Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Chempionlar ligasida zafar qucholmagan 25 yulduz

Chempionlar ligasida zafar qucholmagan 25 yulduz

Baho:
+ | -

Dunyo futboli tarixida shunday futbolchilar borki, o‘z davrining eng yaxshilaridan bo‘lgan. O‘zi o‘ynagan jamoasi sovrinlar yutishiga yordam bergan, lekin birgina Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish unga armonligicha qolgan. Kechadan boshlab UEFA Chempionlar ligasi musobaqasi yana qaytdi. Shu munosabat bilan, mazkur chempionatda umuman g‘olib bo‘lmagan futbolchilar haqida biroz suhbatlashamiz.

25. Maykl Ouen
Faoliyati davomida «Liverpul», «Real Madrid», «Nyukasl», «Manchester Yunayted» va «Stok siti»da o‘ynagan Ouen, futbolchilik davrida qanday yutuqlarga erishganini bilamiz. Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi 18 yoshdan 25 yoshgacha o‘zining eng dahshatli cho‘qqisiga chiqdi va 2001 yilda «Liverpul»ga UEFA Kubogi, Angliya kubogi va Liga kubogida uch marotaba yordam bergandan so‘ng «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. Futbolchilik davrini eng gullagan davrlarini «Liverpul»da o‘tkazgan Maykl, bu jamoa bilan YECHLda zafar quchishiga ishonchi qolmaydi. Shuning uchun 2004 yilda Ispaniyaga ko‘chib o‘tadi, ammo 2005 yilda “Liverpul” bu sovrinni qo‘lga kiritadi, Ouen esa «Real» safida 1/8 finalda musobaqa bilan xayrlashadi. U yana bir marta bu kubok uchun yaqin keladi. 2011 yilgi finalda «Barselona»ga qarshi uchrashuvda «Yunayted»ning tarkibida bo‘lgan, ammo 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan angliyaliklar safida zaxiradan maydonga tushish ham nasib qilmagan.

24. Sol Kempbell
Karyerasi Rio Ferdinand va Jon Terri bilan bir davrga to‘g‘ri kelgan markaziy himoyachi faoliyatining eng yorqin davrlarlarini Londonning ikki jamoasi «Tottenhem» va «Arsenal» klublari safida o‘tkazgan. Klublar darajasida ham, terma jamoa darajasida ham yorqin o‘yinlar ko‘rasatgan Sol Kempbell shubhasiz, o‘z davrining eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri bo‘lgan. Kempbellning medallar javonida ikkita Premer-liga chempionligi va Chempionlar Ligasi ikkinchi o‘rin medallari bor. Sol Kempbell ham Chempionlar ligasida g‘olib bolish imkoniyatiga ega bo‘lgan, lekin bunga Kataloniya jamoasi to‘sqinlik qilgan. Finalda «Arsenal» darvozaboni Yens Lemanning 18-daqiqada olgan qizil kartochkasi voqealar rivojini o‘zgartirib yuborgan. Bir kishi kam bo‘lsa ham 31-daqiqada aynan Kempbell gol urgan, lekin keyinchalik ikkita gol urgan “Barselonaʼʼ jamoasi yakunda 2:1 hisobida g‘olib bo‘lishgan.

23. Loran Blan
Futbolchilik faoliyatida juda ko‘p jamoalarda o‘ynagan fransuzning sovrinlarida bittagina bo‘shliq bo‘lgan. Fransiya chempionligi, kubogi, Ispaniya kubogi, superkubogi, Angliya chempioni kabi sovrinlarni qo‘lga kiritgan Loran Blan, Fransiya terma jamoasi safida Jahon chempioni va Yevropa chempionligiga erishgan, lekin unda birgina Chempionlar ligasi oltin medali yetishmaydi.

22. Filipp Koku
Gollandiya terma jamoasi sobiq futbolchisi «AZ», “Vitess”, “PSVʼʼ kabi jamoalarda ko‘rsatgan yorqin o‘yinidan so‘ng, uni Ispaniya giganti «Barselona»ga taklif qilishadi. “Barsaʼʼ safida 205ta o‘yinda maydonga tushib 31 gol muallifiga aylangan Filipp uchun Yevropa klublarining eng katta sovrinini yutish nasib qilmagan. «Barselona» bilan olti yillik faoliyati davomida, Koku «Kamp Nou»ni «Barsa»ning Yevropa chempionligidan ikki yil oldin tark etgandi. Yarim himoyachi o‘ynagan jamoalarida ko‘p bora mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan, lekin uni ham chempionlar ligasi kubogi chetlab o‘tgandi.

