Oxirgi 10 yillar davomida Oltin to‘p mukofotini Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu qo‘lga kiritishganini bilasiz. Hozirgacha, Leoda bu sovrin 6tani tashkil qilsa, Krishtianu esa 5 marta e’tirof etilgan. Ammo, ushbu yillarda juda ko‘p taniqli futbolchilar argentinalik va portugaliyalik yulduzning soyasida qolib, ushbu mukofatdan bebahra qolishgan. Bunday futbolchilaar juda ko‘p,xususan Inyesta, Xavi va Sneyder kabi futbolchilarni aytib o‘tish mumkin. Hozir esa biz sizlar bilan ichki chempionatda, yoki Yevropa Chempionlar Ligasida jamoasiga katta yordam berayotgan, lekin Oltin to‘p sovriniga asosiy nomzod sanalmaydigan futbolchilar haqida gaplashamiz. Demak boshladik.
Bruno FERNANDESH
Hech shubha yo‘qki, portugaliyalik yarim himoyachi "Manchester Yunayted" ning 1-raqamli yulduzi hisoblanadi. Ammo, Bruno Angliya jamoasi bilan uchralgan bir qancha muvaffaqiyasizliklar sabab, ushbu Oltin to‘p uchun asosiy da’vogarlardan hisoblanmaydi. Shu bilan birga, Fernandesh hozirda "Yunayted"ning eng samarali o‘yinchisidir, bu mavsumda chempionlik uchun hamshahari "Manchester Siti" bilan jiddiy kurash olib bormoqda. Bruno Angliya Premer-ligasining 27 uchrashuvida 15ta gol va 10ta golli uzatma amalga oshirishni uddalagan.
Bundan tashqari, Portugaliya terma jamoasi tarkibida Fernandesh bu yil Yevro-2020 chempionatida o‘ynashi mumkin. Mazkur musobaqada uning jamoasi qit’aning eng kuchlilariga qarshi maydonga tushib, 2016 yilgi Yevropa chempionligini munosib himoya qilib ko‘rishadi. Agar, portugaliyaliklar muvaffaqiyatli o‘yin namoyish eta olishsa va Bruno Premer-ligada bo‘lgani kabi turnirda yorqin o‘ynasa, unda Fernandesh Oltin to‘p g‘olibligi uchun ovoz berishda ko‘proq ochko to‘plash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yana bir achinarli holat shuki, Bruno hozirda 26 yoshda va shu paytgacha biror bir musobaqada boshqa yulduzlar kabi muvaffaqiyat qozonmagan. Bu yarim himoyachi bilan shafqatsiz taqdir hazil bo‘lsa kerak...
Romelu LUKAKU
27 yoshli belgiyalik hujumchi "Manchester Yunayted"dan "Inter"ga ketganidan so‘ng, o‘yinida juda rivojlanish bo‘ldi. "Old Trafford"da ko‘plab uchrashuvlarda qatnashgan bo‘lsa-da, juda ham yorqin o‘yinlar ko‘rsatmas edi. Ammo, "Inter"da zo‘r o‘yinlar ko‘rsatayotgan belgiyalik hujumchi, Lautaro Martenes bilan juftlik hosil qilib ajoyib natijalarga erishmoqda. Hozirgi kunda "neradzurrilar" A seriyada 27 uchrashuvdan keyin, 65 ochko to‘plab turnir jadvalida birinchi o‘rinda ketishmoqda. Mazkur natijaga erishishda albatta belgiyalik futbolchining ham yordami juda katta. Shunday ekan, Romeluning faoliyati hozirda "Everton"dagi kabi yuqori darajada.
O‘tgan mavsum Yevropa Ligasida Lukakuning ajoyib o‘yini (6 uchrashuvda 7 ta gol) sabab, "Inter" musobaqaning finaligacha chiqishdi. Joriy yilda Chempionlar Ligasida ham yaxshi o‘yinlar o‘tkazdi. Lukaku Chempionlar Ligasining guruh bosqichida 5ta uchrashuvda maydonga tushib, 4ta gol kiritishni uddalagandi, ammo bu gollar "neradzurrilar"ga guruhdan chiqish uchun yordam bera olmagan. Ehtimol, bu omil Lukaku Oltin to‘pni qo‘lga kiritishida asosiy kamchilik bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ammo, joriy mavsumda Lukaku ham terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida qatnashadi. Agarda, Belgiya bilan ushbu musobaqada g‘olib bo‘ladigan bo‘lsa, Romeluning Oltin to‘pni yutish ko‘rsatkichlari yanada oshishi mumkin.
