. Ruslan Mustayev, O‘zbekiston tennis federasiyasi Bosh kotibi Iroda To‘laganova bu borada eng munosib nomzod tanlanganini ta’kidlab o‘tishdi.

“OOK vise-prezidentligiga ko‘rsatilayotgan nomzod ayni paytda eng munosib vakil deb aytishim mumkin. Bu inson sportni g‘oyatda sevadi va o‘zi ham sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Faoliyati davomida mamlakatimizda bir qator sport turlarini rivojlantirishda, Olimpiya harakatini targ‘ib qilishda tashabbus ko‘rsatgan. Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari bo‘yicha shartnoma imzolangach, bu bo‘yicha alohida direksiya va Respublika ishchi guruhi tuziladi. Bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishda transport logistikasidan tortib boshqa sohalardagi infratuzilmalar, jumladan musobaqaqalarni qabul qiladigan sport majmualari, mehmonxonalar, axborot kommunikasiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada hukumatimiz yordamiga muhtojmiz. Oldimizda katta vazifa turibdi. Buni faqat birgalikda amalga oshirishimiz mumkin”, – dedi MOQ raisi.

Ma’lumot uchun, Osiyo Olimpiya Kengashi tashkilotida jami 10 ta vise-prezident faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 5 nafari qit’adagi mintaqalar bo‘yicha ish olib borsa, qolgan yarmi Osiyoda o‘tadigan 5 yirik kompleks musobaqalar (yozgi Osiyo o‘yinlari, qishki Osiyo o‘yinlari, Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari, sohil Osiyo o‘yinlari va yoshlar Osiyo o‘yinlari) ni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi. E’tiborlisi, bo‘lajak Assambleyadan keyingi muddatda o‘tadigan kompleks musobaqalarga mezbonlik qiluvchi mamlakat OOKga vise-prezidentlik uchun o‘z nomzodini ilgari surish imkoniyatiga ega. Shu tariqa O‘zbekiston ilk bor 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga ushbu nufuzli tashkilot rahbariyatiga o‘z vakilini nomzod qilib ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritmoqda.

Ta’kidlash joiz, Ijroqo‘m yig‘ilishi orqali mamlakatimiz nomidan OOK vise-prezidentligiga nomzod vakil tavsiya etish amaliyoti o‘zbek sporti tarixida birinchi bor yo‘lga qo‘yilgani yanada ahamiyatli. OOK Konstitusiyasida (qoidalarni qo‘llash, 71 va 76-moddalariga asosan) mezbon mamlakat OOK vise-Prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish huquqiga egaligi ko‘rsatilgan.

Tadbir davomida Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari direksiyasining direktori ham saylab olindi. Ushbu mas’uliyatli lavozimga MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov bir ovozdan ma’qul ko‘rildi. Shu tariqa O.Kasimov bir vaqtning o‘zida Qo‘mita Bosh kotibi va Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari direksiyasining direktori sifatida faoliyat olib boradi.

Yig‘ilishda shuningdek, MOQ rahbari yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda viloyatlarda bu borada keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish, Qashqadaryo viloyatida o‘tgan bellashuvlar misolida seleksion turnirlar orqali terma jamoa uchun iqtidorli yoshlarni saralash kabi masalalarga ham urg‘u berildi. Shuning bilan, Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 16:49, 10.12.2020.
O'qildi: 4265 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.