21. Robert Pires
2006 yilgi «Arsenal» va «Barselona» o‘rtasidagi Chempionlar Ligasi finalidan 18 daqiqa o‘tgach, Yens Lehmannga qizil kartochka ko‘rsatilganda, Pires zaxira darvozaboni Manuel Almuniyaga yo‘l ochib berishga majbur bo‘lgan. Bu futbolchi uchun baxtsiz voqea bo‘ldi. Arsen Venger shogirdlari son jihatdan kamchilik bo‘lishiga qaramay birinchi gol urishadi, ammo ikkinchi bo‘limning ikkita goli o‘yinni o‘z tomoniga burib yubordi va kubokni «Kamp Nou» ga qaytarib yubordi. Bu Pires turnir g‘olibligiga eng yaqin kelgan payti edi, u «Arsenal»dan keyingi faoliyatida 2008/09 mavsumda «Vilyarreal» safida chorak finalgacha kelgan. Ammo 2006 yilgi kabi imkoniyat fransuz futbolchisida boshqa bo‘lmagan.

20. Aleksis Sanches
Chililik futbolchi ajoyib futbol ustasi, lekin uning ham Chempionlar ligasida «ketmoni uchmagan»ini aytib o‘tish kerak. 2015 yilda «Barselona» jamoasi mazkur kubokni ko‘tarishidan bir yil oldin, u Kataloniyadagi faoliyatini yakunlab Angliyaning «Arsenal» jamoasiga ko‘chib o‘tgandi. «To‘pchilar» safida 2018 yilgacha o‘ynagan futbolchi, keyinchalik «Manchester Yunayted»ga ko‘chib o‘tgan, lekin bu sovringa ega chiqish nasib qilmagan. Joriy mavsum ham Italiyaning «Inter» jamoasi bilan mazkur musobaqada qatnashgan chililik uchun omadsiz bo‘ldi, chunki «Inter» bu mavsumda guruh bosqichidan nariga o‘tolmadi. Balki, keyingi mavsumda omadi kelar.

19. Jorj Vea
Chempionlar Ligasining 1994/95 yilgi mavsumida PSJ jamoasi safida yettita goli bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lgan Vea yarim finalda «Milan»ga 0:3 hisobida yutqazib qo‘yadi. Ammo, mazkur mag‘lubiyatga qaramay Jorj Vea milanliklarda iliq ta’ssurot qoldirgan bo‘lsa kerak, bir yil o‘tib futbolchi «Milan» safida paydo bo‘ladi. Afsuski, hujumchi Italiyadagi faoliyatida «rossoneri» bilan ikki marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, Chempionlar ligasida zafar quchish nasib qilmagan. Keyinchalik, u «Chelsi», «Manchester Siti», «Marsel» jamoalari safida o‘ynagan, ammo bu jamoalar bilan ham uning omadi kelmagan.

18. Alan Shirer
Faoliyati davomida «Sautgemton», «Blekbern Rovers», “Nyukasl Yunayted” jamoalarida o‘ynagan futbolchi ko‘proq individual sovrinlarga ega chiqqan. 1994 yilda Angliyada yil futbolchisi, 1996 yilgi Yevropa chempionati to‘purari, «France Football» nashrining 1996 yilgi bronza to‘pi sohibi, Angliya chempionatining 1995/96/97 mavsum to‘purari kabi sovrinlarga ega chiqqan futbolchi, 1994/95 yilgi Angliya chempionati g‘olibligiga ham ega chiqqan. Jamoaviy sovrinlarga ko‘p ega chiqmagan futbolchiga ko‘pgina grand jamoalar qiziqishgan, lekin u faqatgina o‘zi xohlagan jamoalarda to‘p tepishni afzal deb bilgan. Balki, shuning uchun ham muxlislar yoqimtoyiga aylangandir.

17. Sesk Fabregas
Sesk Fabregas «Barselona»ga qaytgach, Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishiga ishongan bo‘lsa kerak. 2006 yilgi finalda o‘zining «Arsenal» jamoasini mag‘lubiyatga uchratgan kataloniyaliklar 2009 va 2011 yillarda yana Chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritishdi, 2011 yil yozida Fabregas o‘zining bolalik klubiga qaytdi. Biroq, «Kamp Nou»dagi uch mavsumida «Barselona» ikkita yarim final va chorak finalda mag‘lubiyatga uchradi. Fabregas 2014 yil yozida Londonga qaytib keldi, shundan so‘ng «Barselona» zudlik bilan yana Chempionlar Ligasini yutdi. U «Chelsi» jamoasida to‘p surganida ham qit’ada g‘alaba qozona olmadi va hozirda «Monako» safida to‘p tepayotganini hisobga olsak, Seskda ham YECHL sovrini armon bo‘lish ehtimoli juda yuqori.