Yozua KIMMIX
Mazkur futbolchini bu ro‘yxatga kiritganimizga biroz hayron bo‘lgandirsiz. Chunki Kimmix hech qachon Oltin to‘p sohibi bo‘lishni mo‘ljallamagan. Chunki yarim himoyachi hozirda 2018 yilgi mavsumda oltin to‘pni qo‘lga kiritgan, Luka Modrichdan kam harakat qilayotgani yo‘q. Myunxenning "Bavariya"sida o‘ynayotgan Yozua Xans-Diter Flikning ko‘rsatmasi bilan, maydonda katta hajmdagi ishlarni bajaradi, ammo Robert Levandovski yoki Tomas Myullerga qaraganda, uchrashuvlarda kam gol uradi. Ko‘plab mutaxassislarning ta’kidlashicha, Kimmixning ajoyib o‘yinlari o‘tgan mavsumda "Bavariya"ning Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishiga va tez orada tarixiy natijani, ya’ni bir mavsumda 6 sovringa ega chiqishida (Bundesliga, Germaniya Kubogi va Superkubogi , Chempionlar Ligasi, UYEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi JCH) katta yordam bergan.
Boshqa yevropaliklarda bo‘lgani kabi, Kimmixning mavsumdagi natijalari jiddiy ravishda klub muvaffaqiyatiga, balki Germaniya termasining Yevropa chempionatidagi o‘yiniga ham bog‘liq bo‘ladi. Agar, Germaniya milliy terma jamoasi Yevro-2020 musobaqasida g‘olib chiqadigan bo‘lsa, Kimmix ham Oltin to‘p sovrini uchun da’vogarlardan biri bo‘lishi mumkin.
Ilkay GYUNDOGAN
Ushbu mavsumda "Manchester Siti" markaziy hujumchi bilan bog‘liq muammosiga duch keldi. Serxio Aguero jarohatlari bilan kurashgan bo‘lsa, Gabriel Jezus hali ham o‘zining yuqori darajadagi o‘yinini namoyish eta olmayapti. Shuning uchun, gol urish bo‘yicha Gvardiola boshqa futbolchilarni ham sinab ko‘rdi.
Ilkay Gundogan esa ushbu ishonchni ortig‘i bilan bajardi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi chamamizda. Markaziy yarim himoyachi oldingi mavsumlarda APL doirasida hech qachon oltitadan ko‘p gol urmagan edi, ammo Premer-liganing joriy mavsumida 12ta gol urishga erishgan va bu natija Sterling, Mahrez kabi hujumchilarnikidan ko‘proqligini ham aytib o‘tish lozim. Yana bir qiziq ma’lumot, Ilkay Gyundogan ayni paytda "Manchester Siti"ning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.
Kimmixda bo‘lgani kabi, Gyundoganning ham Oltin to‘pni yutish ehtimoli juda kam, chunki Ilkay hozirgi yutuqlari va "Manchester Siti"dagi natijalari unchalik ko‘zga tashlanadigan emas. Biroq, bu holatni ikki omil o‘zgartirishi mumkin. Birinchisi, "shaharliklar"ning Chempionlar Ligasidagi g‘alabasi bo‘lsa, ikkinchisi - Germaniya terma jamoasining Yevro-2020 musobaqasida g‘alaba qozonishi. Ushbu muvaffaqiyatlar Gyundoganning Oltin to‘p yutishida asosiy sabab bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Agar aytaylik, Ilkay ushbu ikkala chempionatda ham g‘olib bo‘ladigan bo‘lsa, zamonamizning eng obro‘li individual kubogiga olib boradigan yo‘lda, unga hech kim qarshilik qila olmaydi.
Erling Holand
Dortmundning "Borussiya" jamoasining norvegiyalik hujumchisi Erling Holand hozirda dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilaridan biri hisoblanadi. 20 yoshli hujumchi aql bovar qilmaydigan natijalarni qayd etmoqda. Xususan, Bundesligadagi bir qator rekordlarni yangiladi, qolaversa transfer bozorida ham narxi baland futbolchilar qatoridan joy oldi. "Asalari"lar bunday o‘yinchini jamoada uzoq vaqt saqlab qolmoqchi emas, sababi Erling uchun hozirda dunyoning eng qudratli jamoalari xaridor bo‘lishmoqda. Holandga ayni paytda "Real", "Barsa" va "Manchester Siti" kabi klublar jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Yuqoridagi ro‘yxatimizdagi barcha o‘yinchilardan farqli o‘laroq, Holand ushbu yozda bo‘ladigan Yevro-2020 musobaqasida qatnasha olmaydi. Sababi, Norvegiya terma jamoasi ushbu musobaqaning final bosqichiga yo‘llanmaga ega chiqa olmagan va shu sababli, Erlingda faqatgina Yevropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish orqali Oltin to‘pga asosiy nomzodlardan biriga aylanishi mumkin. Agar, "sariq-qoralar" ushbu kubokni yutishgan taqdirda, Holand Oltin to‘pning asosiy nomzodiga aylanadi, lekin hozir emas.