"Barselona" klubi yozda bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urish arafasida. Avvalombor, rahbariyat yangi futbolchilarni jamoaga olib kelmoqchi. Transferlar oynasi yaqinlashgani sayin turli taхmin va fikrlar paydo bo‘laveradi. So‘nggi chiqayotgan xabarlarga binoan biz bo‘layotgan voqealarga izoh berib o‘tamiz.
Tekin shartnomalar
"Barselona" klubi hozirgi moliyaviy muammolar tufayli ko‘proq yozda shartnomasi o‘z yakuniga yetadigan futbolchilar bilan shartnoma imzolashni maqsad qilgan. Klub Depay, Aguero, Veynaldum va Erik Garsiya kabi katta nomlarni qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda, ammo ularning barchasining "ko‘k-anorranglilar" safiga kelib qo‘shilishi ehtimoli kamroq. Joan Laporta klubda La Masiyadan chiqqan futbolchilarga e’tibor bermoqchi. Shu sababli, ulardan faqatgina bir yoki iktasi jamoaga kelishi haqiqatga yaqinroq bo‘ladi. Asli "Barselona" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Erik Garsiyaning kataloniya klubiga kelish ehtimoli yuqoriroq. Sababi, ispaniyalik himoyachi ancha yosh va uning klub infratuzilmastidan xabari bor. Hujumchi masalasida esa klub Aguero va Depaydan birini tanlashga majbur. Chunki, klubda tekin hujumchidan tashqari yuqori potensialli yosh forvardni olib kelish rejasi ham bor.
Veynaldum masalasi esa hozircha mavhum bo‘lib qolmoqda. Kataloniya klubi yarim himoyasida bir qator iqtidorlar mavjud. Xususan, Ilaysh Moriba ham ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Bunday holatda Ispan grandi yosh iqtidorlarni o‘sishiga sharoit yaratib bermoqchi va Kumanning sobiq shogirdi "Barselona"ga kelmasligi ham mumkin.
Sotib yuborilishi kutilayotgan futbolchilar
"Ko‘k-anorranglilar"ning asosiy rejalaridan yana biri - ayrim klubga keraksiz futbolchilarni sotib yuborish. Klub Koutinyo, Grizmann, Firpo, Breytueyt, Lengle, Umtiti, Neto va hatto Trinkau borasidagi takliflarni ham ko‘rib chiqishga tayyor. Bu futbolchilarning ayrimlari kelgusi mavsumda ham jamoada qolishi mumkin, ammo yangilanib borayotgan "Barselona"da ularga kelgusi mavsumda joy topilishi qiyin.
Katta transferlar
"Barselona" klubi yozda katta bir transferga qo‘l urishi ehtimoli mavjud. Suares ketganidan so‘ng jamoada yuqori saviyali futbolchi hujumchi ko'rinish bermadi. Ayni shu sabab rahbariyat yozda katta bir xaridga qo‘l urmoqchi. Laportaning asosiy maqsadi Xoland, biroq norvegiyalik futbolchiga qiziqmayotgan grand klubni topish qiyin. Mana shu yerda yana klubning moliyaviy qiyinchiliklari yuzaga chiqadi. "Borussiya Dortmund" futbolchi uchun katta pul so‘ramoqda. Hatto, Erlingning agenti Mino Rayola ham o‘zi uchun katta miqdorda mablag‘ talab qilmoqda. Bunday sharoitda iqtisodiy jihatdan "Barsa"dan ustunroq jamoalar uni "ilib ketishi" ham mumkin. Vaziyatga to‘g‘ri yondashgan holda Laporta boshqa goledor futbolchilarni ham ko‘z ostiga olib qo‘ymoqda. Lukaku, Keyn va Isaak kabi futbolchilar shular jumlasidandir.
Messining shartnomasi
Yaqin bir yil ichida klubda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzu Messining "Barselona" bilan shartnoma imzolashi masalasi bo‘lsa kerak. Ushbu vaziyat to Leo yangi bitimga qo‘l qo‘ymaguncha davom etaveradi. Argentinalik avlodlar almashinuvidan jamoani talofatsiz olib chiqib ketishi kerak bo‘ladi, lekin buning uchun birinchi navbatda u klubda qolishi lozim. Bu vaziyatda "ko‘k-anorranglilar" oldidagi ustuvor vazifa Leoni jamoada olib qolish hisoblanadi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, "Barselona" muxlislarining kelgusi mavsumdan umidlari katta. Ular o‘z jamoasidan sifatli futbol va sovrinlar kutishadi. Shunday ekan, klubga yuqori saviyali futbolchilar zarur. Variantlar yetarlicha, lekin bir qarorga kela olish ham jamoa kelajagi va muxlislari uchun muhim, biz uchun esa qiziq jarayon.
Xudayqulov KARIM tayyorladi