16. Gabriyel Batistuta
Batistuta, ehtimol, 2000 yilga qadar «Fiorentina»ni tark etganida, Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lar edi, shu paytda u 31 yoshda edi. Ammo argentinalik futbolchi «Fiorentina»da o‘ynashni xohladi. Nihoyat, Florensiyadan ketgach, futbolchi «Roma»da uch mavsum o‘ynadi va 2000/01 yilgi mavsumda boshqa hujumchilar Franchesko Totti va Vinchenso Montella bilan birga A seriya chempionligini yutdi. U keyingi ikki mavsumida ham Chempionlar Ligasida o‘ynagan, ammo poytaxt klubi har ikkala yilda ham guruh bosqichidan o‘ta olmagan.

15. Jorjo Kyellini
2005 yilda chempionlar ligasida sovrin yutishni istab «Yuventus» jamoasiga o‘tgan Jorjo hozirgacha turinliklar safida o‘ynamoqda. Kyellini 2011 yildan to hozirgacha «Yuventus» bilan Italiyada chempionlikni hech qaysi jamoaga bermayapti. Shu bilan birga uch marta Italiya kubogi va to‘rt marta Italiya superkubogiga ega chiqqan futbolchi uchun «shalpangquloq» kubokni yutish nasib qilmagan. Italiyalik «Yuve»ga o‘tganidan beri ikkita finalda ishtirok etdi, ammo italiyaliklarni «Barselona» (2015 yilda 1:3) va «Real» (2017 yilda 1:4) mag‘lubiyatga uchratgan. 2018 yilda Chempionlar ligasini 5 marta yutgan futbolchi Krishtiano Ronalduni ham Turinga olib kelishdi, lekin bu futbolchi bilan ham Kelliniga kubokni boshi uzra ko‘tarish nasib qilmayapti. Joriy mavsumda ham «Yuventus» bilan YECHLda qatnashmoqda va mutaxasislar mazkur jamoaning imkoniyatlarini yuqori baholashmoqda. Ehtimol, bu yil turinliklar istagi bilan birga Kellinining ham orzusi ushalar.

14. Ernan Krespo
Argentinaning barcha zamonlardagi eng yaxshi to‘purarlari orasida 3-o‘rinda bo‘lgan Krespo Yevropaning top-jamoalarida o‘ynagan va Chempionlar ligasida qatnashgan, shuningdek, YECHL finalida ikkita gol urgan. Afsuski, bu futbolchi ham dahshatli kambek qurboniga aylangan. 2005 yilgi «Liverpul» va «Milan» bahsini eslasangiz kerak? Argentinalik ushbu bahsda «Milan» safida to‘p tepgan. Ikki yildan so‘ng italiyaliklar YECHL g‘olibligini qo‘lga kiritdi, lekin bu paytda Ernan «Inter» safida ijara asosida to‘p surayotgan edi. Bir yildan so‘ng «Inter» ham bu musobaqada g‘olib bo‘ldi, biroq bu paytda Krespo jamoada yo‘q edi. To‘g‘ri jamoa, to‘g‘ri odamlar, noto‘g‘ri vaqt.

13. Erik Kantona
«Manchester Yunayted»ning 1990 yillar atrofidagi muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shgan Kantona, garchi ichki chempionatda ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgan bo‘lsa-da, chempionlar ligasida omadi uncha yurishmagan. 1993/94 yilgi mavsumda to‘rtta bahsda ikkita gol urgan bo‘lsa-da, qolgan bahslarda uning «ketmoni uchmagan». 1999 yilda manchesterliklar kubokni qo‘lga kiritdi, lekin bu paytda Erik butsalarini mixga ilib bo‘lgandi. Mankunianlar 1996/97 yilgi Chempionlar ligasida yarim finalgacha yetib borishgan va bu Erik Kantona uchun so‘ngi yil edi.

12. Rud van Nistelroy
Chempionlar Ligasida 5 ta goli bor Van Nistelroy hech qachon musobaqada g‘olib bo‘lmagan eng ko‘p gol urgan futbolchi. Eng yomoni, gollandiyalik uch marotaba musobaqada eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. Hujumchi «Manchester Yunayted»ga 1999 yilgi tarixiy trebldan ikki yil o‘tib qo‘shildi va keyingi YECHLdagi g‘alabasidan ikki mavsum oldin tark etdi. Shuningdek, u «Real» bilan to‘rt yillik faoliyati davomida biron bir qit’a shon-sharafiga erisha olmadi; «Manchester Yunayted» jamoasida bo‘lgani singari, Nistelroy Madrid jamoasidan ketganidan keyin ikki mavsumdan so‘ng ushbu musobaqada g‘olib bo‘lishdi. Haqiqiy gol mashinasi bo‘lgan Van Nistelroy uchta mamlakat chempionati doirasida to‘qqiz mavsumda beshta unvonni qo‘lga kiritdi, ammo klublar o‘rtasidagi qit’a musobaqasida g‘olib nasib qilmagan.

