Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«MYU»da Pogba o‘rniga nomzodlar tayyor (TOP-5)

«MYU»da Pogba o‘rniga nomzodlar tayyor (TOP-5)

Baho:
+ | -

Yaqin kunlar ichida «MYU» a’zosi Pol Pogba va rahbariyat o‘rtasida o‘zaro ziddiyatli mojarolar kelib chiqayotganidan xabaringiz bor. Ma’lumotlarga qaraganda klub fransiyalik yulduz uchun katta summadagi maosh berishdan manfaatdor emas. Buning ustiga ular Poogbaning yaqin oylar ichidagi ko‘rsatayotgan o‘yinlaridan qoniqish hosil qilishmayapti. U «qizil iblislar»ning o‘zi qatnashgan so‘nggi 35 ta uchrashuvida atigi 3 ta gol urib 6 ta golga assist bergan xolos. Buning ustiga Opta ning xabar berishicha, u bitta murabbiy qo‘l ostida eng ko‘p penaltilarga ham sababchi bo‘lib qolgan.

Boshqa statistic ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham fransiyalikninng Manchesterda omadi yurishmayapti. Tabiiyki, 105 millionga sotib olingan futbolchi ishonchni oqlamayotgandan so‘ng rahbariyat ayni moliyaviy inqiroz paytida uni yaxshigina pullab yuborishdan manfaatdor. Buni Polning o‘zi ham qaysidir ma’noda xohlamoqda. U o‘z iste’dodini yaxshiroq ocha oladigan boshqa bir grand klubga ketmoqchiligini agenti orqali ham bir necha marta ta’kidlab o‘tdi. Bulardan xulosa qilish mumkinki, Pogba katta ehtimol bilan qishji transferlar oynasida klubini tark etishga yaqin.

Biz esa «MYU»ning fransiyalik futbolchi o‘rnini to‘ldirishi kutilayotgan ehtimoliy 5 transferga e’tiboringizni qaratamiz.


Rayan Gravenberx («Ayaks»)

Rayan Pogba bilan solishtirilganda doim kelajagi porloq futbolchi sifatida tilga olingan. U «Ayaks»ning umidli yoshlaridan biri. Maydonda erkin ijrochi va istalgan pozisiyada birdek o‘ynay oladi. Har qalay u buni yaqin uchrashuvlar davomida bir necha bor isbotlashga ulgurdi. U joriy mavsum Erediviziyada 10 ta bahsda maydonga tushib, 1 ta gol va 4 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. O‘tgan mavsum biz niderlandiyalik futbolchini ko‘pincha tayanch zonasidagi harakatlari orqali eslab qolganmiz. U himoyaviyga tortib ketadigan kuchli yarimhimoyachilardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham u gollardan ko‘ra ko‘proq uzatmalarda, xavfli vaziyatlar yaratishda ishtirok etadi, XG si ham yomon emas.

U «Ayaks»da debyut qilgan payti bor yo‘g‘i 16 yosh, 130 kunlik edi. Ushbu natijasi orqali u Klaran Zeydorfning rekordini yangilaganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Shuningdek, Rayan xarakter nuqtayi nazaridan juda og‘ir, bosiq bo‘lib, uning maydonda o‘zini tutishi yoshiga nisbatan ko‘pchilikni hayratga soladi, hakam bilan bo‘ladigan bahsli vaziyatlarda deyarli ishtirok etmaydi. Uning ayni paytdagi potensialini sobiq niderlandiyalik futbolchi Ronald de Bur ham yuqori baholadi. Darhaqiqat, Gravenberx «De Toyekomst»ning yosh va umidli vakili sifatida Pogba o‘ynayotgan ampulaga to‘la mos keladi.

Eduardo Kamavinga («Renn»)

Kamavinga Fransiya fuqaroligini qabul qilgan, asli kelib chiqishi esa Angoladan. Fransiyalik yosh iqtidor egasi bugungi kunda juda ko‘plab klublarning qiziqish doirasiga tushgan. Unga «qizil iblislar»dan tashqari Madridning «Real» klubi ham bir nech maratoba og‘iz solib ko‘rdi. Zero, Eduardo o‘z navbatida bunga loyiq bosqichlarni ham bosib o‘tmoqda. U o‘tgan mavsum jamoasining uzoq kutilgan YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Kmavinganing vazifasi biroz bo‘lsada Gravenberxnikiga o‘xhab ketadi, ko‘pincha jamoaning «qora» ishlariga mas’ul. Shuning uchun gollarda bevosita ishtirok etmasa ham uning vujudga kelishida fransiyalik haqiqiy jonbozlik ko‘rsatadi. Qahramonimiz o‘tgan yili 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1+2 natijani qayd etgan bo‘lsa, joriy mavsum u 12 ta o‘yinda 1 ta gol urib yana shuncha golga assist bergan. Buning ustiga o‘tgan yili bir marta oyning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida tan olingan.

Klubidagi yorqin o‘yinlari evaziga u milliy terma jamoa yig‘iniga ham chaqirildi. Ilk uchrashuvlarini yorqin o‘tkazishi mobaynida gol ham urishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu goli orqali Eduardo «uchranglilar» tarixida gol urgan ikkinchi eng yosh futbolchiga aylanib oldi. «Renn» bosh murabbiyi Xulian Stefan uning jamoda qolishini chin dildan istamoqda: “U hozir super formada. Tabiiyki, u o‘z darajasidagi klubda o‘ynashni xohlaydi. Lekin Kamavinga «Renn» uchun kamida bir yil o‘ynab berishi kerak. Klub unga ulkan ishonch bildirmoqda, atrofdagilarini hurmati uchun ham yana ozroq bu yerda qolishi kerak”, - deydi mutaxassis. Biroq, shunga qaramay futbolchining o‘zi Fransiyada ortiq qolmoqchi emas. U buni yaqinda o‘z agenti orqali aytib o‘tdi. «MYU» uning tranferi uchun hozircha 45 million taklif qilmoqda. Agar Pogba masalasi yanvarda uzil-kesil hal bo‘lsa, Kamavinga katta ehtimol Manchesterga ko‘chib o‘tadi.

