Odatda yil yakunida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan, ammo pandemiya sabab biroz ortga surilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham kecha o‘z nihoyasiga yetdi. Myunxenning "Bavariya" hamda Meksikaning "Tigres" jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvda germaniyaliklarning qo‘li baland keldi. Uchrashuvdagi yagona golga, fransiyalik futbolchi Benjamin Pavar mualliflik qildi va "Bavariya" klublar o‘rtasidagi jahon chempioni sovriniga ega chiqdi. Uchrashuvda ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratilgan bo‘lsa ham, yagona gol uchrashuv taqdirini hal qildi. Bu esa "nemis mashinasi"ga mavsumdagi 6-chempionlik kubogini olish uchun yetarli bo‘ldi.
"Bavariya" uchun 2020-yil haqiqatdan ham omadli kechdi. Ular ketma-ket oltin medallarga ega chiqishni boshlashdi. Bu yurish iyun oyida Bundesliga chempionligi bilan boshlangan bo‘lsa, keyinchalik Germaniya kubogida zafar quchdi, so‘ngra avgust oyida Chempionlar Ligasi oltin medallarini ham o‘ziniki qilishdi. Germaniya va Yevropa superkubogidagi g‘alabalari "Bavariya"ning mavsumdagi 5-chempionligi bo‘ldi. Kechagi g‘alabadan so‘ng, mavsumdagi barcha musobaqalarda g‘alaba qozongan jamoa sifatida tarixda qoldi. Ushbu oltita sovrinning hammasini qo‘lga kiritish uchun "Bavariya"ga atigi yetti oy kerak bo‘ldi.
Yozda qayd etilgan trebl, "Bavariya" uchun ikkinchisi bo‘ldi. Ular 2012/13 yilgi mavsumda ham to‘rtta sovringa ega chiqishgan edi. O‘sha mavsumda ular klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Marokashning "Raja Kasablanka" jamoasini mag‘lub etgandi. Kechagi chempionlikdan bir mavsumda oltida titulga ega chiqib, "Barselona"ning natijasini takrorladi. Kataloniyaliklar 2009-yilgi mavsum davomida shuncha sovringa ega chiqishgan.
"Bavariya" kechagi g‘alabasidan so‘ng, Braziliyaning "Korintians" jamoasiga klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligi bo‘yicha yetib oldi. Mazkur jamoalarda ikkitadan JCH oltin medallari bor. Faqatgina, "Real Madrid" (4) va "Barselona" (3) jamoalari bu musobaqada ulardan ko‘p g‘olib bo‘lishgan.
"Bavariya" bundan yetti yil oldin ham mavsumdagi barcha sovrinlarga ega chiqishi mumkin edi, ammo Yurgen Kloppning "Borussiya Dortmund" jamoasi bunga imkon bermagan. Tomonlarning Germaniya superkubogi doirasidagi uchrashuvida dortmundliklarning qo‘li baland kelgan. "Barselona" ham olti titulni hammasini faqatgina 2009-yilda qo‘lga kiritgan. 2015-yilgi mavsumda ular juda yaqin kelishgan edi, ammo Bilbaoning "Atletik" jamoasi bunga yo‘l qo‘ymagan.
Xans Flik "Bavariya" bilan 15 oy ichida oltinchi sovrinni qo‘lga kiritdi: U 2019-yilning noyabrida jamoaga keldi va myunxenliklarning ushbu medallar qo‘lga kiritish bo‘yicha seriyasini tashkil qildi. Afsusuki, nemislar joriy yilgi mavsumda o‘tgan yilgi ishlarini takrorlay olmaydi, chunki ular yanvar oyi o‘rtalarida ikkinchi divizion vakili "Holshtayn" jamoasiga mag‘lub bo‘ldi va Germaniya kubogi bahslaridan chiqib ketdi.
Kingsli Komanning medallar javoni kundan-kunga kengayib bormoqda. Kechagi uchrashuvdan so‘ng, sovrinlari qatoriga yangi musobaqa medali qo‘shildi. Bu - klublar o‘rtasidagi JCH. Aql bovar qilmasi natija, 24 yoshida 21-sovriniga ega chiqish. Ehtimol, uning 25 yoshga to‘lganida medallari soni ham 25 tani tashkil qilar. Uning tug‘ilgan kuni 13-iyun kuni.
"Bavariya"ning beshta futbolchisi o‘z karyerasi davomida ikkinchi marta klublar o‘rtasidagi JCH sovriniga ega chiqishmoqda. Bular Manuel Noyer, David Alaba, Jerom Baoteng, Xavi Martines va Tomas Myuller. To‘g‘ri, ularning ikkitasi g‘alabani jamoasi bilan birga nishonlay olmadi, chunki Jerom Baoteng yaqin insonidan ajralganligi sabab, shoshilinch ravishda Germaniyaga uchib ketgan bo‘lsa, Tomas Myullerning koronavirusga topshirgan testi ijobiy natija chiqqanligi uchun, mazkur uchrashuvni o‘tkazib yubordi.
Ikki haftadan so‘ng "Bavariya" Chempionlar Ligasidagi yurishini boshlaydi. Ularning raqibi Italiyaning "Latsio" jamoasi. Bu mavsumda nemislar "Real Madrid" jamoasining natijasini takrorlab ko‘rishga harakat qilib ko‘radi, ya’ni ketma-ket YECHL musobaqasida g‘olib bo‘lish uchun maydonga tushishadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, "Bavariya" kechagi uchrashuvdan so‘ng, nafaqat Germaniyada, balki butun dunyodagi eng kuchli jamoalardan biri ekanligini isbotlab qo‘ydi. Bu esa jamoaga Chempionlar Ligasi uchrashuvlaridan oldin jamoaning o‘ziga nisbatan ishonchini yanada oshiradi. Joriy yilgi mavsumda Germaniya kubogidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, bundesligada eng katta ta’qibchisi "Leypsig"dan 7 ochko ko‘p jamg‘arib turnir jadvalida 1-o‘rinda ketmoqda. Biz esa "Bavariya" muxlislarini kechagi chempionlik bilan tabriklagan holda, sevimli jamoasining keyingi o‘yinlarida ham zafarlar tilab qolamiz.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.