Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya 0-1 Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano 2-1 Granada
15/05 23:45 Brayton 1-2 Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis
17/05 00:30 Almeriya - Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad - Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli

Manchesterda "Virjil effekti" yoki Ruben Diash haqida...

Manchesterda "Virjil effekti" yoki Ruben Diash haqida...

Baho:
+ | -

Joriy mavsum atoqli himoyachilar uchun anchayin qiyin kechmoqda. Deylik, Serxio Ramos OAV orqali Florentino Peres bilan yangi shart­noma xususida murosasiz «jang»ga kirishdi, jarohatlardan forig‘ bo‘lishga urinayotgan Virjil van Deykning yo‘qligi esa, «Liverpul» uchun qanchalik qimmatga tushayotganini turnir jadvali yaqqol ko‘rsatib turibdi. Aurelio de Laurentisga xos «tashabbus» bilan 100 million yevrolik yorliqni osib olgan Kalidu Kulibali «Napoli»dan kerakli pallada ketmagani bois, ancha vazminlashib qoldi, go‘yo. Jorjo Kyellini, Jerar Pike va Mats Xummels - faxriy o‘yinchilar, Rafael Varan yangi klub izlash bilan ovora. Markinyos himoya chizig‘iga qaytgan bo‘lsada, «PSJ» odatdagidan ko‘p gol qo‘yib yubormoqda. «Yuventus»da bir necha marta maydonga tushgan Matteys de Ligt ham eng yaxshi himoyachi maqomiga munosib emas, David Alaba - «Bavariya»dagi mustahkam qo‘rg‘on­ning bir qismi, xolos. Diyego Simeone ixtiyoridagi markaziy himoyachilarning Diyego Godinsiz ishonchli o‘ynolmasliklari so‘nggi uchrashuvlarda yaqqol sezilib qoldi. Qo‘yingchi, joriy mavsum barcha markaziy himoyachilar uchun o‘ta og‘ir kechmoqda. Lekin shunday vaziyatda bitta jamoa o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlash bobida nafaqat Yevropa, balki butun futbol olamida yetakchilik qilmoqda. Hikoyamiz APL peshqadami - «Manchester Siti»ning portugaliyalik himoyachisi Ruben Diash haqida.

Ochig‘i, Xosep Gvardiola mukammal darajada himoya chizig‘ini yaratish yo‘lida ko‘p vaqt va mablag‘ sarfladi. Raqamlarga e’tibor qarating: Joau Kanselu - 65 million, Emerik Lyaport - 65 million, Benjamin Mendi - 57,5 million, Jon Stounz - 55,6 million, Kayl Uoker - 52,7 million, Elyakim Mangalya - 45 million, Nikolas Otamendi - 44,5 million, Danilo - 30 million. Kataloniyalik mutaxassis shuncha xaridlardan tashqari, Natan Ake transfeiga 45,3 va Ruben Diashnikiga naq 68 mln. yevro ajratganidan keyin unga qaratilgan tanqidiy fikrlar o‘z-o‘zidan «bolalab» ketdi. Endi esa Diash aksariyat ampluadoshlaridan farqli o‘laroq, nafaqat «shaharliklar»ga befarq qaramaydigan muxlislarni xushnud etyapti, balki barcha tanqid-e’tirozlarga ham barham berdi. Ma’lumot uchun aytish kerak, transfer summasi bo‘yicha «Siti»ning ikkinchi qimmatbaho himoyachisiga aylangan portugaliyalik baquvvat futbolchi bu borada dunyo reytingining yuqori 5taligidan joy oldi. Natan Akening ishonch­ni hali oqlolmaganini inobatga olsak, tanqidlar ham o‘rinsiz emas, albatta. Qisqa gap shuki, «shaharliklar» ishonchli ijrochilar ansamblini yuzaga keltirish yo‘lida chindan ham, ko‘plab nomzodlarni chiyriqdan o‘tkazishdi.