Jek Grilish («Aston Villa»)

Grilish «MYU»ga daavogarlar orasida avvaldan beri mavjud. «Mankunianlar»ning Sancho borasidagi omadli kelishuvi amalga oshmayotgandan keyin, ular Jekni ikkinchi planga olib qo‘yishgan. Darhaqiqat futbolchi yuqori e’tiborga loyiq iste’dodini namoyish eta oladi, eng kerakli jihati unda yuqori stabillik bor. Grilish o‘tgan mavsum klubining eng foydali o‘yinchilaridan biri bo‘lgan edi. 25 yoshli futbolchi «Aston Villa» safida Premyer-liga doirasida jami 30 ta uchrashuvda maydonga tushib 8 ta gol va 6 ta assist qayd etgan va jamoasining musobaqada arang jon saqlab qolishida uning xizmatlari beqiyos.

Lekin joriy mavsum Grilish rosmana Premyer-liganing eng yaxshilari qatorida e’tirof etilmoqda, statistika ham buni tasdiqlaydi. U o‘zi maydonga tushgan 10 bahsning 5 tasida gol urishga erishdi. Buning ustiga musobaqaning eng yaxshi assistentlari ro‘yxatida Harri Keyn va Kevin de Bryuynelardan keyin 3-natijani qayd etib turibdi – (6). Shuningdek, futbolchi katta klublar bilan o‘yinlarda doim o‘zini ko‘rsatib keladi. So‘zimizning isboti sifatida faqatgina «Liverpul»ga qarshi qarama-qarshilikni eslashning o‘zi kifoya. U 7-2 hisobidagi tarixiy g‘alabada 2+3 natijani qayd etdi. Bu esa «qizillar» tarixidagi raqiblar ichida eng vaxshiy qotil degani. Jek 25 yosh bo‘lishiga qaramay milliy terma safiga bu yil endi chaqiruv oldi, lekin hozircha u ikki assistdan tashqari hali yaxshiroq natija ko‘rsatgani yo‘q. Agar unig Premyer-ligadagi yorqin natijalari davomiy bo‘lib chiqsa, yaqin orada uni «orzular teatri»da ko‘rib qolsak ham ajab emas.

Denis Zakariya («Borussiya M»)

Denis qisqa muddat ichida anchagina o‘z muxlislari auditoriyasini kengaytirib oldi. U va uning jamoasi «Borussiya» joriy mavsum YECHL kashfiyotlari sirasida tilga olinmoqda. Klub «o‘lim guruhi» deya tilga olingan yerda «Inter»dek jamoani musobaqadan chiqarib yuborgan holda kelasi bosqich masalasini ijobiy hal etdi. Endi bundan buyog‘iga ham bir xil tempda davom etish uchun unda barcha imkoniyatlar yetarli.

2017 yilda Myunxengladbaxga ko‘chib o‘tganidan buyon klubi safidagi muhim figuralardan biri hisoblanadi. O‘tgan yilgi mavsumda u 2 ta gol urib yana shuncha golga assist ham bergan. Albatta bu o‘yinlar miqdori bilan solishtirilganda top darajaga intilayotgan futbolchi uchun past ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin. Lekin 24 yoshli yarimhimoyachi o‘z darajasidan pastga qarab tushib ketmagan. Unda sheriklarini yaxshi tushunish, pressingga ishlash xususiyatlari kuchli shakllangan. Uzatyotgan passlarining aniqligi bo‘yicha Bundesligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri qayd etilgan – 87%. «MYU» rahbariyati Zakariyani Matich bilan tandemda sinab ko‘rishmoqchi.

Sergey Milinkovich Savich («Lasio»)


Savich yuqorida tilga olingan futbolchilardan farqli o‘laroq jamoasining ko‘pyillik tajribali vakillarida biri hisoblanadi. Shunga yarasha klubiga keltirgan foydasi ham birmuncha salmoqliroq. U «Lasio» safida maydonga tushgan 200dan ziyod bahslari davomida 42 gol va 30 assistni qayd etgan. To‘pni o‘zida maksimal olib yurish va ayniqsa, havodagi kurashlarda serb futbolchisi yetuk darajaga chiqib ulgurdi. O‘tgan mavsumdagi sermahsulliklari evaziga Savich «rimliklar»ning muhim quroliga aylangandi, uzatma berish bo‘yicha A Seriyaning eng kuchlilari qatorida e’tirof etib kelinadi. Ayniqsa, joriy mavsum «Lasio»ning 20 yil deganda ilk bor YECHL pley-offiga chiqishida uning xizmatlari beqiyos. Manchester klubi Savich transferi borasida Rim klubi bilan bundan ikki yil oldin ham qisqa muzokaralar olib borgan, biroq uning o‘zi Angliyaga ko‘chib o‘tishni istamagan edi. Bo‘lajak bitimning qanday tus olishini esa vaqt ko‘rsatadi.

 

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 15:14, 14.12.2020.
O'qildi: 13119 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.