Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Abror Pirriyev: «Lokomotiv» bosh murabbiyi oshga taqiq qo‘ygan»

Abror Pirriyev: «Lokomotiv» bosh murabbiyi oshga taqiq qo‘ygan»

Baho:
+ | -

Ramazon ro‘zasini tutayotgan futbolchilar qanday rejimda mehnat qilishi kerak, “Enter” tugmachasini bosishni istamadim, OFK ga xat yozgan “Lokomotiv” va milliy terma jamoamiz shifokori Abror Pirriyevga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.

Abror aka “Lokomotiv”ni chempionatni sust boshlashini xech kim kutmagandi?
-To‘g‘ri, bunday bo‘lishini biz ham kutmagandik. Ammo yaxshi jamoa shakklangan, murabbiyga ishonch bor, tanlagan yo‘limiz to‘g‘ri, buyog‘iga faqat sabr va mehnat, bu esa o‘z mevasini berishiga ishonaman.

Yurtimizda tibbiyot soxasi rivojlangan desak bo‘laveradi, lekin aksariyat xollarda futbolchilar jaroxatlarini Yevropada davolatishmoqda. Qiyin jarroxlik amaliyotlarini ham o‘zimizda qilsak bo‘lmaydimi?
-Balki siz shunday o‘ylarsiz. Ammo mening fikrimcha tibbiyotimiz rivojlangan deyish uchun hali ancha qovun pishig‘i borga o‘xshaydi. Mening xayolimda tibbiyotimiz to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishganday, u biznes yo‘lini tanlab asosiy vazifasini unutib qo‘yayotganday xayolimda. Aks holda xalqimiz kuni-kecha yurtimizga kelgan allaqaysi chala mulla va chala tabib ortidan yugurmay, o‘zlari ishongan shifokorlari tomon talpinishgan bo‘lishardi. Futbolchilar jarohatlarini Yevropada davolatishga kelsak, aynan oyoq boylamlaridagi murakkab operasiyalarni bizning jarrohlar hali yuqori saviyada o‘zlashtira olishmadi. Ularning operasiyalaridan keyin inson o‘zini yaxshi sezishi mumkin, ammo futbol bilan professional shug‘ullanishi muammo. Buning yechimi katta mavzu, bu haqida kerakli joylarda bir necha bor gapirganman, mavridi kelganda sizga ham aytib beraman.

O‘zbek futbolini doimiy mavzusiga aylangan VAR tizimining afzalliklari va kamchiliklari haqida shaxsiy fikringiz qanday?
-Kuzatishlarim shuni ko‘rsatmoqdaki, bizning hakamlar hali VAR ga tayyor emas ekan. VAR janoblariga aslida, maydondagi bosh hakam biror qarorida ikkilansagina murojaat qilishi kerak.  Bizda har bir mayda vaziyatga, masalan “aut”ni  to‘p kimdan chiqdi deb so‘rab qulog‘ini ushlab vaqtni cho‘zib, futbol jozibasini yo‘qotmoqda. VAR kerak, ammo avval hakamlarni obdon VAR chasiga chiniqtirib, o‘yin davomida imkon boricha unga murojaat qilmay, o‘yinni xatosiz boshqarganlarni rag‘batlantirish kerak.

Bosh murabbiy Mikael Sikeyra dastlab, milliy taomimiz xisoblanmish palovni futbolchilarga iste’mol qilishni ta’qiqlagani xaqida eshitgandik, shox taomimizni o‘zi ham yegandan keyin fikrlari o‘zgargandir?
-Darhaqiqat, bosh murabbiy oshga ta’qiq qo‘ygan edi. Ammo, oshsevarlar ko‘ngli taskin topib, ko‘chada bizdan yashirib turli joylarga borib yurmasliklari uchun, ba’zida, faqat o‘yindan so‘ng, ertalabki “vostanovitelniy” kuni tushlik mahali maxsus – parhezli osh tayyorlashga kelishdik. O‘z navbatida bu bosh murabbiyga ham ma’qul keldi.

Milliy terma jamoamiz shifokori sifatida ham faoliyat olib borasiz, Saudiyada bo‘lib o‘tadigan saralash o‘yinlari yaqinlashmoqda, issiq xavo, namlik yuqori bo‘lishi aytilmoqda, shifokor sifatida Siz qanday tayyorgarlik ko‘rayapsiz?
-Barchamiz yaxshi bilamiz, iyun oyida Saudiyada juda issiq ob-havo hukmronlik qiladi, hatto ichki chempionat ham to‘xtatiladi. Avvalo, chiqmagan jondan umid deganlariday Saudiya Arabistonida bunday iqlimda bir hafta ichida uchta o‘yin o‘ynash futbolchilar sog‘ligi uchun katta xavf ekanini uqtirib OFK ga xat yozdim. Chunki shifokor sifatida men uchun keyingi bosqichga qaysi jamoa chiqishidan ko‘ra, ushbu o‘yinlarda ishtirok etuvchi futbolchilar sog‘ligi muhimroq. Ko‘ramiz, agarda hech nima o‘zgarmay iyun oyida Saudiyaga yo‘l olsak, mening birinchi navbatdagi vazifam o‘sha iqlimda futbolchilar juda ko‘p yo‘qotishadigan suv-tuz balansini tiklashga qaratilgan bo‘ladi albatta. Buning uchun zarur bo‘lgan maxsus vitaminli va mineralli ichimliklar hozirlanmoqda, bundan tashqari futbolchilar salomatligini asrash, jarohat profilaktikasi, ularning tez tiklanishi uchun kerak bo‘lgan chora-tadbirlarni tashkil qilish yuzasidan ham ishlar olib borilmoqda.