Asosiysi, Gvardiola qidira-qidira o‘zi izlagan «javohir»ni topdi. baribir! Ruben Diash avvalo, jismoniy tayyorgarligi bilan murabbiy ishonchini qozondi. Endilikda Gvardiola uning har 3 kunda yuksak darajada to‘p sura olishiga zarracha shubhalanmaydi. Faktlar asosida gapirsak, 2020 yili APLda himoyachilardan birgina Garri Maguayr portugaliyalik yangi topilmadan ko‘proq o‘ynadi, ammo o‘rtada farq uncha katta emas. Raqamlarda keltirsak, Ruben o‘tgan yili Portugaliya terma jamoasi, «Benfika» va «Manchester Siti» klublari liboslarida jami 4344 daqiqa harakatlandi. Qiziq tomoni, qahramonimiz hamyurti Brunu Fernandesh bilan bir vaqtda APL sinovidan o‘tdi. Ha, sinov Ruben uchun biroz murakkabroq tus oldi, muhimi, himoyachi o‘zining topqirligi, o‘yinni nozik ilg‘ashi va sheriklari kamchiliklarini yopish qobiliyati evaziga murabbiyda ortiqcha shubha qoldirmadi. Misol uchun, «shaharliklar» APLning birinchi davrasida «Les­ter»ga qarshi o‘yinga Diashsiz tushishdi va naq 5ta gol qabul qilib olishdi. Keyin Diash ishtirokida ajib «quruq» o‘yinlar seriyasini boshlab yuborishdi. Orada Ruben Diash|Jon Stounz dueti barcha musobaqalar hisobidan qatorasiga 13ta uchrashuvda atigi 1 marta gol bilan yakunlangan xatolikka yo‘l qo‘ydi. Lekin «Chelsi»ga qarshi kechgan o‘sha bellashuv ham «shaharliklar»ning 3:1 hisobidagi g‘alabalari bilan nihoyasiga yetdi. Ideal juftlik ishtirok etgan o‘sha 13ta o‘yinda qayd etilgan to‘plar nisbati shunchaki, fantastika - 30:1.

E’tiborli va hurmatga loyiq jihati - portugaliyalik himoyachi shon-shuhrat va yuksak natijalar ortidan quvmayapti. Bir qarashda, u Virjil van Deyk, Leonardo Bonuchchi va Serxio Ramos kabi futbolchilar toifasidan. Gvardiola jamoasida hattoki, maestro darajasidagi Kevin de Bryuyne ham muayyan qonun-qoidalarga rioya qilgan holda, to‘p suradi, «14-hudud»ning erkin musavviri roliga intilmaydi. Diash uchun esa qo‘shimcha ko‘rsatmalar shart emas - u murabbiy chizib qo‘ygan chiziqdan mutlaqo chetga chiqmaydi. Rubenning aynan ko‘rsatmalar asosida to‘p surishi, ortiqcha fint va driblingga berilib ketmasligi hattoki, Gvardioladek talabchan asni lol qoldirmoqda. Bir qator himoyachilar ayni shu masalada ispaniyalik mutaxassis talablarini qondirolmadilar. Ruben esa ustoz o‘gitlariga og‘ishmay amal qilgan holda, zimmasiga yuklangan vazifani a’lo darajada uddalamoqda. Mana, u to‘pni o‘zi bilan olib yurish va raqiblar uzatmalarini kesib qo‘yish borasida asosiy tarkib o‘yinchilari orasida ikkinchi yaxshi natijani qayd etmoqda, zarbalarni to‘sish bobida esa, mutlaq yetakchi bo‘lib turibdi. APL doirasidagi uchrashuvlarga qarasak, «Siti»da faqat darvozabon maydonda Rubeshga nisbatan ko‘proq vaqt harakatlangan. Yana bir tarafi, Jon Stounz aynan Diash ko‘magi evaziga samaradorlikni keskin oshirdi.

Gvardiolaning portugaliyalik himoyachiga qaratgan e’tirofi shunchaki, maqtov emas - Ruben tashrifidan keyin orqa chiziqning boshqa vakillari o‘yinida ham Virjil van Deyk effektiga o‘xshash ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Deylik, markaz bo‘yicha  variantlar xususida muammo qolmadi - Emerik Lyaport, Natan Ake, Erik Garsiya doimo kurashga shaylar, Fernandinyo haqida gapirish ham ortiqcha. Lekin Diash - asosiy ijrochi, baribir. «Benfika»da tahsil olgan noyob iqtidor haqida «Portu» vakili Pepe ham iliq fikrlar bildirgandi. «Real»da yorqin iz qoldirgan tajribali himoyachi mutlaqo haq - Ruben Diash ayni payt Ilkay Gyundogan, Fil Foden, Kevin de Bryuyne, Joau Kanselu va Aleksandr Zinchenko kabi jamoadoshlari qatori APL shohsupasiga qaytayotgan «Manchester Siti» timsollaridan biriga aylanmoqda. Ha, Yurgen Klopp butun mavsum davomida orzu qilgan ideal sharoit (markazda kuchli ijrochilarga ega bo‘lish)ga Gvardiola ancha avvalroq erishdi. Ana shu mustahkam poydevor «shaharliklar»ga hali YECHLda ham qo‘l kelishi mumkin, APLda esa samara berib ulgurdi. Oddiy misol, «Enfild Roud»ga musobaqa peshqadami sifatida yo‘l olgan Gvardiola shogirdlari safardagi yirik (4:1) g‘alabadan keyin o‘z maydonida qatorasiga 3 marta imkoniyatni boy bergan amaldagi chempionning so‘nggi umidini ham puchga chiqarishdi. Agar Ilkay Gyundogan penaltidan foydalanganidami, hisob yanada yirikroq ko‘rinish olishi, uning o‘zi «dubl» yoki «xet-trik» rasmiylashtirishi hech gap emasdi.