11. Pavel Nedved
2003 yilgi chempionatda «Yuventus» jamoasi finalgacha yetib kelgan, jamoaning ushbu bosqichgacha yetib kelishigacha Nedvedning yordami katta bo‘lgan. Lekin diskvalifikasiya sabab finalni o‘tkazib yuborgan. Bu uning turnirda g‘olib chiqishga eng yaqin kelgani edi, ammo bunga Italiyaning boshqa jamoasi «Milan» to‘sqinlik qilgan. 120 daqiqa davom etgan bahsda hisob ochilmagan va penaltilar seriyasida milanliklarning qo‘li baland kelgan. Shuningdek, Pavel Nedved faoliyati davomida “Sparta Praga” va Yevropaning eng yaxshi musobaqasida «Lasio» sharafini himoya qilgan, biroq g‘olib bo‘lish nasib qilmagan.

10. Patrik Viyeyra
Viyeyra Chempionlar Ligasida 76 marta maydonga tushgan, «Arsenal», «Yuventus» va «Inter» kabi uch xil kuchli jamoa bilan uynagan, ammo bu musobaqada g‘olib bo‘lmagan. Patrik «kanonirlar» safini 2006 yil finaliga 12 oy qolganda tark etgan, keyin esa «Inter» 2010 yil g‘olib bo‘lishidan 5 oy oldin tark etgan. Juda ayanchli, shunday emasmi?

9. Lilian Tyuram
Nedved singari, Tyuram ham 2003 yilda ikkinchi o‘rinni egallagan, ammo ushbu o‘yinda «Yuve»da o‘ynagan fransuz, o‘ng qanot himoyasida o‘z ishini yaxshi uddaladi va 0:0 hisobidagi durangda «Milan»ni 120 daqiqa ushlab turdi, ammo "keksa sinyora"ning o‘yinchilari — David Trezege, Marselo Zalayeta va Paolo Monteroning noto‘g‘ri zarbalari sabab penaltilar seriyasida yutqazdi.

8. Mixael Ballak
Ballak ikkinchi darajali jamoalar bilan ham finalda o‘ynagan. Avval 2002 yilda «Bayer» bilan, keyin olti yildan so‘ng «Chelsi» bilan. Yarim himoyachi birinchi finalda Zinedin Zidanning goli sabab kuboksiz qoldi. 2008 yilda penaltilar seriyasigacha borgan o‘yinda esa u Jon Terri va Nikolas Anelkaning noto‘g‘ri tepgan penaltisi sabab kubokni «Manchester Yunayted»ga topshirayotganini kuzatishga majbur bo‘ldi. O‘sha kuni nemis, hech bo‘lmaganda, o‘z penaltisini aniq amalga oshirgan edi.

7. Fabio Kannavaro
Italiyaning barcha vaqtlardagi buyuklaridan biri bo‘lgan Kannavaro 2006 yilgi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi va 138ta xalqaro o‘yinlarda to‘p surdi va bu ro‘yxatdagi boshqa futbolchidan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. 1990 yillarning oxirlarida, Yevropadagi ancha kuchli o‘ynaydigan «Parma»da, keyinchalik esa «Inter», «Yuventus» va «Real»da o‘ynashiga qaramay, Jahon chempionati g‘olibligi kolleksiyasi katorida Chempionlar Ligasi medali yetishmayapti.

6. Roberto Badjo
Shuncha iqtidorga ega bo‘lgan Badjoning faoliyati davomida atigi to‘rtta asosiy sovrinni qo‘lga kiritgani biroz ajablanarli: «Yuventus» va «Milan» bilan A Seriya, shuningdek, UEFA kubogi va Italiya Kubogi chempionligi sovrini bilangina maqtana oladi. Faoliyatida “Vichensa”, “Bolonya”, “Inter” va “Breshiya” vakili bo‘lgan italiyalik, 1996/97 yillarda «Milan» safida Chempionlar Ligasidagi debyutini o‘tkazdi va ikki yildan so‘ng chorak finalgacha chiqqan. Ammo keyinchalik ishlari yurishmagan.