Hozirda PFL mutasaddilari turli e’tirozlar ostida qolishgan, Siz ham o‘z telegram sahifangizda tanqidiy postlar qoldirgansiz. Ular haqida nima deya olasiz?
-Men aynan bir tashkilot yoki insonni tanqid qilmaganman. Turli mavzuda o‘z fikrimni yozaman, xolos. Bu bilan kimnidir tanqid qilish emas, balki mavjud kamchilikka barham berish maqsad qilinadi. PFL faoliyatiga kelsak, ular o‘z ishini juda yaxshi bajarishmoqda. Ular faoliyatining samarasi pandemiya sharoitida hech bir oqibatlarsiz musobaqani to‘g‘ri tashkil qila olishganida ham ko‘rindi. Shu paytgacha klublar uchun bosh og‘rig‘i bo‘lib kelayotgan, jamoalarni istagan munosib klinikalarda tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini ham PFL rahbari hal qila oldi. Avvaldan qolgan meros muammolar bisyor. Ularni yechishda PFL haqiqatdan ham juda ko‘p mehnat qilmoqda, ammo ularga bog‘liq bo‘lmagan kamchiliklar, masalan hakamlar xatosidan ular xizmati soya ostida qolmoqda. Bu holat menga bir narsani eslatadi. Qaysidir futbolchi jarohat olsa, raxbarlar mendan “Falon futbolchi nega jarohat oldi?” deb so‘rashganidek. Qaniydi shu narsa menga bog‘liq bo‘lganida...

Mavzuga qaytishni istamas edikku, lekin “Turon” murabbiyiga javob bermaganingizga nima sabab bo‘lgani haqida bilmoqchi edik.
-Sabab, muqaddas dinimizdagi biror insonning dilini og‘ritmoqlik eng katta gunoh ekanligi. Men o‘shanda murabbiy ukamizga tegib ketadigan biron gap yozmagan edim. Aksincha, u haq gapni gapirganini aytib, faqat shuni jahlni jilovlab, biroz odob bilan aytganda yanada chiroyli bo‘lardi, aytgan gapi kerak odamlarga yetib borib, barchaning unga hurmati boshqacha bo‘lardi degan ma’noda akaning ukaga beradigan maslahitini qo‘shib qo‘ygandim. Mayli, jahl ustida menga javob yozibdilar. Bu masalada ko‘pchilik menga qo‘ng‘iroq qildi. Shayton qitiqlab men javob ham yozgandim, bilasiz ijoddan xabarim bor va bu narsani boplab uddalay olaman. Ammo, “Enter” tugmachasini bosishdan avval bu ishimdan ne naf, nimaga erishaman deb o‘ylab qoldim. Maqsad kimnidir mot qilish, uni ko‘pchilik oldida hurmatsiz qilishmi? Bu javobim yosh murabbiyni, yaqinlarining dilini xira qilishi aniq edi. Xullas, Yaratganning nigohi tushib turuvchi bir mo‘minning dilini og‘ritgandan ko‘ra, meni qitiqlayotgan shaytonning bo‘yni uzilsin, deya yozilgan matnni o‘chirib tashladim va bu amalim uchun Allohdan ajr so‘rab, Islomjonga esa sog‘lik tilab duo qilib qo‘ydim.

Yurtimizga muborak Ramazon oyi kirib keldi, aksariyat futbolchilarimiz  Ramazon ro‘zasini tutishadi, xo‘sh bu davrda futbolchilar kun tartibi qanday bo‘lmog‘i kerak?
-Ramazon kunlarida ro‘za tutishni niyat qilgan futbolchilarimiz uchun klub mutasaddilari va murabbiylar shtabi imkon qadar sharoit yaratib beradilar degan umiddaman. Ya’ni, kun tartibini tuzayotganda og‘iz yopish va ochish vaqtlarini inobatga olish, mashg‘ulotlarni kunning salqin mahalida o‘tkazish kabilar. Masalan, “Lokomotiv”da buning rejasini qilib qo‘yganmiz. Shu o‘rinda futbolchilar ham Ramazon oyida mashg‘ulot va o‘yinlar uchun kuchlarini asramoqliklari, zarur bo‘lmaganda boshqa yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lmay turganlari, tushlik mahali albatta biroz mizg‘ib olishni odat qilganlari ma’qul. Mavridi kelganda aytib o‘tmoqchi edimki, ro‘za tutayotgan futbolchilar sog‘ligini o‘ylab, PFL mutasaddilari ham Ramazon oyidagi o‘yinlarni og‘iz ochgandan keyin boshlashni rejalashtirsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Xayrullo VASIYEV suxbatlashdi

Manba: uff.uz
Kiritildi: 14:49, 14.04.2021.
O'qildi: 4090 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.