«Everton» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Yevropa superligasini tuzish g‘oyasi haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropaning 12ta top-klubi — «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Tottenxem», «Liverpul», «Chelsi», «Arsenal», «Barselona», «Real», «Atletiko», «Yuventus», «Milan» va «Inter» Superliga tashkil qilishga qaror qilishgandi. Ammo dastlab Angliyaning barcha klublari hukumat va muxlislar bosimi ostida unda ishtirok etishdan bosh tortishgan bo‘lsa, keyinchalik Italiya jamoalari ham Superligani tark etishdi.
«Bu barcha futbol ishqibozlari uchun g‘alati kun bo‘ldi. Bu syurpriz bo‘ldi. So‘nggi bir necha oy davomida Superliga haqida eshitgandik, ammo uning tashkil etilishiga ishonmagandim.
Ular xatoga yo‘l qo‘yishdi. 12ta klub haq emasdi. Nazarimda, ular 2ta narsani inobatga olishmadi. Birinchisi — o‘yinchilar va murabbiylar fikrlari. Ikkinchisi — muxlislar fikri.
Eng muhimi, ular sport prinsiplarini inobatga olmaydigan turnirni tashkil qilishmoqchi edi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bizning madaniyatda musobaqalashishga o‘rganishgan. Agar yaxshi bo‘lsang, sen futbol o‘ynaysan va professional bo‘lasan. Agar yaxshi bo‘lmasang, professional bo‘lmaysan. Agar boshqa jamoalarni mag‘lub etsang, eng yaxshi turnirlarda ishtirok etasan. Ular buni inobatga olishmadi va xato qilishdi. Boshi berk ko‘cha. Baxtimizga, hozir klublar ortga qaytishdi va muzokara olib borishadi.
Barchamiz Chempionlar ligasining raqobatbardosh bo‘lishini istaymiz. Chempionlar ligasi — jahondagi eng yaxshi musobaqa. U mart oyidan boshlab barchani o‘ziga jalb qiladi. Ammo eng boshidanoq — sentyabr yoki oktyabr oyidan boshlab unga qiziqishni kuchaytirish mumkin. Bunday qanday qilib amalga oshirishni esa muhokama qilishlari kerak. Nafaqat YECHLni, balki Premyer-liga, A seriya yanada raqobatbardosh bo‘lishiga ahamiyatga qaratish kerak. Ammo birinchi navbatda sport prinsiplari katta ahamiyatga ega», — dedi Anchelotti.