Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Eduardo Kamavinga Belgiyaga qarshi o‘yin va raqib darvozasida Tibo Kurtua bo‘lmasligi haqida fikr bildirdi.
Bugun Belgiya terma jamoasi Millatlar ligasi 2-turida Fransiyani qabul qiladi.
— Bu o‘yin doirasida o‘ziga xos raqobatni his qilasizmi yoki fransuzlar uchun bu allaqachon o‘tmishda qolganmi?
— (Kuladi) Bu baribir muhim o‘yin, chunki Belgiya — katta futbol mamlakati. Ammo o‘tmishdagi voqealarni eslasak, menimcha, aksincha, biz siz belgiyaliklarning joniga tekkanmiz. Lekin bu ajoyib o‘yin bo‘ladi va, albatta, barchamiz bunday uchrashuvlarni intiqlik bilan kutamiz.
— Nihoyat dunyoning eng yaxshi darvozaboni deb hisoblanadigan futbolchiga qarshi o‘ynamasligingizdan xursandmisiz?
— Juda xursandman. Terma jamoaga ketishimizdan oldin u bilan gaplashgandik. Ammo savolingizga javob bersam, ha, uning bu yerda yo‘qligidan juda mamnunman, — dedi Kamavinga tabassum bilan o‘yinoldi matbuot anjumanida.













