Yaxshi niyatlar bilan mavsumga kirishgan Superliga debyutanti - Yaypanning «Turon» klubi 3-tur bellashuvlari doirasidan o‘rin olgan bahsda o‘z maydonida «Lokomotiv»ni qabul qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi va elitadagi ilk ochkosiga ega bo‘ldi. Mazkur uchrashuvdan so‘ng, biz mezbonlar futbolchisi, asli namanganlik bo‘lgan yosh iqtidor sohibi Bilol Toshmirzayevni suhbatga tortib, savollarimizga javob oldik.
- Dastlab «Lokomotiv»ga qarshi kechgan uchrashuv haqida fikr bildirsangiz.
- Muxlislar ajoyib o‘yin guvohi bo‘lishdi, deb o‘ylayman. Mazkur bahsda g‘alaba qozonishimiz mumkin edi, lekin afsuski, o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolar evaziga g‘alabani saqlab qola olmadik. Shu kuni muxlislar stadionda ajoyib muhit yaratib berishdi, buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman.
- Jamoangiz bilan birga Superligada debyut mavsumni o‘tkazyapsiz. Taassurotlar qanday?
- Unchalik darajada yuqori emas. Chunki jamoamizda yaratilgan sharoitlar o‘tgan yili ham Superliga darajasida edi. Shuning uchunmi, bu yil ortiqcha o‘zgarish ko‘rmadim. O‘yinlarga keladigan bo‘lsak, Pro liga va Superliga saviyasida farq bor, baribir.
- 3-turdan so‘ng MTJ yig‘ini sabab Superligada tanaffus yuzaga keladi. Oldinda turgan davr «Turon»ning o‘ziga kelib olishi uchun yetarli bo‘lsa kerak?
- Bilasiz, joriy mavsum avvalida jamoamiz tarkibiga bir qator tajribali futbolchilar qo‘shilishdi.Ko‘z tegmasin,jamoamizning o‘yini turdan-turga shakllanib bormoqda. Superliga bahslarida shunchaki ishtirok etayotganimiz yo‘q, maqsadimiz jiddiy. Xudo xohlasa, yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Tanaffus chog‘ida bo‘lajak o‘yinlarga qay darajada munosib tayyorgarlik ko‘rganimizni oldinda turgan uchrashuvlar ko‘rsatib beradi.
- Ayting-chi, Superliganing qaysi jamoasiga qarshi uchrashuvni intizorlik bilan kutyapsiz?
- Hammasini. Futbolchi uchun har bir raqibga qarshi o‘yinning o‘ziga xos ahamiyati bo‘ladi. Superliga jamoalarining barchasi birdek kuchli. Shunday ekan, qaysidir raqib bilan uchrashuvni alohida kutish noto‘g‘ri, menimcha.
- «Turon» keyingi uchrashuvni safarda «Nasaf»ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur o‘yindan nimalar kutyapsiz?
- Yuqorida ta’kidlaganimdek, maqsadimiz - yuqori o‘rinlar uchun kurashish. Buning uchun har bir o‘yinga to‘g‘ri yondashish va jiddiy hozirlik ko‘rish kerak. Nasib qilsa, Qarshidan g‘alaba bilan qaytib, muxlislarni xursand qilamiz. Ha, «Nasaf» kuchli raqib, boz ustiga, ular ham xuddi biz kabi joriy yil hali g‘alaba qozona olishmadi. Bu esa o‘yinga bo‘lgan mas’uliyat va e’tiborni ikki hissa oshiradi.
- «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yindagi noxolis hakamlik ko‘p bor muhokama qilindi. Jamoangiz Pro ligada ham ana shunday noxolis hakamlik qurboniga aylanganmidi?
- Yo‘q, bunaqasi bo‘lmagan. To‘g‘ri, yanglish qarorlar va tushunmovchiliklar uchrab turardi, ammo natijaga ta’sir ko‘rsatadigani bo‘lmagan.
- Jamoangiz Superliganing dastlabki uch turida yaxshi shakllangan jamoalarga qarshi to‘p surib, imkoniyatlarini chamalab oldi. Vaziyatni real baholaydigan bo‘lsak, «Turon» joriy mavsum qaysi o‘rinlar uchun kurasha oladi?
- Albatta, medallar uchun kurashamiz.
X.YUSUPOV suhbatlashdi