5. Franchesko Totti
Bolaligidan bitta jamoani sevgan va futbolchilik davrida bitta klubda o‘ynagan, Totti «Roma»da debyutini 1993 yil mart oyida o‘tkazgan. 2014 yil oktyabr oyida u 38 yoshu 59 kunligida Moskvaning SSKA jamoasiga qarshi bahs olib borganida, Chempionlar Ligasi tarixidagi eng keksa gol muallifiga aylandi. Jahon chempionati g‘olibi 2001/02 yilgi musobaqada debyut qilgan, ammo 2006/07 yilgi mavsumda «Roma» chorak finalda «Manchester Yunayted» tomonidan umumiy hisobda 8:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratilgan. Keyingi yili «bo‘rilar» yana chorak finalga chiqishdi, ammo Totti hech qachon Chempionlar Ligasining ushbu bosqichidan nariga o‘tib keta olmadi.

4. Dennis Bergkamp
Bergkampning «Arsenal»dagi so‘nggi o‘yini 2006 yilgi Chempionlar Ligasi finali edi, o‘shanda gollandiyalik «kanonirlar»ning «Barselona»dan mag‘lub bo‘lishida foydalanilmagan zaxira futbolchisi bo‘lgan. Shuningdek, u «Arsenal» tarkibida 2003/04 yillarda «Chelsi» ustidan London derbisida umumiy hisobda 3:2 hisobida g‘olib chiqqanida, so‘nggi sakkiztalikka kirgan. Ushbu bosqichga qadar Bergkamp Yevropa sahnasida «Ayaks»da ham, «Inter»da ham bundan yuqoriroq o‘rinlarga chiqish nasib qilmagan.

3. Ronaldo
Braziliyalik Ronaldo ikki marotaba «Oltin to‘p»ni va uch marta FIFAning «Yilning eng yaxshi o‘yinchisi» sovrinini qo‘lga kiritgan, ammo unga Chempionlar ligasi oltin medallari armon bo‘lgan. U «Real»ga 2002 yilda, to‘qqizinchi YECHL kubogini qo‘lga kiritgandan bir necha oy o‘tib kelgan edi. Shundan so‘ng Yevropa maydonlari Madrid jamoasiga omadsiz kelgan. «So‘yloq» 2003 yilda g‘oliblikka juda yaqin keladi, ammo yarim finalda ularning yurishiga nuqta qo‘yiladi

2. Janlujji Buffon

Dunyoda ajoyib darvozabonlar ko‘p. Janlujji Buffon eng zo‘rlardan biri. Buffon 2003 yil UEFA Chempionlar Ligasida yilning eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qo‘lga kiritgan, ammo uning «Yuventus» jamoasi finalda italiyalik raqibi «Milan»ga penaltilar seriyasida yutqazgan. Shundan so‘ng Turin jamoasi uchun omadsizliklar boshlangan, jamoa «B seriya»ga tushirib yuboriladi. Keyinchalik Buffonga boshqa jamoadan ko‘p takliflar tushgan, ammo mahoratli darvozabon jamoasiga sodiq qolgan va hozirgacha «Yuventus» safida to‘p tepib kelmoqda. Hozirda Andre Pirlo murabbiyligi ostidagi «keksa sinyora» bu yilgi Yevropa chempionlar ligasi sovrinini yutishga harakat qilishmoqda, balki Buffonning omadi bu yil kelar. Kuzatamiz.

1. Zlatan Ibrahimovich

Zlatan Ibrahimovich 2018 yilga qadar har yili chempionlar ligasida qatnashib, oltin medallarini olish uchun har doim harakat qilib kelgan. Uning 2009 yilda «Inter»dan «Barselona»ga o‘tishi bularning barchasini o‘zgartirishi kerak edi, ammo o‘sha mavsumda u tark etgan jamoa - «Inter»ning bu mavsumda yevrokuboklarda omadi keladi va shvesiyalikning omadi kelmadi. Keyinchalik ham ko‘pgina nomdor jamoalarda to‘p surdi, lekin bu musobaqada hech omadi kelmagan. Hozirda Italiyaning «Milan» jamoasi bilan Yevropa ligasida harakat qilmoqda. Balki, keying mavsumda ham bu futbolchini YECHL musobaqasida ko‘rarmiz. Bejizga Zlatanga nisbatan: “Agar jamoaning milliy chempionatda g‘olib chiqishni istasang, Ibrahimovichni olib, agar YECHLda g‘olib chiqishni xohlasang, uni sotib yubor” qabilidagi hazilomuz maqol paydo bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz: Zlatan hozirda 40 yoshda va haligacha ajoyib formada maydonda harakat qilmoqda.

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 13:17, 17.02.2021.
O'qildi: 11143 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.