Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

“Navbahor” “Turon”dan ham kuchsizmi? yoxud 600 million so‘mlik zarar haqida...

“Navbahor” “Turon”dan ham kuchsizmi? yoxud 600 million so‘mlik zarar haqida...

Baho:
+ | -1

Tan olish kerak, mavsum avvalida doimgidek, katta shov-shuv ko‘tarib, «Navba­hor»ni «chempion»ga aylantirib qo‘ydik. Har safargi holat - katta transferlar, xorijiy yig‘inlar... Taqdimot marosimini aytmaysizmi, voy-bo‘... Qisqasi, barchamiz osmonning yettinchi qavatiga chiqib olgandik. Go‘yoki, Superliga-2021da sovrinli o‘rinlarni naqd qilgandek...

Xullas, «Navbahor» mavsum boshlanishi bilan yana qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirishni boshladi. Ha, «Jo‘jani kuzda sanaymiz» maqoli bejiz aytilmagan. Katta mablag‘ sarflangan, binoyidek maosh olayotgan futbolchilar minglab muxlislar hafsalasini pir qilishdan nariga o‘tishmayapti. Jamoa rahbariyatida ham tutiriq yo‘qdek. Aslida shuncha mablag‘ni qayerdagi saviya­si past legionerlarni jalb qilish yo‘lida bemavrid sarflashdan ko‘ra, mahalliy yosh yigitlarga tayanilsa, yaxshi bo‘lmasmidi? Menimcha, o‘z futbolchilarimiz bilan ham bemalol hozirgidan yaxshiroq natija ko‘rsatish imkoni bor. Zotan, «nafaqa»dagi Viktor Jalilov (yoki vaqtinchalik Georgiy Kolosovskiy) o‘rniga Anvar Soliyev, Xayrullo Karimov, Rashid G‘ofurov kabi mahalliy yosh mutaxassislardan biriga imkoniyat berilsa ham, jamoa bugungidan yaxshiroq holatda turarmidi? 

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: o‘sha No‘’mon Hasanov tanlagan legio­nerlar bilan ko‘r-ko‘rona shartnoma tuzilayotgan payt klub rahbariyati qayerga qarab turgandi?  Bir necha yillardan buyon futbol ichida yurgan kishilar nahotki, bugungidek achinarli holga tushish mumkinligini tasavvur qilishgan bo‘lsalar? Qarang, butun boshli viloyatning asosiy jamoasi Yaypan tumanida tuzilgan xususiy klub, boz ustiga, debyutant bilan o‘z maydonida tengma-teng, hattoki, undan «xafa»roq ko‘rinishda o‘ynab tursa. Bu kimga alam qilmaydi? Bosh­qacha aytganda, liganing yangi ishtirokchisi va hozircha autsayderi mavsumdagi 2-ochkosini Namangandan olib ketishiga uncha-muncha haqiqiy muxlis ham chidolmasa kerak. Toshkent viloyati Olmaliq shahrining AGMK jamoasi nafaqat Saudiya Arabistoni, balki Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bilan durang o‘ynasayu, hamisha chempionlikni ko‘zlashga va’da beradigan «Navbahor» o‘z maydonidagi 3ta uchrashuvda g‘alaba qozonolmasa... Eng bosiq muxlis ham bundan yonib ketmaydimi? Aytgancha, O‘FA tomonidan qo‘llanilgan 2ta o‘yinni muxlislarsiz o‘tkazish chorasi kamida 300 million so‘m (15 ming muxlisX20 ming so‘m)dan jami 600 millionga tushadi. Klub g‘aznasiga shuncha zarar. O‘sha o‘yin hakamlari qarorini oqlamagan holda, aytish mumkinki, «Navbahor» rahbariyati va murabbiylari muxlislarga qo‘shilib, «gap» talashish o‘rniga ularni joyida tinchlantirishganida edi, jamoa «Turon»ni tribunalar to‘la stadionda yengib, byudjetga kamida 300 million so‘m kirim qilib qo‘yardi. Evoh, alamdan, asablar charchaganidan futbol ham ko‘ngilga sig‘may qolmoqda...

Menimcha, tezlik bilan chora ko‘rish kerak. Xususan, butun boshli rahbariyatda islohotga qo‘l urib, vijdonan ishlaydigan, yosh, tashkilotchi, harakatchan rahbar va menejerlarni yollash lozim. Shuningdek, istiqboli baland murabbiylar bilan uzoq muddatli shartnoma tuzib, aniq strategiya asosida faqat mahalliy yosh futbolchilarga tayanishni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. Bunda klubdan 3 yilgacha natija talab qilmay, kelajak uchun zamin hozirlashni qat’iy belgilash kerak. Shundagina «Navbahor» xuddi «Nasaf»dek mustahkam «fundament»ga ega, qolaversa, transferlardan katta mablag‘ topadigan klubga aylanadi. Ana, Oston O‘runov va Aziz Turg‘unboyev transferidan ma’lum miqdorda foyda ko‘rildi-ku...

Bir so‘z bilan aytganda, tezlik bilan jiddiy islohotlarni amalga oshirib, «Navbahor»ni qayta tiriltirmas ekanmiz, «lochinlar» ham boshqa jamoalarimiz kabi muxlislarni yo‘qotib boraverishadi. Kelinglar, futbolsevar Namangan ahlini bu ajoyib o‘yindan bezdirmaylik...

Darvoqe...

«Navbahor» MTRK avtomobilini ta’mirlab berdi. «Navbahor» - «Paxtakor» o‘yinidan keyingi tartibsizliklar natijasida O‘zbekiston MTRKga tegishli ko‘chma televizion stansiyaning maxsus avtomobiliga shikast yetgandi. Tartibsizliklar uyushtirgan muxlislar jazoga tortilishdi, MTRK avtomobili esa klub tomonidan ta’mirlab berildi.

Yunus MIRZAYEV (To‘raqo‘rg‘on tumani)

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:15, 21.04.2021.
O'qildi: 6054 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.