Rubenning top-klub safidan joy olishiga qadar bosib o‘tgan yo‘li van Deyknikidan farqlanadi. Bolaligida bir o‘limdan omon qolgan Virjil «Liverpul»ga Glazgo va APLning o‘rtamiyona jamoasi orqali yetib keldi. Diashning yo‘li esa ancha qisqa. 2 yosh katta akasi - Ivan Portugaliya ikkinchi ligasidan yuqoriroqqa ko‘tarilolmadi. Ruben esa 23 yoshida eng kuchli chempionatning yetakchi klubi tarkibiga o‘rnashdi. Binobarin, u akasidan farqli ravishda, bor e’tiborini futbolga qaratdi. Mana, endi Portugaliya termasida sara yulduzlar bilan yonma-yon to‘p surish ko‘nikmasini hosil qilyapti, APL esa unga mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda. Diash - Stounz juftligi kutilgan darajada samara bermoqda, bunda ham Rubenning ulushi salmoqliroq.

Odatda baxtli oilalarda o‘zaro o‘xshash jihatlar ko‘p uchraydi. Bu yaxshi, albatta. «Manchester Siti» futbolchilari namoyish etayotgan hamjihatlik chiroyli g‘alabalar seriyasini taqdim etdi. Ruben esa - mavsum bezagi. Vaholanki, u ham «Siti»ning bir qator qimmatbaho himoyachilari kabi ishonchli to‘p surolmasligi mumkin edi. Aksincha, Diash APL debyutanti bo‘lishiga qaramay, yuksak saviya namoyish etmoqda. U o‘yin voqealari rivojini oldindan his etadi, aql bilan, qo‘pollik ishlatmasdan o‘ynaydi. Hattoki, gavda bilan raqibni to‘xtatish yoki «podkat» usulini qo‘llashda ham qoidani buzmaslikka harakat qiladi. Shuningdek, to‘p bilan muomalasi ham tahsinga loyiq. Shaxsiy hayotiga kelsak, Ruben Manchesterda mahbubasi, xonanda - Eypril Ayvi bilan istiqomat qilmoqda. Biroq futbolchi va shou-biznes o‘rtasidagi aloqa shu, xolos. U tatuirovkalar, soch turmagini tez-tez o‘zgartirishni xush ko‘rmaydi. Ba’zan gitara yordamida ma’shuqasi qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lishi mumkin, bundan nariga o‘tmaydi.

Qisqasi, Ederson darvozasiga kam gol urilayotganida Diashning roli katta. Aytish mumkin bo‘lsa, u «shaharliklar» himoya chizig‘iga mukammallik va ahillik bag‘ishladi. Tabiiyki, mavsum yakuni yaqinlashgani sayin har bir uchrashuv ahamiyati oshib boradi. Xosep Gvardiola 2 yil avval ayni shu dolzarb palla xususida hazillashib, shogirdlarini muzlatkich uyda saqlashni xohlashini aytgandi. Darhaqiqat, har 3 kunda maydonga tushadigan jamoaning talab darajasida tayyorgarlikka erishishi oson emas. Demak, xatoliklardan hech kim himoyalanmagan. Jumladan, Diash ham. Ammo portugaliyalik himoyachi eng tajribali ekspertlar o‘ylaganlaridan ham zo‘rroq, mahoratliroq chiqdi. U ko‘rib to‘ymaydigan darajada chiroyli, muhimi, ishonch­li o‘yin ko‘rsatmoqda. Ha, ixtisos bo‘yicha «buzuvchilar» orasida ham ilhom parisini quchgan holda, maftunkor to‘p suradiganlar topiladi!

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 26.04.2021.
O'qildi: 1902 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.